O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida, ta'lim sifatini oshirish va tubdan yangilash, turizmni rivojlantirish, investorlarni jalb etish, sud tizimi mustaqilligini ta'minlash va ko‘plab boshqa yo‘nalishlarda katta ishlar qilinmoqda. Ayniqsa, xalqqa mana shu tarixiy jarayonlarda ishtirok etishga, islohotlarga nazariy va amaliy hissa qo‘shishga chet elda men kabi yashayotgan o‘zbekistonliklarga ham imkoniyat berilayotgani juda quvonarli hol.

Shu ma'noda men ham mana shu jarayonga o‘z hissamni qo‘shishga qaror qildim va ushbu maqola orqali dunyoning ilg‘or mamlakatlaridan biri bo‘lgan AQShning 1935 yildan beri amalda qo‘llanib kelinayotgan bir tajribasi haqida o‘rtoqlashishni lozim topdim. 

Gap ijtimoiy muhofaza raqami (social security number) ya'ni, yashovchiga umrbod beriladigan shaxsiy raqam haqida ketmoqda. 

Xo‘sh, ijtimoiy muhofaza raqami (IMR) o‘zi nima va bu tizim foydalanuvchilarga qanday afzallik va sharoit yaratib beradi? 

Misol qilib shaxsan o‘zim 8 yildan buyon AQShda ilm olib, istiqomat qilib kelmoqdaman. Ijtimoiy muhofaza qilish raqamlari AQShda doimiy va vaqtincha yashovchi hamda ishlovchi insonlarga beriladigan 9 raqamdan iborat oddiygina bir karta yoki bir kichik qog‘oz. 

Bu raqam AQSh federal hukumatining mustaqil agentligi bo‘lgan Ijtimoiy ta'minot boshqarmasi tomonidan beriladi. Ijtimoiy ta'minot raqamlarining asosiy maqsadi ijtimoiy xavfsizlikni ta'minlash bo‘lsada, amaliyotda u soliqqa tortish va boshqa maqsadlar uchun haqiqiy milliy identifikatsiya (shaxsni aniqlash) raqamiga aylanib bo‘lgan.  

Aholini ijtimoiy muhofaza qilish raqamini maxsus forma to‘ldirish orqali olish mumkin. Hozirgi kunning o‘zida AQShda 453 milliondan ortiq ijtimoiy muhofaza raqamlari hujjatlashtirilib bo‘lingan.

Bunday IMRning O‘zbekiston sharoitida joriy qilishning afzalliklari nimada va bu bilan qanday muammolarimiz yechim topadi?

Tasavvur qiling, birgina kredit olish uchun bankka bordingiz, kerakli hujjatlarni yig‘ib topshirishingiz uchun sizga bir necha kun va hattoki bir necha hafta kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, kerakli hujjatlar to‘liq topshirilgandan so‘ng bank hujjatlaringizni ko‘rib chiqishi uchun yana bir necha kun kutishingiz kerak. Uzoq kutish, hujjatlarni to‘plashdagi qog‘ozbozliklar hech kimga yoqmaydi va afsuski, kutish tufayli oltindan qimmat vaqtni yo‘qotish xalqimiz uchun oddiy holga aylanib qoldi.