Jahon | 13:26 / 15.08.2018
28674
7 daqiqa o‘qiladi

Cho‘kayotgan Jakarta: Indoneziya poytaxtini cho‘kib ketishdan saqlashning imkoni bormi

13 avgust kuni Bi-Bi-Si tadqiqotchilar xulosasiga tayanib, 2050 yilga kelib Indoneziya poytaxtining 95%i suvga g‘arq bo‘lishini xabar qildi. Jakarta yiliga 1-15 santimetrga suvga cho‘kmoqda va agar bunga qarshi chora ko‘rilmasa, shaharni saqlab qolish uchun kech bo‘ladi.

Foto: The Guardian

Mutaxassislarning aytishlaricha, poytaxtni qutqarishning yagona yo‘li bir necha milliard dollarlik ulkan devor qurish va hudud yeridagi suvni tortib olishdir. Ammo bu loyiha mamlakat uchun o‘ta qimmatga tushadi.

Cho‘qish miqyosi

Jakartaga 1527 yilda golland mustamlakachilari asos solishgan va shahar o‘shandan buyon mamlakatning Yaqin Sharq, Yevropa hamda Osiyo madaniyatlarini o‘zida mujassam etgan, oziq-ovqat, kimyo, elektronika va metallni qayta ishlash sanoatlari sohasidagi yirik shahriga aylandi. 

Mamlakatning 260 million aholisidan qariyb o‘n millioni Jakartada istiqomat qiladi.  

Foto: REUTERS

Mamlakat va poytaxtning iqtisodiy holati barchani xursand qilayotgan bo‘lsa-da, ekologik tomondan vaziyat yomonlashib bormoqda – Jakarta suv ostiga g‘arq bo‘lmoqda. Yava dengizi yaqinida bunyod etilgan shahar ichidan o‘ndan ortiq daryo oqib o‘tadi. 
«2050 yilga kelib Shimoliy Jakartaning 95%i suvga cho‘kib ketishi mumkin», — dedi Bi-Bi-Si bilan suhbatda 20 yil vaqtini Indoneziya poytaxti tuprog‘ini o‘rganishga bag‘ishlagan Xeri Andreas. 

Keyingi o‘n yil ichida shaharning shimoliy qismi suv ostiga 2,5 metrga cho‘kdi va ayrim joylarda yiliga 25 santimetrdan cho‘kishda davom etmoqda. Suv poytaxtni yiliga 1-15 santimetrdan «ishg‘ol etmoqda». Bir paytlar shaharning shimoliy qismidagi inshootning pastki qavatida baliqchilik kompaniyasi joylashgandi, hozirda esa suv bosgani uchun kompaniya yopildi.  

Foto: BBC

Dengiz yaqinida joylagan villa egasi Fortuna Sofyaning aytishicha, shahar cho‘kishi oqibatida har olti oyda uy devorlarida yangi yoriqlar paydo bo‘lmoqda.  

Jakarta g‘arbi yiliga 15 santimetrdan cho‘kmoqda. Shaharning sharqiy, markaziy va janubiy qismlari esa mos ravishda o‘n, ikki va bir santimetrga suvga g‘arq bo‘lmoqda.

Shahar cho‘kishiga nima sabab bo‘lmoqda

Shahar cho‘kishining sabablaridan biri kundalik iste'mol, yuvinish va idish yuvish ehtiyojlari uchun yer ostidan suv tortib olinishidir. Shaharning aksariyat qismida suv yetkazib berish tizimi yo‘qligi bois odamlar yerosti suvlarini tortib olishga majbur. Yerosti suvlari tortib olinishi natijasida uning ustidagi tuproq qatlami cho‘kadi. Umumiy hisobda poytaxtning 60%ga yaqin aholisi muntazam ravishda yerosti suvlaridan foydalanadi.

Foto: BBC

Bi-Bi-Sining yozishicha, hukumatning bunga nisbatan befarqligi vaziyatni yanada chigallashtirmoqda. Suv tortib olish bilan oddiy fuqarolardan tortib yirik savdo markazlarigacha istagan kishi shug‘ullanishi mumkin. Buning uchun kerakli uskunasi bo‘lsa kifoya. «Hukumatdan yordam kutgandan ko‘ra yerosti suvlaridan foydalangan yaxshi. Suvga bo‘lgan ehtiyojimiz yuqori», — deydi yirik umumiy yotoqxona egasi Xendri. 

Hukumat may oyida Jakartaning markaziy tumanida tekshiruv o‘tkazdi. Ma'lum bo‘lishicha, ushbu hududdagi 80ta binodan 56tasi suvni yer ostidan tortib oladi, bunda 33ta bino egasi suv tortish bilan qoidalarni chetlab o‘tgan holda shug‘ullanadi.  
Jakarta gubernatori Anis Basvedanning aytishicha, suv tortish bilan shug‘ullanadiganlarda qancha miqdorda yerosti suvi tortib olinganini aniqlash imkonini beruvchi litsenziya bo‘lishi lozim. Bunday litsenziyasi bo‘lmaganlardan binoning sifat sertifikati olib qo‘yiladi. Ammo bu g‘oya qanchalik samarali bo‘ladi, hozircha noma'lum.

Shaharni qutqarish bahosi

«Biz 1981 yildan beri shu yerda yashaymiz, ammo bu yerda yana qancha vaqt qolishimizni bilmayman. Suv yildan-yilga ko‘tarilyapti», — deydi Jakarta shimolida yashovchi 60 yoshli Sukizix. Uning uyi joylashgan hudud 1970 yildan buyon to‘rt metrga pasaygan.  
1960-yillarda Tokio shahri ham ana shunday muammoga duch kelgan. Uni bartaraf etish uchun hukumat chuqurlik drenajidan foydalangan – yerosti suvlarini pasaytirish va suvni quritilayotgan yerdan qochrish uchun kanallar qazilgan. Shundan so‘ng yer cho‘kishi to‘xtagan.

Ammo bu usulni qo‘llash uchun Jakartaga chuchuk suv manbai kerak bo‘ladi. Uzoq yillar Indoneziya poytaxtida bo‘lgan golland gidrologi Yan Yaap Brinkman 2016 yilda shimoliy Jakartani qutqarish uchun ikki yil vaqt kolganini yozgandi. Buning ustiga, 2007 yilgi suv toshqiniga qadar mutaxassislar Jakartaning cho‘kishini batafsil o‘rganishmagan. O‘shandan buyon o‘n yildan ortiq vaqt o‘tdi, ammo muammoni hal qilish yo‘li topilmadi.

The Guardian nashri 2016 yilda shaharni qutqarish yo‘llaridan biri «Jakartaning ulkan dengiz devori» loyihasi ekanligini yozgandi. Buning uchun shahar chetida ulkan devor, suv omborlari quriladi va yerosti suvlari qochiriladi. Indoneziya hukumati gollandiyalik mutaxassislar bilan 2014 yilda ushbu loyiha ustida ish boshlagan va 2025 yilda ishlarni tugatishni rejalashtirishgan. «Ulkan devor» uchun jami 40 milliard dollarga yaqin pul sarflanadi. 

Indoneziyalik olimlar, ekologlar va mahalliy aholi bu loyiha nafaqat atrof-muhitga zarar yetkazishini, balki ijtimoiy halokat keltirib chiqarishini ta'kidlashmoqda. Loyiha boshlanganidan keyin ko‘plab baliqchilik qishloqlari buzib tashlandi, aholi esa shaharning boshqa qismiga ko‘chirildi.

Aholining fikricha, loyiha yakuniga yetganidan so‘ng yangi hududda qimmatbaho apartamentlar quriladi, biroq ularni faqatgina boylar va chet elliklargina sotib olishlari mumkin bo‘ladi. Qurilish sababli uylaridan ajralgan baliqchilar oilalarining esa bunday hashamatli uylarda yashashga qurblari yetmaydi. Reuters agentligining ma'lumotiga ko‘ra, loyiha Jakartadagi kamida 25 ming baliqchining hayotiga salbiy ta'sir qilgan.

Mutaxassislarning tanqidlariga qaramasdan, qurilish davom etmoqda. Cho‘kayotgan shaharni qutqarish uchun hukumat ixtiyorida «devor» qurishdan boshqa iloj yo‘q. Tokio universiteti va Tokio texnologiya universiteti tadqiqotchilarining 2017 yil boshida bergan xulosalariga ko‘ra, agarda ushbu qurilish biror sabab bilan to‘xtab qolgudek bo‘lsa, Jakarta markazi oxir-oqibat suv ostiga g‘arq bo‘ladi.

Mavzuga oid