Dunyoning eng g‘aroyib va xavfli aeroportlari
Ba'zilar uchun uchish juda qo‘rqinchli tuyuladi. Ulkan mashinaning yerdan ko‘tarilishi va havoda harakatlanishini tasavvur qilishning o‘zi kishini xavotirga soladi. Biroq shunday aeroportlar borki, samolyotga chiqmasingizdan ancha oldin yuragingizga g‘ulg‘ula soladi. Ana shunday aeroportlar bilan tanishing.
Yangi Zelandiya. Vellington xalqaro aeroporti
Vellington aeroportining uchish-qo‘nish qismi shaffof-moviy suv bilan boshlanadigan va tugaydigan kichkina quruqlik qismidan iborat. Samolyotni chiziq chegarasidan chiqmasdan qo‘ndirish naqadar mushkul ekanini tasavvur qilish mumkin. Uchuvchi va yo‘lovchilar uchun xavfli ekaniga qaramay aeroport uchun juda chiroyli manzaraga ega joy tanlangan.
Hindiston. Agatti, Lakshadvip
Agattida ishlaydigan uchuvchilar uchun ham uchish qurilmasini boshqarishda murakkablik va xavf mavjud. Aerodromning uzunligi qisqa, kengligi esa shu qadar torki, faqat eng «zo‘r» uchuvchigina uchish-qo‘nishni eplashi mumkin. Hind okeani bilan o‘rab olingan chiziqqa qarab, u dengizda to‘satdan yo‘qolib qolgandek tuyuladi. Uchish-qo‘nish chizig‘ini qayta qurish bo‘yicha takliflar bo‘lgan, biroq u hali ham Lakshadvipga olib boradigan yagona imkoniyat sifatida faoliyat yurityapti.
Grenlandiya. Narsarsuak
Bu dunyoning eng chekkada joylashgan aeroportlardan biridir. Uni ajoyib landshaft o‘rab turadi. Biroq uchuvchilar uchun ko‘plab muammolar yuzaga keladi. Bu yerda eng sokin kunlarda ham girdobli harakat kuzatiladi va samolyotlar qo‘nishiga to‘sqinlik qiladi.
Yaponiya. Kansay
Yapon muhandislari tomonidan sun'iy orollar yaratilgan, ulardan biri – Kansay. Aerodrom maydoni yetarli darajada katta va yapon quruvchilarning sifatli ishidan shubhalanmasa ham bo‘ladi. Biroq bu yerda tez-tez yer silkinishlari yuz beradi, kuchli siklonlar bo‘ladi. Dengiz tubi barqaror emas. Shuning uchun muhandislikning bu durdonasida ham uchuvchilar uchun jiddiy qiyinchiliklar bor. Mazkur omillar joyni eng xavfli aeroportlardan biriga aylantiradi.
Butan. Paro
Aytishlaricha, Paro shahri reysi yo‘lovchilari qo‘nish dahshatini yengish uchun bir talay dori ichishar ekan. Qayd etish kerakki, aeroport qoyali tog‘lar bilan o‘rab olingan va juda qisqa uchish-qo‘nish chizig‘iga ega. Bu yerda samolyotlarni boshqarish uchun dunyodagi 8 uchuvchigagina ruxsat berilgan.
Shotlandiya. Barra
Barradagi aerodrom juda o‘zgacha. Chunki u yerda normal uchish-qo‘nish chizig‘i o‘rniga plyajdan foydalaniladi. Bari oddiy: bir necha belgilar qo‘yilgan – qo‘navering.
Yangi Zelandiya. Gibsborn
Gibsborn samolyotlar (aniqrog‘i uchuvchilar) uchun g‘aroyib joylardan biri sanaladi. Uchish chizig‘i o‘rtasidan odatiy temir yo‘l o‘tadi. Dispetcherlar uchishlarni poyezdlar harakati jadvaliga muvofiq tarzda boshqarishiga to‘g‘ri keladi.
Mavzuga oid
10:51
Toshkent aeroportida eshitish qobiliyati cheklangan shaxslar ish boshladi
19:02 / 21.11.2024
Farg‘ona aeroportida havo kemalarini qabul qilishga vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi
17:53 / 20.11.2024
Toshkent xalqaro aeroportida uchib kelish zalini rekonstruksiya qilish boshlandi
20:03 / 18.11.2024