O‘zbekiston | 19:37 / 07.08.2018
48869
3 daqiqa o‘qiladi

Senator: «Shahrisabz voqeasi bizni ko‘p narsaga o‘rgatdi​»​ 

Foto: Xalqaro press-klub

​Qoraqalpog‘iston Respublikasi Quyi Amudaryo davlat biosfera qo‘riqxonasini YuNeSKOning Biosfera qo‘riqxonalarining Butunjahon tarmog‘i ro‘yxatiga kiritish masalasi bo‘yicha tashkilotning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda aloqador vazirlik va idoralar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Bu haqda Senat qo‘mita raisi Alisher Kurmanov xabar berdi.

«Biz ushbu masalada YuNeSKO bilan ishni endi boshladik. Bitta savolga javob berolmaymanki, qanchalik masala murakkab kechadi, qancha vaqt oladi, buni ish davomida bilamiz. Gap shundaki, ular haftasiga 5 kun, kuniga 8 soat ishlaydi, biz iloji boricha natijaga ertaroq erishishni istaymiz. YuNeSKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bizga bergan ma'lumotga ko‘ra, tashkilot mutaxassislari Qoraqalpog‘istondagi rezervatni ko‘zdan kechirgan», deydi Kurmanov. 

Senat qo‘mitasi raisi Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatining YuNeSKO maxsus ro‘yxatiga kiritilishi haqida gapira turib, Shahrisabzdagi holatga ham munosabat bildirdi. 

«Shahrisabz voqeasi bizni ko‘p narsaga o‘rgatdi. Menimcha, bu hammaga katta dars bo‘ldi. Bunday nufuzli tashkilotlar bilan ishlash kerak. Men YuNeSKO bilan yaqin 2-3 oy ichida hamkorligimiz yangi bosqichga ko‘tarilishini kutib qolaman», deydi u.

Shu yilning iyun oyida YuNeSKO umumjahon madaniy meroslar komissiyasi Shahrisabz tarixiy markazini ro‘yxatdan chiqarish masalasini ko‘rib chiqqandi. Ma'lum bo‘lishicha, O‘zbekistonga yana bir yil davomida turli komissiyalar tashrif buyurib, vaziyatni nazorat qiladi. Shahrisabz tarixiy markazini YuNeSKO jahon meroslari ro‘yxatida qoldirish nuqtai nazaridan ishlar davom ettiriladi. ​​

Ma'lumot uchun, Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati Amudaryo deltasidagi to‘qaylarning biologik xilma-xilligini saqlashni, tabiatdan barqaror foydalanishni va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni, madaniy boyliklarni muhofaza qilishni ta'minlashga mo‘ljallangan yer usti va suv ekologik tizimlarini o‘z ichiga oladigan, muhofaza qilinadigan tabiiy hudud hisoblanadi.

Mavzuga oid