Nostrifikatsiyalash bo‘yicha maxsus sinovlarni o‘tkazish boshqa sanaga ko‘chirilmoqda
Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) bo‘yicha 2018 yil 21-23 avgust kunlariga belgilangan maxsus sinovlarni boshqa sanaga ko‘chirilmoqda. Bu haqda inspeksiya rasmiy vakili Kun.uz'ga ma'lum qilgan.
Ta'kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 15 avgustdagi «Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida»gi Farmoniga asosan 2018 yil 21-23 avgust kunlari dam olish kunlari deb e'lon qilinganligi munosabati bilan xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash bo‘yicha belgilangan maxsus sinovlar 27-29 avgust kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Bunda, 21 avgust kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan «Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta'minot» sohasi bo‘yicha maxsus sinovlar 28 avgust kuniga, 22 avgust kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan «Iqtisodiyot» sohasi bo‘yicha maxsus sinovlar 29 avgust kuniga, 23 avgust kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan «Qishloq xo‘jaligi, muhandislik, ishlov berish va qurilish» sohasi bo‘yicha maxsus sinovlar 27 avgust kuniga ko‘chiriladi.