O‘zbekiston | 19:15 / 10.08.2018
44671
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda xususiy OTMlar soni ko‘paymoqda

O‘zbekistonda yangi nodavlat oliy ta'lim muassasi — Toshkent shahridagi Yoju texnika instituti faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Qayd etish joiz, hozirga qadar Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti yagona xususiy OTM bo‘lib qolayotgandi.

Foto: Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

Yoju texnika instituti ma'muriyatining Kun.uz`ga ma'lum qilishicha, mazkur OTM Koreya Respublikasining Yoju texnologiyalar universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo‘lib, prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil  22–25 noyabr kunlari Koreya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi chog‘ida uning ochilishiga birinchi qadam qo‘yilgan. O‘shanda ikki davlat vakillari tomonidan bu bo‘yicha memorandum imzolangandi.

Joriy yilning iyul oyida esa Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining litsenziyalash komissiyasi tomonidan Toshkent shahridagi Yoju texnika institutiga quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha bakalavrlar tayyorlash uchun litsenziya taqdim etildi:

- arxitektura va shaharsozlik;
- qurilish;
- muqobil energiya;
- biznesni boshqarish;
- turizm.

Ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha qabul jarayoni 1 avgustdan boshlangan bo‘lib, hujjatlar 31 avgustga qadar qabul qilinadi. Kirish imtihonlari 7-8 sentabr kunlari o‘tkazilishi belgilangan.

Foto: Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

Qayd etish o‘rinliki, rivojlangan mamlakatlar, jumladan, AQSh, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Germaniya, Janubiy Koreyaning ta'lim tizimida nodavlat oliy ta'lim muassasalari muhim o‘rin tutadi. Ta'lim tizimiga baho beruvchi jahon reytinglarida ham, dunyoda tan olingan oliy ta'lim muassasalari qatorida ham nodavlat oliy ta'lim muassasalari eng yuqori o‘rinlarda turadi.

Foto: Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

Mavzuga oid