O‘zbekiston | 20:00 / 04.08.2018
26319
3 daqiqa o‘qiladi

4 avgust kuni o‘tkazilgan test sinovlaridan qancha abituriyent chetlashtirilgani ma'lum qilindi

Foto: KUN.UZ

Respublika oliy ta'lim muassasalariga kirish test sinovlarining to‘rtinchi kuni - 4 avgustda o‘tkazildi va to‘liq yakunlandi, deb xabar bermoqda bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov.

Test sinovlarining to‘rtinchi kuni respublikadagi 15ta oliy ta'lim muassasalarida test jarayonlari bir vaqtda 1-smenada 8.00dan boshlanib, 11.30ga qadar va 2-smenada 15:00dan boshlanib, 18:30ga qadar to‘liq yakunlandi.

Test sinovlari o‘tkaziladigan 57ta binoda yong‘in va xavfsizlik choralari ko‘rildi, abituriyentlar uchun barcha auditoriyalarda ichimlik suvi hamda barcha binolarda tibbiyot xodimlarining navbatchiligi tashkil etildi.

Ichki ishlar tizimidan 4 963 shaxsiy tarkib xodimi, 1206ta aloqa vositalari, 694ta metallodetektorlar, 289ta transport vositalari test sinovlari jarayoni xavfsiz o‘tishiga jalb qilindi.

Test sinovlarini o‘tkazishga ta'lim muassasalaridan test sinovlari o‘tkazish tartib-qoidalari va texnologiyasi bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan 2 ming 396 nafar guruh nazoratchilari jalb etildi.

Barcha hududlarda jamoat va yong‘in xavfsizligi, test materiallarining maxfiy va daxlsizligi, binolar faoliyat tizimining uzluksiz ishlashi, tibbiy xizmat va inshootlarni qo‘riqlash to‘liq ta'minlandi.

Test sinovlarida 15ta oliy ta'lim muassasalarining 80 ta ta'lim yo‘nalishida 
56 ming 949 nafar abituriyent ishtirok etdi, turli sabablarga ko‘ra 1221 nafar abituriyent test sinovlariga kelmadi.

Test sinovlari tartib qoidalarini buzganligi sababli 194 nafar abituriyent, shundan 107 nafari hududga kirish joyida uyali telefon, shpargalkalar olib kirishga va o‘zgani o‘rniga kirishga uringanligi uchun, 87 nafari bino ichida shpargalkadan foydalanishga va boshqa abituriyentlarga yordam berishga uringanligi uchun test sinovlaridan chetlashtirildi.

Test natijalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan Feldegerlik xizmati tomonidan maxfiyligi va daxlsizligini ta'minlagan holda Davlat test markaziga 18.30dan qaytarish boshlandi. So‘nggi materiallar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida kechasi 1:00da yetib keladi.

Yetib kelgan test natijalari bo‘yicha darhol kompyuter yordamida qayta ishlash jarayoni boshlanadi.

Davlat test markazining xodimlari tashqariga chiqmasdan, telefon va boshqa aloqa vositalaridan foydalanmagan hamda test materiallarining maxfiyligini ta'minlagan holda test materiallarini qayta ishlaydi.

4 avgust test natijalari 5 avgust kuni kunning ikkinchi yarmida Davlat test markazining dtm.uz saytida e'lon qilinadi.

Mavzuga oid