Asfaltdagi yo‘l belgilari va nur qaytaruvchi chiziqlar: YTHni kamaytirishda ularning o‘rni beqiyos
Yo‘l-transport hodisalari ommaviy axborot vositalarida haftama-hafta e'lon qilinib borilmoqda. Ularga nazar tashlasangiz, yo‘llarda insonlar o‘limi kuzatilayotgani juda achinarli holdir. Yo‘llarda harakatlanish tezligini tartibga solishda yo‘ldagi tunda nur qaytaruvchi “razmetka”lar, asfaltdagi belgilarning o‘rni beqiyos.
“Men o‘zim anchadan beri o‘ylab yurgan takliflarimni sizlar bilan bo‘lishishga qaror qildim. Sizlar olib chiqsangiz, balki mutasaddilar e'tiborga olishsa. (Ushbularni “Mening fikrim” portaliga ham yozgandim, lekin rad etildi)”, deb yozadi mushtariymiz Farhod Jo‘rayev tahririyatimizga yo‘llagan xatida.
Biz quyida F.Jo‘rayev tomonidan berilayotgan juda o‘rinli takliflarni e'tiborlaringizga havola etishga qaror qildik.
1-taklif: Yo‘l chiziqlarining bo‘yoqlarni yorug‘lik qaytaruvchi bo‘yoqlarga almashtirish.
Bu bizga nima beradi? Yo‘lda harakatlanishda xavfsizlikni oshiradi. Haydovchiga yo‘lda yo‘nalishni to‘g‘ri olishga, ayniqsa, tungi paytlarda qarama- qarshi yo‘nalishdan kelayotgan avtomashina chiroqlari ko‘zni qamashtirganda ham haydovchi shu chiziqlarga qarab o‘z mashinasining yo‘ldan chiqib ketishiga yoki boshqa polosaga o‘tib ketishining oldini oladi.
Bu turdagi bo‘yoqlar allaqachon ko‘pgina mamlakatlarda ishlatilayapti va sezilarli darajada yo‘l-transport hodisalarining kamayishiga olib kelgan.
2-taklif: Yo‘llarda, ya'ni asfalt qoplamasida yo‘l chetida turgan yo‘l harakati belgilarini takrorlash.
Masalan, piyodalar o‘tish joyi bo‘ladigan bo‘lsa 30-40 metr oldinda asfalt qoplamasida bu belgi katta qilib chizilsa haydovchi unga albatta e'tiborini qaratadi va tezlikni kamaytirish kerakligini, zarur bo‘lsa to‘xtashi lozimligini anglaydi. Chunki haydovchi 70-80 foiz e'tiborini avtomashina yuradigan yo‘liga qaratadi, bunda u yo‘l chetida turgan belgini nazaridan qochirishi mumkin. Lekin bu turdagi chizilgan yo‘l belgini albatta ko‘radi.
Yana rivojlangan mamlakatlar tajribasiga qaytadigan bo‘lsak, bu mamlakatlar belgini nafaqat oddiy qilib chizishyapti, balki 3D ko‘rinishda tasvirlashayapti. Haydovchi bu turdagi belgini ko‘rmasidan iloji ham yo‘q.
To‘g‘ri, bularni amalga oshirish uchun mablag‘ talab qilinadi, lekin inson hayoti bebaho-ku?!
Mavzuga oid
16:23 / 29.07.2024
Volgograd oblastida yo‘lovchi poyezd yuk mashina bilan to‘qnashdi
15:50 / 27.07.2024
AQShda 38 yashar o‘zbekistonlik trakchi YTH tufayli vafot etdi
13:07 / 27.07.2024
Qamchiq dovonida 3 ta yuk avtomobili va Mercedes-Benz Sprinter ishtirokida YTH yuz berdi
07:35 / 27.07.2024