O‘zbekiston | 20:27 / 17.08.2018
3974
2 daqiqa o‘qiladi

Hukumat qarori: Tomdi tumanida ixtisoslashtirilgan maktab-internat tashkil etiladi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining “Navoiy viloyatining Tomdi tumanida tabiiy fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan Navoiy viloyati hokimligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining Kasb-hunar ta'limi markazi hamda Xalq ta'limi vazirligining 100 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan tabiiy fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internat tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Quyidagilar maktab-internatning asosiy vazifalari etib belgilandi:

umumiy o‘rta ta'limning davlat ta'lim standartlari asosida zamonaviy axborot-kommunikatsiya va pedagogik texnologiyalardan samarali foydalangan holda biologiya va kimyo fanlarini chuqurlashtirib o‘qitishni tashkil etish;

har bir o‘quvchining individual xususiyatlarini hisobga olgan holda ularda mustaqil tadqiqotchilik faoliyati ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirish;

yuqori kasb mahoratiga eta bo‘lgan pedagoglarni jalb etgan holda o‘quvchilarning yosh biologlar, yosh zoologlar, yosh kimyogarlar jamoalarini tashkil etish, o‘quvchilarning fan sirlarini chuqur o‘rganishlari hamda ijodiy salohiyatlarini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratish.

Xalq ta'limi vazirligi:

2018-2019 o‘quv yilidan boshlab maktab-internatning 7-8-9-10-11-sinflariga o‘quvchilarni qabul qilish, bunda birinchi navbatda, Tomdi tumanining olis hududlaridan o‘quvchilarni qabul qilishga e'tibor qaratish;

maktab-internatning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida o‘quv-laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikasi, o‘quv-metodik majmualar, o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanmalar hamda badiiy adabiyotlar bilan ta'minlash choralarini ko‘radi. 

Navoiy viloyati, Tomdi tumani, “Yangi-Tomdi” markazida joylashgan Tomdi agroiqtisodiyot kasb-hunar kollejining bino va inshootlari tegishli hududi bilan birgalikda Tomdi tumani xalq ta'limi bo‘limiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul beriladi va unga maktab-internat joylashtiriladi.

Mavzuga oid