O‘zbekiston | 22:21 / 01.08.2018
92295
3 daqiqa o‘qiladi

Andijonda test sinovlari: «Uddaburon» abituriyentlar

Bu yil Andijondagi to‘rtta oliy ta'lim muassasasiga 47 ming 760 nafar abituriyent hujjat topshirgan. 1 avgust sanasidan Andijon olimpiya zaxiralari maktab-internati manejida test sinovlari jarayoni boshlandi.

Test sinovlari 12 kun davomida ikki smenada tashkil etilib, bir smenada 2 ming 40 nafardan abituriyent ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.   

 Ilk kunda Andijon Tibbiyot institutining “Davolash ishi” hamda “Farmatsiya ishi” yo‘nalishlariga test sinovlari bo‘lib o‘tdi.

Andijon olimpiya zaxiralari maktab-internatida test sinovlarini o‘tkazish uchun barcha tashkiliy ishlarga mas'uliyat bilan yondashilgan. Jarayonning shaffofligini ta'minlash maqsadida o‘rnatilgan kuzatuv kameralari uzliksiz ishlab turdi va ota-onalar tashqarida o‘rnatilgan katta ekranda test sinovlarini ko‘rib borishdi.

Bugungi bo‘lib o‘tgan jarayon bilan tanishish mobaynida, abituriyentlar tomonidan taqiqlangan adabiyot, “shpargalka” va texnik vositalarni auditoriyaga olib kirishga urinishlarga ham guvoh bo‘ldik.    

Namanganlik abituriyent qiz smartfonni kiyimi ichida olib kirishga uringan bo‘lsa, andijonlik “uddaburon” yigit - judayam jajji, quloqning ichiga o‘rnatiladigan aloqa vositasi (uni “chip” deya atashar ekan) va unga masofa orqali xabar uzatuvchi moslama bilan kuzatuvchilarga “chap berib” binoga kirmoqchi ham bo‘ldi. Biroq ichki ishlar xodimlari mehnati evaziga bilim emas, balki ayyorlik qilib, talaba bo‘lishni o‘ylaganlar niyatiga yetolmadi.

Sinovlarni topshirib chiqqan abituriyent yigit-qizlar hech qanday noxush holatlar kuzatilmaganini aytishdi.      

                                                        Elmurod Ermatov, Andijon
                                                         KUN.UZ muxbiri

Mavzuga oid