O‘zbekiston | 19:50 / 16.08.2018
25688
3 daqiqa o‘qiladi

​Imom ishi: Oliy sud ish yangidan ko‘rib chiqilishini bildirdi

Foto: supcourt.uz

16 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida Hikmatulla qori Yusupovga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishi nazorat bosqichida ko‘rildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda. 

Ishda qatnashgan qorining advokatlari Abdumalik Abdullayev va Xurshed Rustamov barcha sud qarorlarini bekor qilib, H.Yusupovga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishi qismini sodir etilgan jinoyatga daxldor bo‘lmaganligi sababli, reabilitatsiya asoslari (oqlov)ga ko‘ra tugatishni, H.Yusupov adolatsiz sud hukmiga asosan nohaq jazo o‘tayotganligi uchun darhol uni ozod qilish lozimligini so‘rashdi.

«O‘tib borayotgan har bir kun unga nisbatan chiqarilgan sudning nohaq qarorini uzaytiradi. Shuningdek, yolg‘iz qizini turmushga chiqargan Yusupovning turmush o‘rtog‘i, mahkum yaqinlari ham bunday holatdan aziyat chekmoqda. Bularni inobatga olib, ushbu sud majlisida barcha o‘tgan sud qarorlarini bekor qilishingizni so‘rayman», deydi advokat Rustamov.​

Sudda prokuror Bosh prokuratura protestini quvvatlab, sud Hikmatulla Yusupovga nisbatan ayblov hukmi chiqarishda JPKning 22,463-moddalari talablariga rioya qilmaganligini, uni ayblash tergov hibsxonasida bergan ayrim sudlanuvchilarning ko‘rsatuvlari asos qilib olinganini, jinoyat ishida Yusupovning aybini tasdiqlovchi boshqa biror bir dalil mavjud emasligini, ayblovga qo‘yilgan «opiy​»​ giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olinmaganligini, o‘z navbatida sudning xulosalari ishning haqiqiy holatlariga muvofiq bo‘lmaganligini e'tirof etib, ajrimni bekor qilib, ishni yangidan ko‘rib chiqish uchun kassatsiya instansiyasiga yuborishni so‘radi.

Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati maslahatdan chiqib, protestni qanoatlantirib, kassatsiya bosqichida imom Hikmatulla Yusupovning ishtiroki albatta ta'minlangan holda ko‘rilishini ma'lum qilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasining 14.02.2017 yildagi ajrimini bekor qildi. Endilikda sudlov hay'ati ishni yangidan kassatsiya tartibida ko‘rish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudiga yubordi.

Sudlov hay'ati ish so‘nggida 5 (besh) kun ichida ish jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudiga yuborilishini bildirdi.

Mavzuga oid