Jamiyat | 19:50 / 17.08.2018
3795
2 daqiqa o‘qiladi

Said-Abdulaziz Yusupov: «Media yo‘nalishida 10 nafar talaba Turkiyada bepul o‘qishi mumkin»

O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori Said-Abdulaziz Yusupov Milliy matbuot markazida fond faoliyati to‘g‘risida hisobot berdi.

Ma'lum qilinishicha, ushbu fond Turkiya Respublikasi Kastamonu davlat universiteti bilan o‘zaro hamkorlik kelishuviga erishdi. Buning evaziga jamoat fondi tavsiyasi bilan ushbu universitetga media yo‘nalishida har yili 10 nafar talaba magistratura va doktorantura bosqichiga bepul va imtihonsiz qabul qilinadi. Nomzodlar OTMning jurnalistika yo‘nalishida bakalavrlik diplomiga ega bo‘lishlari yoki 1 yil jurnalistika sohasida faoliyat yuritgan bo‘lishlari talab etiladi. Istovchilar joriy yilning 30 avgustigacha fond ma'muriyatiga murojaat qilib, qo‘shimcha ma'lumotlarni olishlari mumkin.

Shu bilan birga, ushbu memorandumga asosan har yili 2 marta xalqaro mutaxassislar ishtirokida tashkil etiladigan treningda o‘zbekistonlik jurnalistlar ishtirok etib, malakalarini oshirib qaytadi.

«Fondning xalqaro aloqalari bu bilan cheklanib qolgani yo‘q. Bir qancha loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2018 yilning 18 may oyida YuNeSKO tashkiloti bilan hamkorlik doirasida memorandum imzolandi. Hozirda xuddi shunday memorandumni YeXHT (Yevropa Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti) bilan tuzish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda AQSh va Michigan universiteti bilan kadrlar tayyorlash masalasi bo‘yicha muzokaralar olib borilib, yil yakunigacha hamkorlik memorandumi imzolanishi kutilmoqda», deya fond rahbarining so‘zlarini keltirmoqda «Kun.uz» muxbiri.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid