Indoneziya hukumati mamlakatning tirbandliklar va aholi soni ortib ketishidan aziyat chekayotgan poytaxti Jakartani Borneo orollariga ko‘chirishni rejalashtirmoqda. Aniq joy va muddat hali ma'lum qilinmadi, ammo prezident Joko Vidodo bu haqda parlamentning avgust oyidagi sessiyasida rasman e'lon qilib bo‘ldi.

Ko‘chirishning sabablari aniq. Jakarta sekin-asta cho‘kib bormoqda — yiliga o‘rtacha 1 santimetrdan 15 santimetrgacha. Olimlarning baholashiga ko‘ra esa hozirgi poytaxt 2050 yilga borib to‘liq suv ostida qolishi mumkin. Shaharning yarmi amalda allaqachon dengiz sathidan pastlagan, chunki Jakarta botqoq yerda joylashgan, uni Yava dengizi yuvib turadi va shahar ichidan 13 daryo oqib o‘tgan.

Bundan tashqari, Jakartada dahshatli tirbandliklar kuzatiladi - 2016 yilda o‘tkazilgan izlanishlar natijasiga ko‘ra, dunyodagi eng yomon tirbandliklar. Aglomeratsiyada 30 millionga yaqin kishi istiqomat qilmoqda va oqova suvning atigi 2-4 foizi tozalanadi.

Aholi sonining ortishi Jakartaning bosh muammolaridan biridir / GETTY IMAGES

Yangi poytaxt Kalimantanda — uch davlat orasida bo‘lib olingan Borneo orolining Indoneziyaga tegishli qismidan o‘rin oladi. Bu hukumatdan 33 mlrd AQSh dollar mablag‘ sarfini talab qiladi va 900 mingdan 1,5 milliongacha kishini joylashtirish uchun 30 mingdan 40 ming gektargacha yerni egallaydi.

Orol markazida joylashgan Palangkaraya shahri yangi poytaxt sifatida tanlash uchun asosiy nomzod bo‘lib turibdi. Birinchidan, bu shahar geografik jihatdan Indoneziya arxipelagi markaziga yaqin bo‘lsa, ikkinchidan, Indoneziya davlatchiligi otasi va xalq qahramoni Sukarno ham aynan shu shaharni poytaxt qilishga tavsiya etgan.

Mamlakatlar u yoki bu sabablarga ko‘ra o‘z poytaxtlarini bir shahardan boshqasiga ko‘chirishadi, demak Indoneziya bu borada tarixdagi ilk davlat emas. Yaqin o‘tmishga nazar solgan holatda yanada mashhurroq misollarni eslab o‘tamiz.

1. Qozog‘iston

Xon Shatir — Nur-Sulton arxitekturasining javohiri / GETTY IMAGES

1997 yilda Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev poytaxtni bosh shahar Olmaotadan ko‘chirishga qaror qildi. Yangi ma'muriy-siyosiy markaz sifatida u poytaxtdan 1200 km shimolda joylashgan provinsial shahar Oqmo‘lani tanladi — qozoq tilida «oq maqbara» ma'nosini beradi.