19:20 / 23.08.2018
17281

Tramp o‘z impichmenti qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini aytdi

Foto: REUTERS/Leah Millis

AQSh prezidenti Donald Tramp unga impichment e'lon qilinsa, bu AQSh iqtisodiyotida inqirozni yuzaga keltirishini aytdi.

“Sizlarga aytsam, agar menga qachondir impichment e'lon qilinsa, fikrimcha, bozor inqirozga uchraydi. O‘ylashimcha, bunday holatda barchamiz kambag‘allashib ketamiz”, deb aytgan Tramp Fox & Friends dasturi efirida.

Tramp, shuningdek, o‘z ishini ajoyib tarzda eplay olayotgan odamga qanday qilib impichment e'lon qilinishi mumkinligini tushunmasligini aytgan. 

Trampga impichment e'lon qilinishi mumkinligi haqidagi munozaralar uning sobiq advokati Maykl Koen soliqlarni to‘lashdan qochish va moliyaviy intizomni buzish bilan bog‘liq jinoyatlarda o‘zini aybdor deb tan olgandan keyin faollashdi.

Avvalroq Koen Tramp bilan ishqiy munosabatlarda bo‘lgan ikki ayolga ular bu haqda sukut saqlashlari uchun pul to‘laganini tan olgandi. Uning aytishicha, u bu ishni Tramp ko‘rsatmasiga ko‘ra qilgan.

Biroq Oq uy matbuot kotibi Sara Sanders “prezident qonunga xilof hech qanday ish qilmaganini, unga qarshi ayblovlar yo‘qligini” aytgan.

Top