O‘zbekiston | 19:17 / 18.08.2018
12203
3 daqiqa o‘qiladi

“Yoshlar - kelajagimiz” jamg‘armasining asosiy vazifalari belgilandi

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi huzuridagi “Yoshlar - kelajagimiz” jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi huzuridagi “Yoshlar - kelajagimiz” jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, jamg‘arma o‘z faoliyatida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashiga hisobot beradi.

Davlat dasturi doirasida tadbirkorlik sub'yektlariga quyidagi shaklda moliyaviy yordam ko‘rsatish Jamg‘armaning asosiy vazifasi hisoblanadi:

a) tadbirkorlik sub'yektlarining loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banklari orqali yillik 7 foiz stavka bilan (bunda, bank marjasi 2 foizni tashkil etadi) imtiyozli kredit va mol-mulkni lizingga berish;

b) tadbirkorlik sub'yektlariga Davlat dasturi doirasida beriladigan tijorat banklari kredit miqdorining 50 foizigacha, ammo 1 mlrd, so‘mdan oshmaydigan miqdorda Jamg‘arma kafilligini berish;

Bunda, Jamg‘arma tomonidan taqdim etiladigan kafilliklarning umumiy miqdori Jamg‘arma mablag‘larining 25 foizidan oshmasligi kerak.

v) Davlat dasturi doirasida amalga oshiriladigan tadbirkorlik sub'yektlari loyihalarida ular qiymatining 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda ishtirok etish, keyinchalik Jamg‘arma ulushini 5 yil davomida realizatsiya qilish;

g) tegishli ko‘nikmalarga ega, band bo‘lmagan yoshlar yashaydigan uy xo‘jaliklari uchun 20 tagacha parranda va quyon bolasi, 5 ta mayda va 2 ta yirik qoramol sotib olish, ularning qiymatini kelishilgan muddatlarda qaytargan holda ularni boqish va keyinchalik realizatsiya qilishda ko‘maklashish;

Jamg‘arma o‘z faoliyatini quyidagi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshiradi:

yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash sohasida davlat siyosatini yuritishda ishtirok etish, moliyaviy xizmatlardan foydalanishni kengaytirish hamda imtiyozli kredit va mol-mulkni lizingga berish uchun resurslar ajratish;

Davlat dasturi doirasida yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oyalari va loyihalarini qo‘llab-quvvatlash;

yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish orqali ish o‘rinlari tashkil etish imkonini beradigan davlat, tarmoq va hududiy dasturlar, loyihalar hamda tadbirlarni amalga oshirish da ishtirok etish;

tadbirkorlik sub'yektlarining innovatsion faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, yangi turdagi mahsulotlar yaratish va ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, shuningdek ishlab chiqarish faoliyatiga samarali yangi texnologiyalarni joriy etishga ko‘maklashish;

ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan birgalikda respublikada yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashni takomillashtirish muammolarini o‘rganishga doir kompleks ilmiy va amaliy tadqiqotlarni amalga oshirilishida ishtirok etish.

Jamg‘arma bosh kelishuvlar asosida tijorat banklari orqali milliy valyutada tadbirkorlik sub'yektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlaydi.

Mavzuga oid