O‘zbekiston | 22:00 / 31.07.2018
16047
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda jahon andozalariga mos keluvchi ilk tog‘-chang‘i kurorti ochiladi

O‘zbekistonda birinchi jahon andozalariga mos keluvchi «Amirsoy» tog‘-chang‘i kurorti dekabr oyida ilk mehmonlarni qabul qiladi. Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov KUN.UZ'ga shu haqida ma'lum qildi. 

«Amirsoy» tog‘-chang‘i kurorti Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanidagi 900 ga maydonni egallab, turli murakkablikdagi tog‘-chang‘i qorli trassalari tarmog‘ini yaratishni ko‘zda tutmoqda. Trassalarning umumiy uzunligi 21,3 km bo‘lib, shuningdek 7 osma dor yo‘li (kanat), snoubord parki, sport maktabi va boshqa kurort infratuzilmasi yaratilishi rejalashtirilgan. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 100 million yevrodan ortiqni tashkil qilmoqda.

Joriy yilning dekabr oyida ekspluatatsiyaga topshirilishi rejalashtirilayotgan birinchi bosqich 3 km'dan ortiq ikki osma dor yo‘li, umumiy uzunligi 12,3 km'ga teng 13 tog‘-chang‘i trassasi, ikki sun'iy ko‘l, vertolyot maydoni, sun'iy qor hosil qiluvchi tizimlar, qishki tyubing, 21 tuzilmadan iborat shaharcha, ikki restoran, instruktorlik maktabi, tog‘-chang‘i jihozlari ijara punktlarini o‘z ichiga olgan ko‘p funksiyali markaz va boshqa muhandislik-kommunikatsion inshootlarining qurilishini nazarda tutadi.   

Yuqoridagi maqsadlar uchun 30 million yevroga yaqin mablag‘ yo‘naltirilgan. Tog‘-chang‘i kurorti faoliyati uchun 300 dan ortiq ishchi o‘rinlarini yaratish rejalashtirilgan.

 Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov tog‘-chang‘i kurorti qurilish maydonini ko‘zdan kechirish vaqtida osma dor yo‘llarini yaratish bo‘yicha jahon yetakchisi hisoblangan Avstriyaning Doppelmayer kompaniyasi vakillari kurortning yuqori cho‘qqisigacha cho‘zilgan texnologik yo‘l (2292 m)ni namoyish etishdi. Ikki kanat yo‘lining test sinovlari joriy yilning oktabr oyiga mo‘ljallangan.

Bundan tashqari, bosh vazir o‘rinbosarining qurilish maydoniga tashrifi davomida ekspluatatsiyaga tushirilishi kutilayotgan ilk qurilish bosqichi uchun tezkor yechimlarni talab qiluvchi muammoli masalalar muhokama qilindi.

Mavzuga oid