Sport | 19:00 / 19.08.2018
12537
3 daqiqa o‘qiladi

Sirojiddin Hasanov O‘zbekiston delegatsiyasiga ilk medalni olib berdi

O‘zbekiston erkin kurash jamoasining 65 kg vazn toifasidagi vakili Sirojiddin Hasanov bronza uchun kurashda mo‘g‘ulistonlik Batmagnai Batchuluunni mag‘lubiyatga uchratdi.

O‘ta murakkab kechgan bahsning birinchi raundida Mo‘g‘uliston vakili 5:2 hisobida g‘olib kelgandi. Ikkinchi raund esa Sirojiddin Hasanovning to‘la ustunligida kechdi - 8:1. Natijada, O‘zbekiston vakili umumiy hisobda 10:6 hisobida g‘alaba qozonib, O‘zbekiston delegatsiyasiga 2018 yilgi Osiyo o‘yinlaridagi ilk medalni olib berdi.

«Kun.uz» muxbiri Osiyo o‘yinlari bronza medali sovrindoridan intervyu oldi.

«Osiyo o‘yinlaridagi ilk ishtirokimdayoq delegatsiyamizga birinchi medalni olib kelganimdan juda ham xursandman. Bu hali hammasi emas. Xudo xohlasa, bizda kumush va oltin medallar ham bo‘ladi.

2019 yili Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etib, Yaponiyada bo‘ladigan Yozgi olimpiadaga yo‘llanma olishga harakat qilaman.

Ustozlarimga, birinchi murabbiyim Xalimov Latif akaga, bosh murabbiyimiz Olim Hikmatovga, shuningdek, Adhamjon Ochilovga, Abduvali Bozorboyevga katta rahmat aytaman. Meni qo‘llab-quvvatlab turgan ota-onamga va barcha o‘zbekistonlik muxlislarga minnatdorchilik bildiraman», degan sportchi.

Sirojiddin Hasanov turnirdagi ishtirokini muvaffaqiyatsiz boshlagan, nimchorak finaldayoq hindistonlik Bazirang Bazirangga yutqazib qo‘ygandi. Lekin hindistonlik sportchi finalga qadar yetib borib, Hasanovga bronza uchun kurashish imkoniyatini taqdim etdi va O‘zbekiston vakili bu imkoniyatdan unumli foydalanib, saralashda Tojikiston vakili Abdulqosim Fayziyevni 10:0 hisobida taslim etdi.

Ayni vaqtda O‘zbekiston erkin kurash jamoasining yana ikki vakili kurashni davom ettirmoqda. 

97 kg vazn toifasida ishtirok etayotgan Magomed Ibragimov yarim finalda imkoniyatni boy bergach, to‘g‘ridan-to‘g‘ri bronza medal uchun gilamga chiqadigan bo‘lgandi. Uning raqibi yaponiyalik Takeshi Yamaguchi.

74 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Bekzod Abdurahmonov esa finalga chiqqan. U oltin medal uchun qozog‘istonlik Daniyar Kaisanovga qarshi bellashadi.

Mavzuga oid