Jahon | 19:59 / 07.08.2018
21756
3 daqiqa o‘qiladi

Nima uchun Saudiya Arabistoni va Kanada munosabatlarida  taranglik kuzatilmoqda?

Foto: AP

Saudiya Arabistoni va Kanada mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarda taranglik kuzatilmoqda. Saudiya Kanadadagi elchisini ortga qaytarishi hamda Ottava bilan barcha yangi savdo va investitsion tranzaksiyalarni muzlatishi haqida e'lon qildi. Bunga Kanadaning Saudiyada qo‘lga olingan huquq himoyachilarini darhol ozod qilishga doir talabi sabab bo‘ldi. 

Kanada tashqi ishlar vaziri Xristya Friland huquq himoyachisi Samar Badaviy (bloger Raif Badaviyning singlisi)ning Saudiya Arabistonida hibsga olinganiga oid xabardan "juda xavotirda" ekanini ma'lum qilib, ikkisini ham ozod qilishga chaqirdi. 

"Saudiya Arabistoni liberal tarmog‘i" internet sayti asoschisi Raif Badaviy 2012 yilda qirollik ma'naviy va diniy politsiyasi vakillarini tanqid qilgani uchun qo‘lga olingan. U shuningdek islomni haqorat qilish, kiberjinoyatlar va otasiga bo‘ysunmaslikda ayblangan (Bu Saudiyada jinoyat hisoblanadi). Badaviy 10 yillik qamoq jazosini o‘tamoqda.

Kanadalik diplomatlarning bayonotlaridan keyin Saudiya Arabistoni TIV Ottavadagi elchisini ortga qaytardi, shu bilan birga, Kanadaning Ar-Riyoddagi elchisiga mamlakatni tark etish uchun 24 soat vaqt berib, uni non-grant personasi deya e'lon qildi. 

Bundan tashqari, Saudiya Kanada bilan hamkorlikdagi barcha ta'lim dasturlarini to‘xtatish va Kanada universitetlarida tahsil olayotgan saudiyaliklarni boshqa mamlakatlarga ko‘chirishi haqida ma'lum qildi. Shuningdek Saudiya Arabistoni barcha yangi savdo va sarmoyaviy aloqalarni muzlatishini bildirgan. 

Saudiya Arabistoni TIV bayonotiga ko‘ra, Kanadaning faollarni qo‘lga olishga doir pozitsiyasi "noto‘g‘ri  ma'lumotlar"ga asoslangan. Shuningdek, Saudiya tashqi ishlar vaziri o‘zining boshqa mamlakatlar ichki ishlariga aralashmasligini ta'kidlagan holda, mamlakatdagi ishlarga tashqi aralashuvga yo‘l qo‘ymasligini qayd etgan. 

Kanada TIV Ottavadagi elchining ortga qaytarilishidan tashvishda ekanini bildirib, Ar-Riyoddan bunga izoh so‘ramoqda. Mamlakat TIV rahbari Ottava inson huquqlari uchun kurashishda davom etishini ta'kidlamoqda. Shu bilan birga, u Kanadaning Ar-Riyoddagi elchixonasi ochiqligicha qolishi va konsullik xizmatlari avvalgi rejimda taqdim etilishini qo‘shimcha qildi. 

Fors ko‘rfazining ba'zi mamlakatlari, jumladan Birlashgan Arab Amirliklari va Baxrayn Ar-Riyodning xatti-harakatlarini qo‘llab-quvvatlamoqda. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid