Yangi standart: Turizm axborot byurolari
Standartlashtirish xalqaro tashkiloti (ISO) tomonidan yangi ISO 14785:2014 «Turizm axborot byurolari. Turizm axboroti va qabul qilish xizmatlari. Talablar» standarti ishlab chiqildi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati shu haqida xabar berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining "Turistik xizmatlar sertifikatsiya markazi" unitar korxonasi tomonidan Oʻz DSt ISO 14785: 2018 «Turizm axborot byurolari. Turizm axboroti va qabul qilish xizmatlari. Talablar» davlat standarti ishlab chiqildi. Mazkur standart ISO 14785:2014 "Tourist information offices. Tourist information and reception services. Requirements" xalqaro standartining muqobilidir.
Ushbu standart manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan muvofiqlashtirilgan, tegishli tashkilotlar tomonidan tasdiqlangan.
Turizm axborot byurolari (TAB) — bu mahalliy turistik mahsulotlar, diqqatga sazovor joylar, mintaqaning tarixiy maskanlari, tadbirlar, ekskursion yo‘nalishlar, transport, shoping, ko‘ngilochar tadbirlar va boshqalar haqida ma'lumot taqdim etuvchi servis xizmatlari.
TAB butun dunyo bo‘ylab nafaqat poytaxtlar va yirik shaharlarda, balki turizm daromadlari mahalliy iqtisodiyot uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan mintaqalarda ham xizmat ko‘rsatadi.
Turizm axborot byurolari shuningdek mahalliy jamoatchilik transportiga chipta sotishi yoki turistik materiallar (xarita, qo‘llanmalar, o‘lkashunoslik va tarixiy adabiyot va b.)ni sotishi yoki bepul tarqatishi mumkin. Bundan tashqari, TAB suvenirlar, mahalliy hunarmandlar, ustalar va rassomlarning mahsulotlari bilan savdo qiladi.
Buyuk Britaniya, Ispaniya, Germaniya, Fransiya, Turkiya, BAA kabi mamlakatlar taqdim etilayotgan turistik ma'lumotlar soni va ularning manbalari bo‘yicha yetakchilik qilmoqda.
Asosiy turistik axborot byurolari aeroportlar, vokzallar, tarixiy majmualar, shahar markazlari va savdo markazlarida joylashgan bo‘ladi. U yerlarda sayyohlar uchun dunyoning turli tillarida ko‘plab kitob va qo‘llanmalar sotiladi, shu bilan birga, TABda sayohatga oid masalalar bo‘yicha bepul maslahat olish va individual ekskursion yo‘nalishni tuzish bo‘yicha bepul xizmatlarni qo‘lga kiritish mumkin. Shuningdek mamlakatning madaniy maskanlari, kurortlari, univermaglari, mehmonxonalari va restoranlari tavsifiga ega yo‘riqnomalar taklif etiladi.
TAB faoliyatini yo‘lga qo‘yishdan maqsad - yurtimiz mehmonlarini mamlakat madaniyati, an'analari va urf-odatlari bilan tanishtirish hamda uning turistik yo‘nalish sifatida tanilishini oshirish.
Turistik axborot byurolari odatda lotincha «i» harfi bilan (ko‘pincha yashil rangli fonda) ifodalanadi, ko‘rsatkichlarning boshqa variantlari ham bo‘lishi mumkin.
Mulkchilik shakliga ko‘ra turistik axborot idorasi quyidagicha bo‘lishi mumkin:
• Shahar (munitsipal);
• Xususiy (tijoriy);
• Jamoatchilik tashkilotlari;
• Turizm korxonalari uyushmalariga tegishli.
TAI salohiyatli mijozlarni jalb qilish va mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida ba'zan turoperatorlar bazasida ham ishga tushiriladi. Idora faoliyati rejimi sayyohlar oqimiga bog‘liq: yil bo‘yi yoki faqat "turistik mavsumlar"da.
Oʻz DSt ISO 14785:2018 «Turizm axborot byurolari. Turizm axboroti va qabul qilish xizmatlari. Talablar» standartini kiritish sanasi 2018 yilning sentabriga belgilangan.
Mavzuga oid
19:32 / 07.11.2024
Tramp O‘zbekiston bilan munosabatlarni qanday olib boradi?
17:48 / 06.11.2024
«O‘zbekiston qit’alarimiz chorrahasida joylashgan va global aloqalarimiz markazida bo‘lishi lozim» - Ursula fon der Lyayyen
21:49 / 04.11.2024
O‘zbekistonliklar 2024 yilda Qozog‘istonda eng ko‘p pul sarflagan xorijliklar qatoriga kirdi
10:26 / 03.11.2024