Jahon | 23:00 / 01.08.2018
12210
3 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an: «O‘lim jazosini tiklash haqidagi qarorni o‘ylanib o‘tirmasdan imzolayman»

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Hakkari viloyatida sodir etilgan terrorchilik akti natijasida halok bo‘lgan 25 yoshli turk ayoli Nurjon Qoraqoya va uning 11 oylik o‘g‘li Mustafo Bedirxon Qoraqoyaning dafn marosimida ishtirok etish uchun Sivas viloyatiga keldi, deb xabar beradi Anado‘lu agentligi.

Prezident qonli terakt qurbonlariga aylangan marhumlarning oila a'zolariga hamdardlik izhor etdi.

Foto: Anadolu Agency

Dafn marosimi ishtirokchilari oldida chiqish qilar ekan, Turkiya prezidenti o‘lim jazosini qayta tiklashga tayyor ekanligi haqida bayonot bergan

«Agar qaror parlament a'zolari tomonidan tasdiqlansa va menga imzolash uchun jo‘natilsa men o‘ylanib o‘tirmasdan unga imzo chekaman», — dedi Erdo‘g‘an, Kurdiston ishchi partiyasi terrorchilari hali o‘z jinoyatlari uchun javob berishini ta'kidlar ekan.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, terakt natijasida go‘dakning o‘ldirilishi KIP terrorchilarining asl basharasini yana bir bor ko‘rsatib qo‘ygan.

Foto: Anadolu Agency

Terrorchilar tomonidan yo‘l chetiga o‘rnatilgan portlovchi qurilma turk zobiti oilasi ketayotgan mashina o‘tayotgan paytda ishga tushgan. Uning ayoli voqea joyida halok bo‘lgan. Chaqaloqni esa Yuksakova davlat shifoxonasiga olib borishgan, biroq vrachlar uning hayotini saqlab qola olishmagan.

KIP terrorchilari ilk marta 1984 yilda bo‘y ko‘rsatishgan. Keyingi yillarda Turkiyani sarosimaga solish va vaziyatni beqarorlashtirish uchun qonli teraktlar uyushtirib kelishgan. AQSh va Yevropa Ittifoqi KIPni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga qo‘shishgan.

Anqaraning paydo bo‘lgan vaziyatni tartibga solishga bo‘lgan sa'y-harakatlariga qaramasdan, KIP 2015 yildan buyon qurolli hujumlarni yana qaytadan boshlagan. Shu vaqtdan buyon 500 dan ortiq tinch aholi vakillari va 800 dan ziyod xavfsizlik kuchlari xodimlari o‘ldirilgan. Xavfsizlik kuchlarining maxsus operatsiyalari davomida KIPning 10 mingdan ortiq terrorchilari yo‘q qilingan va qo‘lga olingan.

Mavzuga oid