Sport | 20:30 / 24.08.2018
25861
5 daqiqa o‘qiladi

Osiyo o‘yinlari. Oltinchi kuni O‘zbekiston ikki medal bilan kifoyalandi

O‘zbekistonlik sportchilar Osiyo o‘yinlarining oltinchi kunida 10ta sport turi bo‘yicha ishtirok etishdi va ikkita medal qo‘lga kiritishdi.

Akademik eshkak eshish

Foto: Abdulloh Fayzullayev

Shaxboz Xolmurzayev yakkalik bahslarida to‘rtinchi bo‘ldi.

To‘rtlik bahslarida ishtirok etgan sportchilarimiz (U.Davronov, F.Astanov, A.Muhamadiyev, Sh.Abdujabborov) finalda to‘rtinchi o‘rinni egallashdi.

Sakkiztalik bahslarda startga chiqqan sportchilarimiz (A.Yarov, D.Bahriyev, I.Mambetnazarov, D.Xursanov, Sh.Najmiyev, O. Rahimov, Sh.Hakimov, Z.Usmonov, A.Krasnov)marraga ikkinchi bo‘lib yetib kelishdi va kumush medalni qo‘lga kiritishdi.

Jiu-jitsu

-69 kg vazn toifasidagi Homidjon Mo‘minov va Asadullo Bozorov nimchorak finaldayoq turnirni tark etishdi.

56 kg vazn toifasidagi Akmal Amirov va Doston Ro‘ziyev esa chorak finalga chiqqandi. Bu sportchilar yarim finalga yo‘llanma olisholmadi va bronza medal uchun o‘tish o‘yinlarida ishtirok etishdi. Doston Ro‘ziyev o‘tish o‘yinida turkmanistonlik Kemal Meredovga yutqazdi (3:6), Amirov esa qozog‘istonlik Kuandik Konisov ustidan sof g‘alabaga erishdi. 

Akmal Amirov bronza medali uchun boshqa bir qozog‘istonlik sportchi Saydali Nurjon bilan bellashdi va yutqazdi.

Penchak silat

Penchak Silat bo‘yicha -65 kg vazn toifasida ishtirok etayotgan Abdumalik Salimov ilk jangida eronlik Muhammad Rahimbalani 3:0 hisobida mag‘lub etdi va yarim finalga yo‘l oldi. U yarim final jangini 26 avgust kuni indoneziyalik Pratama Iqbol Sandraga qarshi o‘tkazadi.

-55 kg vazn toifasidagi Munisa Rabbimova esa ilk jangdayoq vetnamlik Tran Ti Temga yutqazib, ishtirokini yakunladi.

Golf

O‘zbekistonlik golfchilar jamoasi 20 jamoa orasida 19-o‘rinni egalladi. Yakkalik bahslarda ham O‘zbekiston vakillari quyi o‘rinlarni band etishdi - Kanatbek Kurbanaliyev - 75, Ten Roman - 78 va Sergey Chen - 81.

Og‘ir atletika

Og‘ir atletika bo‘yicha final bahslarda -85kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Sunnatilla O‘sarov dast ko‘tarishda 158 kg, siltab ko‘tarishda 182 kg, jami 340 kg natija ko‘rsatdi va oltinchi o‘rinni egalladi. 

Velosport

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Velosportchi Murodjon Xolmurodov finalda 40 km masofani 57:10.52 daqiqada bosib o‘tdi va 16 ishtirokchi orasida ikkinchi natijani qayd etib, Osiyo o‘yinlari kumush medali sovrindoriga aylandi.

Sport gimnastikasi

O‘zbekiston sport gimnastikasi jamoasi bugungi bahslarda medal ololmadi. Anton Fokin finalga chiqolmadi, Rasuljon Abdurahmonov finalda oxirgi o‘rinni egalladi. 

Boks

Foto: Hasan Pirmuhammedov

O‘zbekiston boks jamoasi ham Osiyo o‘yinlaridagi ishtirokini boshladi. Ayollar jamoasi vakili, -57 kg vazn toifasidagi Yodgoroy Mirzayeva bahslarga qo‘shildi. Ammo u 3 raund davom etgan jangda Xitoy Taypey vakili Xsioven Xuangdan mag‘lub bo‘ldi

O‘zbekiston boks terma jamoasi vakili, -69 kg vazn toifasida Osiyo o‘yinlariga tashrif buyurgan Bobousmon Baturov ilk jangda g‘alabaga erishdi. 1/16 final doirasida mo‘g‘ulistonlik Otgonbatar Byamba-Erdenga qarshi ringga ko‘tarilib, mutlaq ustunlikka erishib, nimchorak finalga yo‘l oldi. Keyingi bosqichda u eronlik Kozimzoda Sajjodga qarshi ringga ko‘tariladi.

Suzish

Vladislav Mustafin 50 metrga bras suzish bahslarida uchinchi natija bilan finalga yo‘l oldi. Ammo u finalda beshinchi o‘rinni egalladi.

Tennis

Foto: Abdulloh Fayzullayev

O‘zbekiston tennis jamoasi yetakchisi Denis Istomin Osiyo o‘yinlari finaliga yo‘l oldi. U yarim finalda hindistonlik Gunnesvaran Prayneshni 2 set davom etgan bahsda 6:2, 6:2 hisoblarida mag‘lub etdi.

Endi Istomin finalda xitoylik Vu Yibingga qarshi kortga chiqadi.

Shu tariqa, O‘zbekiston delegatsiyasi medallarining umumiy soni 21taga yetdi. Ayni vaqtda o‘zbekistonliklar umumiy reytingda 4ta oltin, 10ta kumush va 7ta bronza bilan o‘ninchi o‘rinda bormoqda.

Mavzuga oid