“Bankrotlik to‘g‘risida”gi qonunni “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonun deb nomlash taklif etildi
“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonunni “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonun deb nomlash haqida petitsiya paydo bo‘ldi.
Qayd etilishicha, bankrotlik sudning hal qiluv qarori bilan bankrot deb topilgan qarzdorning huquqiy holatini anglatadi. Qonun esa qarzdorning bankrot bo‘lishidan oldingi munosabatlarni ham tartibga soladi. Kreditorlar talablarini qanoatlantirishda “bankrotlik” tushunchasiga ustunlik berilishi va uning to‘lovga qobiliyatsizlik bilan bog‘liq barcha munosabatlarga nisbatan tatbiq etilishi maqsadga muvofiq emas. Bu holat, qonunchilikning faqat qarzdorni bankrot qilishga qaratilgan, degan tasavvur uyg‘otadi va qarzdorni sog‘lomlashtirish orqali kreditorlar talablarini qanoatlantirish imkoniyatini pasaytiradi.
“To‘lovga qobiliyatsizlik” tushunchasi qarzdorning kreditorlar talablarini bajara olmaslik holatini bildiradi. To‘lovga qobiliyatsizlik holati ish qo‘zg‘atilishidan oldin paydo bo‘ladi va bu holat qarzdor bankrot deb topilib, davlat ro‘yxatidan chiqarilguncha yoki qarzdorning to‘lov qobiliyati tiklangunicha saqlanib turadi. Kuzatuv, sud sanatsiyasi, tashqi boshqaruv va tugatishga doir ish yuritish taomillari qarzdorning to‘lovga qobiliyatsizligi natijasida qo‘llaniladi, qarzdorning bankrotligi natijasida emas. Bankrot deb topilgan barcha qarzdorlar to‘lovga qobiliyatsiz hisoblansa, to‘lovga qobiliyatsiz qarzdorlarning barchasi ham bankrot deb topilmasligi mumkin, deyiladi murojaatda.
Germaniya qonunchiligiga ko‘ra, “to‘lovga qobiliyatsizlik” atamasiga ustunlik beriladi. “To‘lovga qobiliyatsizlik” atamasi “bankrotlik” tushunchasidan kengroq mazmunga ega bo‘lganligi sababli, qonun nomida, sudda ko‘riladigan ishning nomida, tegishli vakolatli organ nomida “to‘lovga qobiliyatsizlik” so‘zlaridan foydalanish maqsadga muvofiq. Shuni alohida ta'kidlash joizki, ayrim davlatlar (Yaponiya, Koreya, Norvegiya, Finlyandiya, Qozog‘iston) qonunchiligiga ko‘ra, to‘lovga qobiliyatsizlikni bartaraf qilish bo‘yicha sudda ikki xil ish ko‘riladi: bankrotlik to‘g‘risidagi ish va reabilitatsiya to‘g‘risidagi ish. Bu holatda “to‘lovga qobiliyatsizlik” tushunchasiga ustunlik berish talab etilmaydi, chunki bankrotlik va reabilitatsiyani o‘z ichiga oluvchi umumiy tushunchadan foydalanishga ehtiyoj yo‘q.
Germaniya, AQSh, Rossiya, O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq, sudda yagona ish doirasida turli taomillar (masalan, sud sanatsiyasi, tugatishga doir ish yuritish) qo‘llaniladi, maxsus qonunlarning tuzilishi ham shunga mos ravishda ishlab chiqilgan. Ushbu vaziyatda “to‘lovga qobiliyatsizlik” tushunchasidan foydalanish talab etiladi. “Nochor” so‘zi adabiy termin hisoblanib, ko‘proq kambag‘al, bechora kishilarga nisbatan qo‘llaniladi. MDH davlatlari adabiyotlarida qo‘llaniladigan “nesostoyatelnost” so‘zi to‘g‘ridan-to‘g‘ri “nochorlik” deb tarjima qilinmaydi, bu so‘z lug‘atlarda “qarzni to‘lay olmaslik” deb ko‘rsatiladi. “Qarzni to‘lay olmaslik” so‘zlari “to‘lovga qobiliyatsizlik” tushunchasiga yaqinroq. “Nochorlik” so‘zi ham o‘z navbatida rus tiliga “nesostoyatelnost” deb tarjima qilinmaydi, deb yozadi petitsiya muallifi.
““To‘lovga qobiliyatsizlik” atamasi “bankrotlik” tushunchasidan kengroq mazmunga ega bo‘lganligi sababli, qonun nomida, sudda ko‘riladigan ishning nomida, tegishli vakolatli organ nomida “to‘lovga qobiliyatsizlik” so‘zlaridan foydalanish maqsadga muvofiq”, - deyiladi murojaatda.
Mavzuga oid
09:59 / 13.11.2024
Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonun tatbiq etiladigan tashkilotlar ro‘yxati tasdiqlandi
15:01 / 05.11.2024
Nyu-Yorkda piyodalarga yo‘lning istalgan joyidan istalgan vaqtda kesib o‘tishga ruxsat berildi
17:49 / 23.10.2024
Senat yangi tahrirdagi “Davlat sirlari to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi
18:34 / 04.10.2024