Jamiyat | 20:00 / 23.08.2018
85308
4 daqiqa o‘qiladi

230 ming dollar evaziga «yog‘li» lavozim: Samarqandda jinoiy guruh a'zolari ushlandi

2018 yilning 17 may kuni Samarqand shahar IIB 3-bo‘linmasiga shaharning Beruniy ko‘chasida istiqomat qiluvchi B.A.dan Orzu Mahmudov ko‘chasida istiqomat qiluvchi G.Z. tomonidan unga nisbatan firibgarlik jinoyati amalga oshirilgani fakti haqidagi xabar kelib tushadi, deyiladi «Samarkandskiy vestnik» gazetasida yoritilgan, viloyat IIB matbuot kotibi Shirin Normatovaning maqolasida.

Jabrlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, bir yil muqaddam G.Z. «Paxtasanoat» AJning viloyat bo‘limida yuqori lavozimni egallashida yordam qilish maqsadida undan 230 ming AQSh dollari olgan. Biroq B.A. o‘zining «yog‘li» kursisiga erisha olmagan, boz ustiga, G.Z. ham pullarni qaytarmagan. Bir necha oylar mobaynida G.Z. «yo‘qotilgan» pullar evaziga o‘zining uyini rasmiylashtirib berishni va'da qilib, aldab yurgan. Nihoyat, B.A. va'dalarga ishonmay qo‘yib, tegishli organlarga murojaat qilishini aytganida, ayol uning huzuriga uch noma'lum shaxs — Robik, Jorik va Shaxani olib keladi va ular yana G.Z. dan qarzni qistasa, uni o‘ldirishlarini ochiqchasiga aytishadi.

Keyinchalik aniqlanishicha, Robik — bu Samarqand shahrining Nodirabegim ko‘chasida istiqomat qiluvchi, 1977 yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir necha moddalari bo‘yicha muqaddam sudlangan, ishsiz R.H, Jorik — Toshkent ko‘chasida istiqomat qiluvchi, 1967 yilda tug‘ilgan, u ham muqaddam sudlangan Z.A, Shaxa esa — 1985 yilda tug‘ilgan, shaharning Abu Bakr Roziy ko‘chasida ro‘yxatda turuvchi, ayni paytda Turkiyada istiqomat qilayotgan Sh.I. bo‘lib chiqdi.

Mazkur fakt bo‘yicha bo‘linma kapitani Aziz Suvonov boshchiligidagi tezkor xodimlaridan iborat guruh harakatlarni boshlab yuborgan.

Tafsilotlarni o‘rganish uchun ayol ichki ishlar bo‘limiga — tezkor vakil, mayor Umid Tursunovning kabinetiga keltirilgan. So‘roq chog‘ida G.Z. hojatga chiqishni so‘ragan va u yerda o‘z joniga qasd qilishga uringan. O‘z vaqtida yetib kelgan Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazining viloyat filialining tibbiy tez yordam brigadasi uni jonlantirish bo‘limiga olib borishgan.

Dastlabki tergov natijalariga ko‘ra, G.Z. o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lgan va B.A.dan olingan pullarni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining Toshkent shahar bo‘limida ishlovchi, B.A.ni yuqori lavozimga joylashtirishni va'da qilgan U. ismli tanishiga olib borib berganini aytib berdi.

Ayolning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentdan Samarqandga qaytayotib, u taksida Rashid ismli shaxs bilan tanishib qoladi va unga o‘z muammosini so‘zlab beradi. Rashid ma'lum bir mablag‘ evaziga ayolga yordam berishga ko‘nadi. Samarqandda G.Z.ga Rashidning nomidan bir kishi kelib uchrashadi va o‘zini Robik deb tanishtiradi. Robik muammoni hal qilish uchun 3200 AQSh dollari so‘raydi.

Ichki ishlar bo‘linmasi xodimlarining tezkor harakatlari natijasida jinoiy til biriktirgan guruhning barcha a'zolari ushlanib, hibsga olingan. Ayni paytda uyushgan jinoiy guruhga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi, 3-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid