Sport | 21:07 / 22.08.2018
12613
4 daqiqa o‘qiladi

Rustam Assakalov: «Finalda taktik xatoga yo‘l qo‘ydim»

Foto: Anvar Ilyosov

Indoneziyada Osiyo o‘yinlari ayni qizg‘in pallaga kirib bormoqda.

Bugun yunon-rum kurashi bo‘yicha -87 kg vazn toifasida bahslarga kirishgan Rustam Assakalov finalga qadar yetib borib, O‘zbekiston hisobiga yana bir kumush medalni qo‘shib qo‘ydi. Hal qiluvchi bahsdan so‘ng Kun.uz muxbiri sovrindor sportchimizdan qisqa intervyu oldi.

«Final bahsidan ko‘nglim to‘lmadi. Taktik jihatdan xatoga yo‘l qo‘ydim. Parterda boshqacha usul qo‘llashim ko‘proq foyda bergan bo‘lardi. Eronliklar bizni astoydil o‘rganib chiqib, usullarim haqida bilib olishgan», - dedi Assakalov.

Rustam, shuningdek, o‘z vazn toifasini o‘zgartirgani va bugungi final bahsida kichik jarohat bilan harakat qilganini ham qo‘shimcha qildi.

«Yarim yil oldin -97 kg vazn toifasida jang qilardim. Hozir 15 kg vazn yo‘qotganman, chunki Olimpiadada aynan -87 kg vazn toifasida ishtirok etish niyatidaman. Bundan tashqari, qo‘limda kichik jarohatim bor edi, bo‘g‘imimdan lat yegandim. Biroz og‘riq bor», - dedi kurashchimiz.

«Bugungi jangdan xulosalar chiqarib, olg‘a intilishda davom etamiz. Faoliyatimni yakunlashimga hali 3-4 yil bor. Taymazov necha yoshgacha kurash tushgan? Mening yoshimgacha u ikki karra olimpiya chempioni bo‘lishga ulgurgandi, men-chi? Hozircha yo‘q. Olimpiada medalini qo‘lga kiritaman, deb umid qilaman. Bu – mening orzum», - dedi 34 yoshli atlet.

Muxbirning: «Eron terma jamoasi bunday muvvaffaqiyatli ishtiroki bilan ko‘pchilikni hayron qoldiryaptimi yoki ular har doim mana shunday qatnashib kelganmi?» degan savoliga Assakalov quyidagicha javob berdi:

«Eronliklarni kurash jihatdan yaqqol kuchli deb bo‘lmaydi. Ko‘pincha qulay vaziyatlardan unumli foydalanishga erishishadi. Eronlik sportchilar mening janglarimni tahlil qilib, qo‘llaydigan usullarimni o‘rganib olishgan. Shu bois ulardan ba'zilari bugun ish bermadi. Yarim yil oldin Osiyo chempionati finalida ham -97 kg vazn toifasida eronlik kurashchiga imkoniyatni boy bergandim. Umuman olganda esa hozirgacha faoliyatimda 7 marta eronlik sportchilarni mag‘lub etganman».

«Yangi usullar qo‘llashni o‘zlashtirishim kerakmi? Yo‘q, o‘z usullarimdan voz kechmasdan, reja bo‘yicha ishlashda davom etishim kerak. Bu ish berishiga ishonaman», - dedi Assakalov suhbat so‘ngida.

Eslatib o‘tamiz, Assakalov nimchorak finalda qozog‘istonlik Azamat Kustubayevni 2:1, chorak finalda qirg‘izistonlik Samat Shirdakovni 9:0 hisobida mag‘lub etgach, yarim finalda hindistonlik Singh Harpretni undan-da yirikroq – 10:0 hisobida taslim etdi. Eronlik Nuri Hussaynga qarshi kechgan final bahsida sportchimiz 1:6 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Mavzuga oid