Sport | 21:52 / 09.08.2018
9483
2 daqiqa o‘qiladi

Superligada iyul oyining eng yaxshi futbolchisi aniqlandi

O‘zbekiston Professional futbol ligasi «Lokomotiv» hujumchisi Marat Bikmayevni iyul oyining eng yaxshi futbolchisi deb e'lon qildi.

Ovoz berish natijalariga ko‘ra, 6 o‘yinda 5 gol va 2 golli uzatma muallifiga aylangan Marat Bikmayev 1-o‘rinni band etdi. Ushbu futbolchi Superliga klublari va murabbiylari tomonidan eng ko‘p ovoz berilgan nomzodga aylandi. Muxlislar so‘rovnomasida esa Bikmayev uchinchi bo‘ldi. Umumiy ballar sarhisobiga ko‘ra esa baribir Bikmayevga yetadigan raqobatchi topilmadi.

Foto: Ma'ruf Asqarov / TRIBUNA.UZ

Ikkinchi pog‘ona esa Tiago Bezerraga nasib etdi. Bezerra muxlislar o‘rtasidagi ovoz berishda g‘olib bo‘ldi. Lekin murabbiylar va sardorlarning aksariyati bu futbolchini 2-o‘ringa loyiq topishdi. 3-o‘rindan esa Javlon Ibrohimov joy oldi.

Yakunda “Lokomotiv” hujumchisi Marat Bikmayev 49 ochko bilan eng ko‘p ovoz yig‘di. Superliga murabbiylari va sardorlaridan 12 nafari Bikmayevni 1-o‘ringa loyiq topishdi. Muxlislar o‘rtasidagi so‘rovnomada eng ko‘p ovoz olgan Tiago Bezerra esa yakunda jami 34 ochko jamg‘ardi. Uchinchi pog‘onani 24 ochko bilan Javlon Ibrohimov band etdi.

Muxlislar o‘rtasidagi so‘rovnomada qo‘qonlik ishqibozlar ancha dadillik ko‘rsatishdi. Zero himoyachi bo‘lishiga qaramay 11 metrli nuqtadan adashmay zarbalar yo‘llayotgan Murod Xolmuhammedov ishqibozlar o‘rtasidagi so‘rovnomada 2-o‘rinni egalladi va qo‘shimcha 4 ochkoga ega bo‘ldi. Biroq bu unga yakuniy jadvalda 3-o‘rinni egallash uchun yetarli bo‘lmadi.

Mavzuga oid