Sport | 22:08 / 16.08.2018
12624
3 daqiqa o‘qiladi

Ektor Kuper olimpiyachilarni kuzatib bormoqda. Uning bir yordamchisi Jakartada

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuperning yordamchilaridan biri, jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha assistent Mahmud Fayoz Muhammad Shudaf ayni vaqtda O‘zbekiston olimpiya termasi bilan Indoneziyada bo‘lib turibdi. Bu haqda O‘zbekiston delegatsiyasidagi manba «Kun.uz» muxiriga xabar bergan.

«Kuperning yordamchisi Mahmud Fayoz ham biz bilan. U 12 avgust kuni Misrdan uchib kelgan, o‘tgan ikkita o‘yinni, o‘yindan oldingi mashg‘ulotlarni ham to‘liq kuzatib, Kuperga ma'lumotlar yetkazmoqda. Kim qanaqa o‘ynayotganini, qanaqa harakatlanayotganini. O‘yindan keyin futbolchilarning tiklanish jarayonini kuzatmoqda. Kuper esa uyoqdan o‘z izohlarini berib bormoqda, kim qayerda qanday xatoga yo‘l qo‘yayotganini ko‘rsatib bermoqda.

Mahmud Fayozning kompyuterida olimpiyachilar tarkibidagi barcha futbolchilar haqida batafsil ma'lumotlar bor.

22 avgustda Toshkentda asosiy terma jamoaning yig‘ini boshlanadi. Olimpiya terma jamoasidan ham bir necha futbolchi asosiy terma jamoaga chaqiriladi. Murabbiylar faol ishlashmoqda», degan manba.

Taniqli argentinalik mutaxassis Ektor Kuper 6 avgust kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida tanishtirildi. U bilan 3 yillik shartnoma tuzilgan, agar terma jamoa JCh-2022 turniriga yo‘llanma olsa, shartnoma yana bir yil muddatga uzaytiriladi.

Kuper 56 yoshli vatandoshi Xose Karlos Fantagutstsi va 37 yoshli gretsiyalik Antonio Sarioglu, shuningdek, 36 yoshli misrlik Mahmud Fayoz Muhammad Shudaf bilan birga ish boshlagan.

Uning terma jamoa bilan ilk yig‘ini 22 avgustdan 1 sentabrga qadar o‘tkaziladi. 

O‘zbekiston terma jamoasi 6 sentabr kuni Suriya bilan, 13 oktabr kuni KXDR, 16 oktabr kuni esa Qatar terma jamoalariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushadi. Bu o‘yinlar Toshkentdagi «Milliy» stadionida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Hozirda qolgan FIFA kunlarida  ham O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun o‘rtoqlik o‘yini tashkil qilish borasida muzokaralar olib borilmoqda. Jumladan, Eron futbol federatsiyasi bilan o‘tkazilayotgan muzokaralar ijobiy yakuniga yetsa, 11 sentabr kuni eronliklar ham Toshkentga kelishi mumkin.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid