Jamiyat | 17:12 / 07.08.2018
46724
7 daqiqa o‘qiladi

Samarqanddagi “Titanik” fojiasi. Ayol nega qo‘shnisini o‘ldirdi?

Illyustrativ foto/CrimYakutia

"Titanik" filmidagi muhabbat qissasining quyida biz tasvirlamoqchi bo‘lgan voqeaga daxli yo‘q. Ammo ushbu "Titanik"ka aysh-ishrat istab kelganlar bir paytlar juda ko‘p bo‘lgan. Shuning uchun Kimyogarlar shaharchasida bu uy salbiy taassurotlar bilan xotirlanadi. Hatto hozirga qadar bu xotirani saqlayotganlar, umuman, ushbu uy haqida haliyam eski tasavvurda yurganlar ko‘p, deb yozadi Zarnews.

Darvoqe, "Titanik" deganimiz Kimyogarlar shaharchasidagi besh qavatli, 11-A uy. Shu atrofdagi eng uzun va ko‘rinishi ham kemadagi palubalarni eslatgani uchun aholi orasida "Titanik" deb nom olgan.

Sobiq sovet ittifoqi davrida zavod ishchilari oilalari vaqtincha yashashi uchun, maydoni jihatidan ham, joylashish uslubi tomonidan ham biroz noo‘ng‘ay qurilgan bir va ikki xonali xonadonlar unchalik qimmat emas, shuningdek, ijaraga beriladigan narxi ham hamyonbop. Shuning uchun hayotidan, oilasidan qiynalib, shu yerda joylashayotganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Bu holatning o‘zi ham uy egalarining doim o‘zgarib turishi va ular bilan ish olib borish murakkabligini anglatmoqda.

Ammo "Titanik"ka borganimizda ahvol bir qaraganda ko‘pchilik tasvirlaganday qo‘rqinchli emasligini kuzatdik. Toza-ozoda uy, hatto atrofida bolalar maydonchalari bor. Eng muhimi, uyning yonida hudud profilaktika inspektorining uyi joylashgan.

– Bundan o‘n yillar avval bu uyda turish jahannamda yashash bilan barobar edi, – deya o‘sha yillarni xotirlaydi shu uyda istiqomat qiluvchi Farog‘at To‘xtamurodova. – Eshigimizni qulflab kirib, qulflab chiqardik. Kechalari har kuni janjal, baqir-chaqir, yana nimadir sodir bo‘ldimikan, deya yurak hovuchlab turardik. Keyingi yillarda bu hududga alohida e'tibor qaratiladigan bo‘ldi. Faqat yaqinda "dom"imizda yashaydigan bir ayol tomonidan sodir etilgan jinoyat hammamizni larzaga soldi. Lekin to‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, bu ayol anchadan buyon tinchimizning buzilishiga sabab bo‘layotgandi.

Bu fikrni ko‘pchilik qo‘ni-qo‘shnilar tasdiqlashdi, faqat aksariyati "Ismimizni oshkor qilmay qo‘ya qoling", degan shart bilan. Darvoqe, 40 yoshli Salima (ism o‘zgartirilgan) haqiqatan juda ko‘pchilikning chin ma'noda tinchini buzdi: shu yilning aprel oyida mast holatda qo‘shnisi, erkak kishini pichoqlab o‘ldirib qo‘ydi.

Salima bu uyda besh yildan buyon istiqomat qilardi. Ikki nafar farzandning onasi, shar'iy nikohdagi turmush o‘rtog‘i bilan bir oila bo‘lib yashab kelgan. Ammo spirtli ichimlikka ruju qo‘ygani uchun uyida, qo‘ni-qo‘shnilari aytganiday, tez-tez janjal yuzaga kelib turgan. Qotillik yuz bergan kuni esa ayol dugonasi bilan zahri qotilning bir-ikki shishasining "boshini yegan". Qah-qaha, baqir-chaqirdan so‘ng qo‘shnilardan biri chiqib, ularni tartibga chaqiradi. "Kechasi tinchlik bormi?", deya qattiqroq gapiradi. Afsuski, odamni sherga aylantirib, ruhiyatini o‘ldiradigan ichimlik ta'siri tufayli ayol undanam balandroq ovozda erkak kishiga xezlana boshlaydi. Erkak profilaktika inspektorining uyiga boraman deyayotgan payti ko‘ksiga pichoq sanchiladi…

– Har kuni hududimizdan og‘zaki, yozma ravishda o‘ntacha murojaat bo‘ladi, – deydi hudud profilaktika inspektori Bobur Rajabov. – Uyim ham shu yerda joylashgani tufayli kechayu kunduz kichik janjallar bo‘yicha ma'lumotlar darhol yetib keladi. Bir kun davomida uch-to‘rttagacha mojarolarni hal qilyapmiz. O‘sha bitta domning o‘zi bir mahallaning yukiga tatiydigan darajada mojaroli hisoblanadi. Sababi, kelib-ketuvchilar ko‘p. Haligacha yashirin ravishda fohisha saqlovchilar bor. Ularning biri yaqinda ushlandi.

Qotillik yuz bergan xonadondagi ayol, uning oilasida mahallasi, faollar ishtirokida doim tushuntirish ishlari olib borilgan. Natijada Salima keyingi oylarda spirtli ichimlik ichishni tashlagan, bir ayolga qarovchi sifatida ish boshlab, ijobiy tomonga o‘zgara boshlagandi. Afsuski, kutilmaganda shu holat ro‘y berdi.

Shu yil hisobida mahallada ikkita qotillik ro‘y berdi. Yana biri oilaviy kelishmovchilik bo‘yicha. Ikkinchisida erkak kishi ajrashgan, ammo birga istiqomat qilayotgan rafiqasini pichoqlab qo‘ygan. Bu bo‘yicha o‘rganishlar olib borilmoqda.

– Mahallamizga qarashli 18 ta ko‘p qavatli uyda yashovchi oilalarning holidan boxabar bo‘lib turishga harakat qilyapmiz, – deydi Shukrona mahallasining xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma'naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassisi Hamroxon Azimova. – Hozirgacha mahallamizda yettita notinch oila ro‘yxatga olingan. Ko‘pchilik mojaroli deb qaraydigan "Titanik" deb nomlangan uy aholisi bilan doim uchrashib turamiz. Hozir ham u yerdagi ishsiz xotin-qizlarga shahardagi "Daka" tikuvchilik korxonasiga ishga joylashishi uchun imkon borligini aytib kelyapman.

Aholi bilan suhbatlasharkanmiz, bu hududda muammolarni hal qilish uchun shahar, viloyat tashkilotlarining e'tibori lozimligini his qildik. Xususan, ikki-uch joyda spirtli ichimliklar sotilayotgan ekan. Shu yerda yashovchi aholi bu do‘konlar kechki soat to‘qqizdan keyin ishlamasligi tarafdori. Umuman, bu yerda spirtli ichimliklar sotuvi qonuniyligini mas'ullar tekshirib ko‘rishi lozim, nazarimizda. "Titanik"da yashovchi bir ayol esa "Bizning "dom"ga qattiqqo‘l bir ayollardan ham profilaktika inspektori bo‘lsa yaxshi bo‘lardi. Axir 100 xonadonli uyning 70 foizi yolg‘iz, muammosi bor ayollar", deydi.

Bu takliflarga mutasaddilar nima deydi, bilmaymiz-u, ammo bitta mahallada shu yilning o‘zida ro‘y bergan ikkita qotillik bo‘yicha ichki ishlar boshqarmasidan tashqari birorta jamoat tashkiloti kelib, voqealarni chuqur o‘rganmagan ekan.

Gulruh Mo‘minova

Mavzuga oid