Sport | 00:20 / 26.08.2018
27947
14 daqiqa o‘qiladi

Erkin va yunon-rum kurashi. Erondan nega va qanchaga ortda qolmoqdamiz?

O‘zbekiston delegatsiyasining Osiyo o‘yinlarida hozircha qo‘lga kiritgan 5 ta oltin medalidan 2 tasi erkin va yunon-rum kurashi bo‘yicha terma jamoamiz hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Sportning ushbu turida, shuningdek, 1 ta kumush va 3 ta bronza medallariga ham sazovor bo‘ldik. Eslatib o‘tamiz, taekvondochilarimiz ham umumjamoa hisobiga xuddi shuncha – 6 ta medal olib berishgandi.

Erkin va yunon-rum kurashi bo‘yicha 2 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza – bu terma jamoamizning Osiyo o‘yinlari tarixidagi o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan biri. To‘rt yil oldin Incheonda erkin va yunon-rum kurashchilarimiz eng yaxshi natijalarini qayd etishgandi. Bu safar ushbu natijani takrorlashga bitta oltin kamlik qildi:

Erkaklar o‘rtasida 19-20 avgust kunlari erkin kurash, 21-22 avgustda yunon-rum kurashi bo‘yicha janglar bo‘lib o‘tdi. Ayollar odatdagidek faqat erkin kurashda, 20-21 avgust kunlari bellashdilar. O‘zbekiston termasi erkaklar o‘rtasidagi musobaqalarda ikkala yo‘nalishda ham 6 nafardan sportchi bilan qatnashdi – har bir vazn toifasida bir nafardan. Ayollar o‘rtasida esa 3 xil vazn toifasida o‘zbekiston vakilalari kurash olib bordi. Shu tariqa, Jakartada erkin va yunon-rum kurashi bo‘yicha terma jamoamiz 15 nafar atletdan iborat bo‘ldi.

4 yil oldingi Osiyo o‘yinlarida sovrindor bo‘lgan 7 kurashchimizdan 4 nafari bu galgi aziadada umuman qatnashmagan bo‘lsa, qolgan 3 sportchimiz – Incheonda oltin medal sohibi bo‘lgan triodan ikki nafari (Abdurahmonov +, Assakalov +, Qurbonov -) bu safar ham medal olishga muvaffaq bo‘ldi. Rio olimpiadasida bronza medallarini qo‘lga kiritgan uch kurashchimizdan ikkisi (Tasmurodov +, Ibragimov +, Navro‘zov -) Jakartada ham gilamga ko‘tarildi, ular orasidan faqat Ibragimovga sovrinli o‘rin nasib qildi.

Ta'kidlanganidek, dastlab erkin kurash musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Musobaqaning ilk kunida O‘zbekiston delegatsiyasi erishgan 3 ta medalning barchasi erkin kurashchilar tomonidan qo‘lga kiritildi. Dastlab 65 kg vazn toifasi vakili Sirojiddin Hasanov bronza medali uchun mo‘g‘ulistonlik sportchiga qarshi kechgan bahsda birinchi raundda yutqazgan (2:5) bo‘lsa-da, ikkinchi bo‘limda yirik hisob (8:1) qayd etib, umumiy 10:6 hisobi bilan O‘zbekistonning XVIII Osiyo o‘yinlaridagi birinchi medalini olib berdi. Vaholanki, Hasanov ilk jangida hindistonlik raqibiga yengilgan, biroq hind kurashchisi finalga qadar yetib borgani bois bronza medali uchun kurashga qo‘shilgan edi. Bu yo‘lda unga raqiblik qilgan Tojikiston vakilini birinchi raunddayoq 10:0 hisobida mag‘lub etib, muddatidan avval g‘alabani qo‘lga kiritdi.

Sirojiddin Hasanov

«Osiyo o‘yinlaridagi ilk ishtirokimdayoq delegatsiyamizga birinchi medalni olib kelganimdan juda ham xursandman. Bu hali hammasi emas. Xudo xohlasa, bizda kumush va oltin medallar ham bo‘ladi. 2019 yili Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etib, Yaponiyada bo‘ladigan Yozgi olimpiadaga yo‘llanma olishga harakat qilaman», dedi Sirojiddin sovrinli bahsidan so‘ng.

Sirojiddin Hasanov

Hasanovning bronza keltirgan bahsidan biroz o‘tib, O‘zbekiston ilk oltin medalni ham nishonladi. 74 kg vazn toifasidagi erkin kurashchimiz Bekzod Abdurahmonov nimchorak finaldagi yamanlik raqibi gilamga chiqishdan bosh tortgach, texnik g‘alaba bilan jangsiz chorak finalga yo‘l olgandi. Bu bosqichda eronlik sportchidan 4:2 hisobida ustun kelgan Abdurahmonov, yarim finalda yaponiyalik atletga hech qanday imkoniyat qoldirmadi – 11:1. Bekzod hal qiluvchi bahsda qozog‘istonlik kurashchini taslim etib (3:2 – 0:1, 3:1), ikki karra Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.

Eslatib o‘tamiz, 2014 yili Incheondagi Osiyo o‘yinlarida ham Abdurahmonov O‘zbekiston delegatsiyasiga ilk oltin medalni olib bergandi. U, shuningdek, jahon chempionati sovrindori, 2016 yilgi yozgi Olimpiada ishtirokchisi ham sanaladi.

Bekzod Abdurahmonov

«Bu g‘alabamni O‘zbekistonlik xalqiga, yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayramiga bag‘ishlayman. Eng katta maqsadim Olimpiadada ham chempion bo‘lish. O‘tgan safar Olimpiadada medaldan quruq qolgandim. Bronza uchun bahsda ozarboyjonlik raqibga 6:7 hisobida yutqazgandim», - deydi Osiyo o‘yinlarining ikki karra chempioni.

Abdurahmonov sportdagi faoliyatini hali uzoq yillar davom ettirib, O‘zbekistonga olimpiada medalini ham olib berish niyatida. «Hali yoshim 28da. Sog‘ bo‘lsak, 40 yoshgacha ham ishtirok etishimiz mumkin. Masalan, Artur Taymazov 33 yoshida Olimpiada chempioni bo‘lgan. Rossiyalik bir sportchi 38 yoshida jahon chempionatida g‘olib bo‘ldi. Xudo xohlasa, O‘zbekistonga Olimpiada medalini ham olib beraman», dedi Abdurahmonov.

Bekzod Abdurahmonov

Musobaqalarning ilk kunidagi uchinchi medalni yana bir erkin kurashchimiz – Magomed Ibragimov qo‘lga kiritdi. 97 kg vaznda bahslarga kirishgan sportchimiz nimchorak finaldan osonlik bilan o‘tdi – xitoylik raqibini 10:0 hisobida mag‘lub etdi. Chorak finalda ham hindistonlik kurashchi Magomedga jiddiy muammo tug‘dira olmadi – 8:0. Final ostonasida Osiyo grandlari sanaladigan Eron terma jamoasi vakiliga qarshi chiqqan Ibragimov imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Bahsning birinchi raundida 4:2 hisobida ustun kelgan eronlik atlet ikkinchi raundda hamyurtimizning kuragini yerga tekkizib, sof g‘alabaga erishdi. Magomed Ibragimov so‘nggi jangida yaponiyalik kurashchiga qarshi gilamga chiqdi. Bahsning birinchi raundi O‘zbekiston vakilining to‘liq ustunligida o‘tdi - 6:0. Ikkinchi raundda esa yaponiyalik sportchi jiddiy jarohat oldi va bahsni davom ettira olmadi. Natijada, Ibragimovga texnik g‘alaba yozildi hamda u O‘zbekiston hisobiga yana bitta bronza medal olib keldi.

Magomed Ibragimov

Eslatib o‘tamiz, Ibragimov ikki yil oldin Rio Olimpiadasida ham bronza medalini qo‘lga kiritgan edi. U shuningdek, 2017 va 2018 yilgi Osiyo chempionatlarida oltin medalga sazovor bo‘lgan.

Magomed Ibragimov

20 avgust kuni erkin kurash bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida bahslar bo‘lib o‘tdi. 125 kg vazndagi vakilimiz Davit Modzmanashvili nimchorak finalda indoneziyalik raqibga qarshi gilamga chiqib, birinchi raunddayoq hisobni 10:0 ko‘rinishiga keltirdi va sof g‘alabaga erishib, keyingi bosqichga chiqdi. U chorak finalda mo‘g‘ulistonlik sportchi ustidan 3:0 (1:0, 2:0) hisobida g‘alaba qozondi va yarim finalda Eron vakiliga qarshi kurashib mag‘lub bo‘ldi – 8:11. Modzmanashvili bronza uchun bahsda imkoniyatdan unumli foydalanib, hindistonlik raqibini kichik hisobda yengdi – 2:0 (1:0, 1:0). Shu tariqa, erkin kurashda to‘rtinchi medal qo‘lga kiritildi.

Davit Modzmanashvili / Foto: Hasan Pirmuhammedov
Davit Modzmanashvili (o‘rtada), Olimjon Hikmatov (o‘ngda)

Shu kuni ayollar terma jamoamizning barcha uch a'zosi ham musobaqalarda ishtirok etib, medalsiz ortga qaytadigan bo‘lishdi. Ular orasidan faqat Dauletbike Yaxshimuratova sovrin uchun bahsda ishtirok etdi. 50 kg vazn toifasida bronza medali uchun gilamga chiqqan Yaxshimuratova janubiy koreyalik raqibasiga 0:6 hisobida yutqazib qo‘ydi.

21 avgustdan yunon-rum kurashi bo‘yicha janglarga start berildi. Biroq ikki nafar sportchimiz shu kuni medallarni qo‘lga kirita olishmadi. Rio Olimpiadasining bronza medali sovrindori Elmurat Tasmuradov chorak finalda eronlik raqibiga yutqazib qo‘ygan bo‘lsa, yana o‘sha Eron termasi vakiliga Islomjon Bahromov bronzani boy berdi.

22 avgustdagi bahslarda o‘zbekistonlik to‘rt nafar yunon-rum kurashi ustasi ishtirok etib, 1 ta oltin va 1 ta kumush medallarni olib berishdi. Rio-2016 ishtirokchisi Rustam Assakalov 87 kg vaznda qozog‘istonlik (2:1), qirg‘izistonlik (9:0) va hindistonlik (10:0) raqiblarini yengib, finalga chiqdi. Assakalov oltin medal uchun kurashda eronlik atletga 1:6 hisobida imkoniyatni boy berib, kumush medal sohibiga aylandi.

Rustam Assakalov / Foto: Anvar Ilyasov

Eslatib o‘tamiz, Rustam Incheonda janubiy koreyalik raqibni finalda yengib, chempion bo‘lgan. U 2018 yil boshida Bishkekda o‘tgan Osiyo chempionatida kumush medalga sazovor bo‘lgandi. O‘tgan yilgi qit'a birinchiligida esa bronza medali, undan ham avvalroq, 2015 va 2013 yillarda oltin medalni qo‘lga kiritgan. U Rio Olimpiadasi ishtirokchisi bo‘lgani haqida ham yuqorida to‘xtalib o‘tdik.

Rustam Assakalov / Foto: Anvar Ilyasov

«Final bahsidan ko‘nglim to‘lmadi. Taktik jihatdan xatoga yo‘l qo‘ydim. Parterda boshqacha usul qo‘llashim ko‘proq foyda bergan bo‘lardi, – deya fikr bildirdi Assakalov final bahsidan so‘ng. – Eronlik sportchilar mening janglarimni tahlil qilib, qo‘llaydigan usullarimni o‘rganib olishgan. Shu bois ulardan ba'zilari bugun ish bermadi. Yarim yil oldin Osiyo chempionati finalida ham -97 kg vazn toifasida eronlik kurashchiga imkoniyatni boy bergandim. Umuman olganda esa hozirgacha faoliyatimda 7 marta eronlik sportchilarni mag‘lub etganman», dedi Assakalov.

Rustam Assakalov

Assakalovning bahsidan so‘ng terma jamoamiz vakillaridan Jahongir Turdiyev ham medal uchun gilamga chiqdi. Biroq 97 kg vazndagi sportchimiz qirg‘izistonlik raqibiga bronza medalini boy berib qo‘ydi – 0:2. Musobaqaning so‘nggi jangida eng og‘ir 130 kg vazn toifasi chempionligi uchun o‘zbekistonlik va qozog‘istonlik kurashchilar bellashishdi. Mo‘minjon Abdullayev bunga qadar janubiy koreyalik (7:0), tojikistonlik (9:0) va eronlik (2:2) kurashchilarni mag‘lub etib kelayotgandi. Hal qiluvchi bahsda vakilimiz qozog‘istonlik hamkasbini ishonchli hisobda (8:0) taslim etib, O‘zbekiston delegatsiyasiga qimmatli oltin medalni taqdim etdi.

Mo‘minjon Abdullayev

Qayd etish joiz, bu Abdullayevning xalqaro arenadagi eng katta yutug‘i bo‘ldi. Bunga qadar u ikki marta Osiyo chempionatining bronza medali sovrindori bo‘lgan, 2018 yil boshida esa Bishkekdagi qit'a birinchiligi finalida qatarlik raqibini yengib kumush medal olgandi. Abdullayev shuningdek, 2016 yilgi yozgi Olimpiada o‘yinlarida ham ishtirok etgan.

Mo‘minjon Abdullayev / Foto: Anvar Ilyasov

Shu tariqa, erkin kurashda 4 ta, yunon-rum kurashida 2 ta medal olgan O‘zbekiston terma jamoasi Mo‘g‘uliston bilan bir xil ko‘rsatkich qayd etib, umumiy jadvalning 3-o‘rnini egalladi. G‘olib esa, doimgidek – Eron. Umuman, 1994 yildan keyingi natijalarga qarasak, ushbu sport turi bo‘yicha Eron sportchilari Osiyo o‘yinlarida faqat yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda: o‘tgan 7 ta aziadada eronliklar 3 marta 1-o‘rin, 3 marta 2-o‘rinni qo‘lga kiritishgan. Xususan, so‘nggi uchta Osiyo o‘yinlarida aynan Eron terma jamoasi ketma-ket g‘olib bo‘ldi.

Ushbu Osiyo o‘yinlarining erkin va yunon-rum kurashi bo‘yicha musobaqalarida terma jamoamiz vakillari eronliklar bilan jami 7 marta to‘qnash keldi. Shularning 2 tasida O‘zbekiston vakilining qo‘li baland kelgan bo‘lsa, 5 ta jang Eron sportchilariga boy berildi. Ochkolar bo‘yicha hisob – 25:42, forslar foydasiga.

Erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Olimjon Hikmatov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Eron termasidan ortda qolayotganimiz sababini quyidagicha izohladi: «Eron asosiy raqibga aylandi. Bishkekda joriy yilning mart oyida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida birinchi o‘rinni egallab, eronliklardan ham o‘tib ketgandik. Erkin kurashda har bir vazn toifasi bo‘yicha jahon reytingi bor. Unda Abbos Rahmonov 2-o‘rinda, Magomed Ibragimov 2-pog‘onada, Bekzod Abdurahmonov ham bor. Balki, Erondan o‘tib keta olmaganimizga avval 10ta, hozir esa 6ta vazn toifasi borligi ham sabab bo‘lgandir. Vazn toifalarida qator o‘zgarishlar bo‘ldi. Shuni aytib o‘tish kerakki, Eron jahondagi eng kuchli jamoalardan biri. Bu sport. Hammasi bo‘lishi mumkin. Ularda bu sport turi bilan ko‘proq shug‘ullanishadi, bunga ko‘proq mablag‘ ajratishadi, kurash birinchi yoki ikkinchi raqamda. O‘shanda Osiyo chempionatida ulardan o‘tib ketganimiz juda yaxshi natija bo‘lgandi, hozir ham yomon emas».

Davit Modzmanashvili, Olimjon Hikmatov / Foto: Anvar Ilyasov

Xulosa o‘rnida, Olimjon Hikmatovning yurtimiz erkin kurashi haqidagi yakuniy fikrlarini keltirib o‘tamiz.

«O‘zbekistonda erkin kurash sport turining rivojlanish darajasini yomon deb bo‘lmaydi. So‘nggi yillarda ko‘plab sovrinli o‘rinlar, medallar qo‘lga kiritildi. Rivojlanish faqat oldinga qarab ketmoqda. Bu yil Osiyo chempionatida jamoaviy hisobda birinchi o‘rin qo‘lga kiritildi. 10ta toifadan 8 tasida medal olindi. Tokiodagi Olimpiadada hech bo‘lmasa 2ta medalga harakat qilamiz».

Mavzuga oid