Tarixda “Qubbatul ilm val adab” nomi bilan mashhur, ne-ne ulamolar, fozillar, shoiru san'atkorlar beshigini tebratgan, Amir Temurdek sohibqiron kamol topgan qadim Shahrisabz yana bir ulkan voqeaning guvohiga aylanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston milliy maqom san'atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan har ikki yilda bir marta Shahrisabzda Xalqaro maqom san'ati anjumani o‘tkazilishi belgilab qo‘yildi. Ilk xalqaro anjuman shu yilning 6-10 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda  yetmishga yaqin mamlakatdan san'at namoyandalari qatnashishi kutilmoqda.

Xalqaro anjumanning aynan Shahrisabzda o‘tkazilishi bejiz emas. 2700 yildan ziyod tarixga ega bu yurt qadim san'ati va madaniyati bilan ham betakrordir. Ayniqsa, Amir Temur davrida musiqa san'ati jadal rivojlanib, chinakam uyg‘onish davrini boshdan kechirgan, sozandalik va xonandalik, musiqa ilmi va bastakorlik kamol topgan. Asrlar davomida shakllangan ustoz-shogird an'analari davom etgan. Bunday uyg‘onish nafaqat poytaxt ­Samarqandda, balki boshqa ko‘plab shaharlar qatori Keshda ham ro‘y bergan. Oqsaroyda o‘tgan shoiru ulamolar, fozilu hofizlar ishtirokidagi yig‘inlarda maqom qo‘shiqlari avj pardalarda kuylangan. Ma'lumotlarga ko‘ra, XVII-XVIII asrlarga ­kelib Shahrisabzda buxorolik va samarqandlik san'atkorlar bilan hamkorlikda “Shashmaqom” taronalariga raqsga tushadigan raqqoslar va sozandalar ­guruhlari tuzilgan. XIX asrda yashab o‘tgan ­mohir ijrochi va sozanda, shahrisabzlik Abdurahmonbegining dovrug‘i keng yoyilgan, u o‘zbek milliy ­musiqasi va maqom san'ati rivojiga katta
hissa qo‘shgan.

Aytish mumkinki, 1972 yilga kelib Shahrisabzda maqom san'ati yana bir yuksalish davriga qadam qo‘ydi. Respublikada xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Elmurod Boymurodovning sa'y-harakati bilan maqom ansambli tashkil topdi. Prezidentimiz shu yil may oyida AQShga borganlarida “O‘zbekiston xalq artisti” faxriy unvonini topshirgan asli shahrisabzlik Izro Malakov ham Elmurod aka bilan ansambl tashkilotchilaridan biri edi. Asli kasbi shifokor bo‘lgan bu insonning benazir ovozi Shahrisabzda maqom ansamblini tashkil etish uchun yordamga kelgan Orif Alimaxsumov, Salohiddin To‘xtasinov, Siroj Aminovday ustoz san'atkorlarning nazariga tushgan. Shundan so‘ng Izro Malakov ko‘p yillar O‘zbekiston teleradiokompaniyasi qoshidagi Yunus Rajabiy nomidagi maqomchilar ansamblida faoliyat ko‘rsatgan. Yigirmadan ortiq maqom ijrolari uning ovozida yozib olingan va ke­yinchalik “Gul fasli” nomi bilan mualliflik qo‘shiqlari yozilgan o‘n ikkita gramplastinka chiqarilgan.

Ansambl ijrochilaridan yana biri Rushel Rubinovning ovozi ham ko‘pchilikni sehrlagan. U Xorazm maqom ushshog‘i, Buxoro maqom ushshog‘i, Toshkent-Farg‘ona maqom ushshog‘idagi namudlar va suporishlarni birlashtirib, ularning hech biriga o‘xshamagan “Ushshog‘i Shahrisabz”ni yaratgan. Shuningdek, ansambl a'zolaridan Saidjon Nurboboyev, Ampul Davidov, Qurbon Toshev, Azamat Haqberdiyev, Naftali Yusupov, Tamara Xaimova, Azamat Nomozov, Daniel Xaimov, Burxon Xurramov, Homid Qobilov singari san'atkorlarning har biri o‘ziga xos shirali ovoz va soz sohibi bo‘lishgan.