19:00 / 23.08.2018
21812

Osiyo o‘yinlari. Beshinchi kunda beshta medal, O‘zbekiston to‘qqizinchi o‘rinda

O‘zbekistonlik sportchilar Osiyo o‘yinlarining beshinchi kunida 11ta sport turi bo‘yicha ishtirok etishdi va jami beshta medal qo‘lga kiritishdi.

Akademik eshkak eshish

Kunning birinchi qismida akademik eshkak eshuvchilar jamoasi medallar dastasini qo‘lga kiritishdi. Juftlik bahslarida Shahboz Xolmurzayev va Shahboz Abdujabborov o‘z chiqishlarida marraga birinchi bo‘lib yetib borishdi va oltin medalni terma jamoa hisobiga qo‘shib qo‘yishdi.

Foto: Abdulloh Fayzullayevc

So‘ngra Sardor To‘lqinxo‘jayev va Alisher Turdiyevdan tashkil topgan boshqa bir juftlik medallar uchun startga chiqishdi va ikkinchi o‘rinni egallab, kumush medalga sazovor bo‘lishdi.

Foto: Abdulloh Fayzullayev

To‘rtlik bahslarida ishtirok etgan O‘zbekiston vakillari esa (Islambek Mambetnazarov, Otamurod Rahimov, Shehroz Hakimov, Zafar Usmonov) bronza medalini sport delegatsiyamizga taqdim etishdi.

Foto: Abdulloh Fayzullayev

Taekvondo WTF

Taekvondo bo‘yicha -49kg vazn toifasida bahslarda qatnashgan 17 yoshli Madinabonu Mannopova musobaqa davomida Hongkong, Livan va Yaponiya vakillarini mag‘lubiyatga uchratib, finalgacha yetib bordi. Hal qiluvchi bahsda esa tailandlik Panipak Vongpattanakitga imkoniyatni boy berdi va yakunda kumush medal sohibasiga aylandi.

-68 kg vazn toifasidagi Hojiakbar Zokirov ilk jangida afg‘onistonlik Sharif Murodini 21:6 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Ammo u keyingi bosqichda eronlik Amirmuhammad Bahshikaloriga 4:24 hisobida yutqazib qo‘ydi.

Suzish

Suzish bahslarida ishtirok etgan har uchchala sportchi (A.Kozlyuk. 50 m. Batterflay. Saralashdan finalgacha, X.Tursunov, A.Tarasenko. 100 m. Erkin suzish. Saralashdan finalgacha) ham o‘z ishtiroklarini yakunlashdi.

Sport gimnastikasi

Foto: Anvar Ilyosov

Sport gimnastikasida afsonaviy sportchi, 43 yoshli Oksana Chusovitina o‘zining sevimli uslubi hisoblangan tayanib sakrash mashqlarida ishtirok etdi va yakunda ikkinchi natijani qayd etib, kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Velosport

150 km masofaga bo‘lgan bellashuvda Murod Xolmurodov 15, Marat Izmaylov esa 39-o‘rinni egalladi.

Og‘ir atletika

58 kg vazn toifasi vakili Muattar Nabiyeva o‘z ishtirokini erta yakunladi. U dast ko‘tarishda 98, siltab ko‘tarishda esa 119, umumiy hisobda esa 217 kg toshni o‘ziga bo‘ysundira oldi va yakunda to‘rtinchi o‘rin bilan kifoyalandi.

Shahzod Xudoyberganovning ishtiroki muvaffaqiyatsiz chiqdi.

Tennis

Denis Istomin qozog‘istonlik Aleksandr Bublikka qarshi o‘yinda texnik g‘alabaga erishdi. Istomin birinchi setni 6:1 hisobida o‘z foydasiga hal qildi, ikkinchi setda hisob 3:0 bo‘lib turganida hisobida g‘alaba qozonayotgan bir vaqtda raqib o‘yinni davom ettira olmasligini ma'lum qildi va Istomin yarim finalga yo‘l oldi.

Jo‘rabek Karimov xitoylik Yibin Vuga 2:6, 4:6 hisobida yutqazib qo‘ydi va musobaqadagi ishtirokini yakunladi.

Golf

O‘zbekiston vakillari jamoaviy bahslarda 20 jamoa ichida 19-o‘rinni egalladi (Mo‘g‘ulistondan bitta o‘rin oldinda).

Yakkalik bahslarida esa Kanatbek Kurbanaliyev 68-o‘rinni, Sergey Chen va Ten Roman mos ravishda 82 va 83-o‘rinlarni egallashdi.

Penchak silat

Sportning bu turi bo‘yicha bahslarda ishtirok etgan uch nafar sportchi (-60 kg vaznda Ayyub Abdullayev, -75 kg vaznda Nurilla Saidov va -95 kg vaznda Husan Baratov) ilk janglaridayoq imkoniyatni boy berishdi va musobaqadagi ishtiroklarini yakunlashdi.

Slalomda eshkak eshish

Janibek Temirgaliyev yarim finalda muvaffaqiyatli ishtirok etdi va finalga yo‘l oldi. Ammo u finalda kuchli uchlikka kira olmadi.

Boshqa bir slalomchi Ramil Kirpichev esa o‘z ishtirokini yarim finalda yakunladi.

Futbol

Foto: Hasan Pirmuhammedov

O‘zbekiston terma jamoasi Hongkongni 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, chorak finalga yo‘l oldi. Gollarga Ikrom Aliboyev, Javohir Siddiqov va Zabihillo O‘rinboyev mualliflik qilishdi. Endi o‘zbekistonlik futbolchilar yarim final yo‘llanmasi uchun Eron yoki Janubiy Koreya terma jamoalaridan biriga qarshi maydonga tushadi.

Umumiy hisobda o‘zbekistonlik sportchilar bugun 1ta oltin, 3ta kumush va 1ta bronza medallariga ega chiqishdi.

Beshinchi kun yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston sport delegatsiyasi hisobida 19ta medal mavjud. O‘zbekiston delegatsiyasi 4ta oltin, 8ta kumush va 7ta bronza medallari bilan umumiy reytingda to‘qqizinchi o‘rinda joylashgan.

Top