Jamiyat | 20:27 / 14.08.2018
9752
2 daqiqa o‘qiladi

Ehson obro‘ uchun qilinadimi?

Toshkent shahrining Yunusobod tumanida Shayx Shibliy mahallasi bor. Shu ko‘chadan o‘tganda shu ulug‘ insonni yodga olmoq ko‘ngillardagi ezgu fazilatlarning ulg‘ayishiga sabab bo‘lsa ajab emas.

Abubakr Shibliy (859-946) o‘z davrining ko‘zga ko‘ringan ulamolaridan bo‘lgan. Uning suhbati, hatto uni bir ko‘rish ham zamondoshlarining orzusi bo‘lgan ekan. Allomaning Xudoni yurakka jo etib, halol mehnat bilan shug‘ullanish, ta'lim-tarbiya haqidagi fikr-xulosalari, ba'zi hikoyat va rivoyatlari, pand-nasihatlari hanuzgacha xalqimiz orasida barhayot.

Rivoyatlarga ko‘ra, Shayx Shibliy darvesh libosida bozorga kelib, nonvoydan Xudo yo‘liga bir non so‘rabdilar. Nonvoy esa, «Qaysi biringga beray, bor, yo‘lingdan qolma», deb u kishini ranjitibdi. Ikkinchi nonvoy esa sherigiga «Shayx Shibliyni ko‘rish istaging yolg‘on ekan-da?» debdi. Qilmishidan pushaymon nonvoy Shayxni darhol topib, bu gunohini yuvish uchun xaloyiqqa «xudoyi» deb osh beribdi. Shayx Shibliy ham ziyofatga tashrif buyurib, to‘rda o‘tirgan ekanlar. Ma'raka oxirida jamoadagilardan biri Shayxdan nonvoy haqida bir duoi xayr qilishini so‘rabdi. Shunda Shayx Shibliy: «Bu nonvoyga duoning xojati yo‘q. Zero, u Xudo yo‘liga bir nonni ravo ko‘rmadi, Shibliy uchun esa shuncha ziyofat berdi», degan ekan.

Xulosa shuki, xayr-ehson, yaxshilik kim uchundir emas, o‘zi uchun ham emas, Alloh yo‘liga qilinishi kerak.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid