Saudiya Arabistonida O‘zbekistonning turizm salohiyati namoyish etildi: E-VISA, yangi yo‘nalish, milliy taomlar
Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida O‘zbekistonning turizm salohiyati, elektron viza (E-VISA) tizimi hamda Toshkent-Jidda-Toshkent yo‘nalishidagi aviareyslarning yo‘lga qo‘yilishiga doir taqdimot o‘tkazildi. Bu haqida KUN.UZ muxbiri xabar bermoqda.
Tadbirda Saudiya Arabistoni shayxlari, diplomatik korpus vakillari, Turizm assotsiatsiyasi vakillari, Tadbirkorlar palatasi, mahalliy turfirmalar, Ar-Riyoddagi o‘zbek diasporasi qatnashdi.
O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining qo‘llab-quvvatlashi ostida IntouristUzbekistan, RixosTour hamda ShoshContactTravel sayyohlik kompaniyalari tashabbusi bilan o‘tkazilgan taqdimot haqiqiy o‘zbekona ruhda o‘tdi.
"Taqdimotda qator mutafakkirlarimiz Imom Al-Buxoriy, Imom At-Termiziy, Imom Al-Moturidiy va islom ilmining boshqa bir qancha hadisshunos va mutafakkirlari islom ta'limotiga o‘zlarining beqiyos hissalarini qo‘shishganiga alohida e'tibor qaratildi. Bu mutafakkirlarning O‘zbekistonda tug‘ilib, ilm olib yetishib chiqqani va islom hamda hadis ilmini butun dunyoga keng yoygani qayd etildi. Shuningdek Buxoro hamda Samarqand kabi qadimiy shaharlarimizning sayyohlik salohiyati namoyish etildi", - deydi RixosTourism bosh direktori Sherzod Samig‘jonov.
O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi favqulodda va muxtor elchisi Ulug‘bek Maqsudov 15 iyul kuni mamlakatda yo‘lga qo‘yilgan elektron viza va O‘zbekistonga sayyohlarni jalb qilish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma'lumot berdi.
Shuningdek Saudiya Arabistonining turistik firmalari tashkilotchilar tomonidan O‘zbekistonga kirish elektron vizalarini olish tartibi bilan tanishtirildi.
Bundan tashqari, yangi - Toshkent-Jidda-Toshkent yunalishining ochilishi bo‘lib o‘tdi.
"Taqdimot juda yaxshi o‘tdi. O‘zbekistondan Samarqand noni, Toshkent lochirasi, Qo‘qon patiri va boshqa viloyatlarning patir nonlari, tarvuz va qovunlar, palov masalliqlari olib kelindi. Elchi janoblari shaxsan o‘z qo‘llari bilan katta qozonlarda milliy o‘zbek taomlari hisoblangan osh va dimlama tayyorladilar, ularning turmush o‘rtoqlari esa manti, tok oshi, somsa hamda turli shirinliklarni tayyorlab, yig‘ilganlarni mehmon qilishdi. Milliy taomlarimiz saudiyaliklarni lol qoldirdi", - deya qo‘shimcha qildi RixosTourism rahbari.
Jiddada istiqomat qiluvchi asli o‘zbek millatiga mansub bo‘lgan Abu Salmon ham fursatdan foydalanib, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga o‘z munosabatini bildirdi:
"Biz - Saudiya Arabistonidagi o‘zbeklarmiz. Shu yerda tug‘ilib, voyaga yetib, shu yerda yashaymiz. Bugun biz elchi hazratlarining taklifiga binoan taqdimotga tashrif buyurdik. Nihoyatda chiroyli tadbir bo‘ldi. Toshkentdan sayyohlik yo‘nalishi bo‘yicha turfirmalar keldi, ulardan O‘zbekistonda bu yo‘nalishda sayyohlar uchun ko‘plab qulayliklar yaratilayotganini eshitdik. Bundan juda xursandmiz va minnatdorchilik bildiramiz. Ilohim, kundan-kunga faqat yaxshi bo‘laversin. O‘zbekistonimiz - mehmondo‘st. Bugun Saudiya Arabistonida yashovchilarga o‘zbek milliy taomlari ulashildi, O‘zbekistonning go‘zal maskanlari namoyish etildi, bundan juda shodmiz. Qani endi, hozirgi sharoitlar avvaldan bo‘lganda edi! Boshlangan ishlar xayrli va oxiri bilan bo‘lsin, ilohim. Sog‘-salomat bo‘linglar, vatandoshlarim".
Ta'kidlash joizki, yaqin oylarda O‘zbekistonning turistik salohiyati Jidda shahrida ham namoyish etilishi kutilmoqda.
Mavzuga oid
23:32 / 13.11.2024
Florensiya «haddan ziyod turizm»ga qarshi kurash bo‘yicha yangi choralar qabul qildi
08:10 / 12.11.2024
O‘zbekistonga Saudiya kompaniyalarining qariyb 2,5 mlrd dollarlik investitsiyalari jalb etiladi
19:01 / 11.11.2024
O‘zbekiston va Saudiya bosh prokurorlari tergov va axborot almashinuvida hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzoladi
09:25 / 11.11.2024