Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ispaniyada derbi, «Liverpul» «Lester»ga qarshi. Haftaning asosiy o‘yinlari
Bugun va ertaga Germaniya, Fransiya hamda Ispaniyada ham transferlar darichasi yopiladi. Futbol maydonlarida esa, terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffus oldidan jamoalar so‘nggi o‘yinlarini o‘tkazadi. Albatta, bu o‘yinlar ichida oldindan e'tiborga loyiq bo‘lgan qiziqarli o‘yinlar bor.
MILAN – ROMA (31 avgust, 23:30)

Italiyada ham o‘ziga yarasha Top-5 shakllanib qolgani tufayli, deyarli har turda katta o‘yinlarga guvoh bo‘lyapmiz. Dastlabki turdagi o‘yini qoldirilgan milanliklar o‘tgan haftada «Napoli»ga safar qilishgan va 2:0 hisobidagi ustunlikni boy berib, 2:3 hisobida mag‘lub bo‘lib qaytishgandi. «Roma» uchun esa, bu mavsumdagi ilk top o‘yin bo‘ladi. Shunday bo‘lsa-da, avvalgi turlarda rimliklarga qarshi o‘ynagan «Torino» va «Atalanta» ham liganing kuchli jamoalari sanalishadi. «Roma» o‘z maydonida «Atalanta»dan 1:3 hisobida orqada borib, yakunda bir ochko olishga muvaffaq bo‘ldi. Demak, ko‘rib turganingizdek, har ikki jamoada ikki xil kayfiyat – «Roma» iroda ko‘rsatgan bo‘lsa, «Milan» yaxshi ustunlikni qo‘ldan chiqarib, mag‘lubiyatga uchradi.
Ikki jamoa o‘rtasidagi o‘yinlar doim juda qizg‘in kechgan. Masalan, o‘tgan mavsumdagi har ikki o‘yinda ham mehmon jamoa bir xil – 2:0 hisobida g‘alaba qozongan. Umuman, «Milan»ning o‘z maydonida «Roma» ustidan so‘nggi g‘alabasi 2015 yilga to‘g‘ri keladi.
Tarkiblarga kelsak, «Milan»da katta muammo yo‘q, faqat Ivan Strinich uzoq muddatga safdan chiqqan xolos. U og‘ir xastalik tufayli noma'lum muddatga futbolchilik faoliyatini to‘xtatgan. Rimliklar jamoasida esa, Alesandro Florentsi hali tarkibga qaytgani yo‘q. Ammo mavsumoldi yig‘inlarida safdan chiqqan argentinalik yarim himoyachi Diyego Perottini bugun maydonda ko‘rishimiz mumkin.
LeSTeR – LIVeRPUL (1 sentabr, 16:30)

«Liverpul» kutilganidek, mavsumni juda kuchli boshladi va haqli ravishda uch turdan keyin turnir jadvalini boshqarib turibdi. Jamoaning ko‘p gol urishi yangilik emas, ammo shu pallada Klopp shogirdlari hali o‘z darvozasidan gol o‘tkazmagan APLdagi yagona jamoa ham bo‘lib turibdi. «Liverpul»ning yangi transferlari jamoa o‘yiniga avvalo, muvozanat olib kirganini qayd etish kerak.
Ammo «Lester» anoyi emas va «Liverpul» uchun juda jiddiy sinov deb aytish mumkin. Lesterliklarning o‘yin uslubi, o‘ta tezkor qarshi hujum taktikasi «Liverpul»ning yuqori pressingi uchun juda xavflidir. Chunki, bu holda «Liverpul» yarim maydonida juda katta bo‘shliqlar yuzaga keladi. Uzun paslar orqali Vardini qulay vaziyatlarga chiqarish «Lester»ning so‘nggi uch yildagi eng ko‘p amalga oshirgan mashg‘ulotidir, ya'ni darvozabondan tortib, har bir futbolchi bu ishni qanday bajarishni juda yaxshi biladi.
Riyoz Mahrezning ketishi «Lester»ning hujumlarni tashkil qilish salohiyatiga jiddiy zarba bo‘ldi. Shu bilan birgalikda, jamoaning yangi a'zosi Meddison ilk turlarda o‘zini juda yaxshi namoyish qila olmoqda. Dastlabki turda «Old Trafford»da mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, mezbonlardan kam o‘yin namoyish etmagan «tulkilar» keyingi ikki turni g‘alaba bilan yakunlashdi.
«Lester» o‘z maydonida doimiy ravishda «Liverpul»ga muammo tug‘dirgan, masalan, bu yerdagi so‘nggi uch o‘yindan ikkitasi «Lester»ning g‘alabasi bilan yakunlangan. O‘tgan yili ham Klopp «King Pauer»dan qanday qilib g‘alabani olib ketgani esingizda bo‘lsa kerak. 1:3 hisobida ortda borayotgan «Lester» o‘yinda burilish yasay olgan va faqat Vardining penaltini amalga oshira olmagani hisobning tenglashishiga yo‘l qo‘ymagandi.
«Lester» tarkibida Metyu Jyeymsdan boshqa hamma sog‘-salomat. «Liverpul»da esa, Deyan Lovren bu safar ham maydonga tusha olmasa kerak. Aleks Oksleyd-Chemberleynning qaytishiga hali juda ko‘p vaqt bor.
LeVANTe – VALeNSIYa (2 sentabr, 15:00)

Derbi. Ispaniyada biror o‘yinni ta'riflash uchun mana shu so‘zning o‘zi kifoya. Bu yerda derbilar Angliyadagi kabi do‘stona ham o‘tmaydi, Italiyadagi kabi janjallarni ham kuzatmaymiz. Chin ma'nodagi derbini, ya'ni aynan maydonning o‘zida ayovsiz kurashni aynan Ispaniyada tomosha qilishimiz mumkin.
Turnir jadvalidagi holatdan qat'i nazar, «Levante» doimo «Valensiya»ni qiynab kelgan. Ayniqsa, o‘z maydonida. Masalan, o‘tgan mavsum boshida «Valensiya» juda kuchli o‘ynagan va peshqadamlar safida borgan, lekin shunday bo‘lsa-da, «Levante» derbida ochko olishga muvaffaq bo‘lgandi. Balki teskarisi, «Valensiya» bir ochkoga ega bo‘lgandir. Sababi, bu stadionda o‘tgan undan oldingi to‘rt o‘yinda «Levante» g‘alaba qozonishning uddasidan chiqqan edi.
Bu safar «Valensiya» biroz muvaffaqiyatsiz boshladi. «Atletiko» bilan durang ustiga keyingi o‘yinda «Espanol»dan qabul qilingan 0:2 hisobidagi mag‘lubiyat juda og‘ir qabul qilingani shubhasiz. «Levante»ning startini ham barqaror deb bo‘lmaydi. «Betis» maydonida 3:0 hisobida ajoyib g‘alabaga erishgan Rako Lopes shogirdlari keyingi o‘yinda o‘z maydonlarida «Selta»ga yutqazib qo‘ydi. Bu o‘yinlarda Xose Luis Moralesning ikkinchi yoshlikni boshlab yuborganini ta'kidlash kerak. 31 yoshli futbolchi ikki o‘yinda uch gol urib bombardirlar ruyxatining boshiga chiqib oldi.
UOTFORD – TOTTeNHEM (2 sentabr, 20:00)

«Uotford» londonliklar uchun juda qulay raqib sanalsa kerak, zero jamoa 2012 yilda APLga qaytganidan buyon, hali biror marta «Tottenhem» ustidan g‘alaba qozona olmayapti. Ammo boshqa jihat bu o‘yinni turning markaziy uchrashuvlaridan biriga aylantiradi.
«Uotford» ko‘pchilik uchun kutilmaganda, «Liverpul», «Chelsi» va «Tottenhem» bilan bir qatorda yuz foizlik natija ko‘rsatib, turnir jadvali yuqorisidan joy olib turibdi. Aslida «Uotford» uchun bu yangilik emas, ikki yil oldin ham jamoa ko‘p vaqt kuchli to‘rtlikda borgandi.
To‘g‘ri, «Uotford» uch turda faqat o‘rtamiyona jamoalar bilan o‘ynadi, lekin Angliyada uch o‘yinda qatorasiga g‘alaba qozonish oson emas. Umuman, gap faqat mana shu uch o‘yinda ham emas, «Uotford» yozni juda yaxshi o‘tkazdi, mavsumoldi yig‘inlardagi 5 o‘rtoqlik uchrashuvlarida ham jamoa mag‘lubiyat nimaligini bilmadi. Endi bunga, avgustdagi to‘rtinchi rasmiy o‘yinni qo‘shing – Xavi Grasiya shogirdlari kuni-kecha Angliya Liga kubogidagi dastlabki bosqichda «Reding»ni mag‘lubiyatga uchratib qaytishdi. Darvoqe, mana shu omil, ya'ni «Uotford»ning hafta o‘rtasida ortiqcha o‘yin o‘tkazgani «Tottenhem»ga biroz yordam berishi mumkin.
Pochettino jamoasi «Old Trafford»dagi ajoyib g‘alabadan keyin juda yaxshi kayfiyatda ekani shubhasiz. «MYu»ga qarshi o‘yinda «Tottenhem» hisobdagi qadar ustunlik qilmagan va ko‘pchilik faqat omad «Tottenhem»ga kulib boqqanini aytgan bo‘lsa-da, bu yanada pozitiv xulosalarga sabab bo‘ladi – demak, «Tottenhem» kerak paytda o‘ziga begona uslubda ham o‘ynay olishi, maydonda ikkinchi raqamli jamoa bo‘lib ham, raqib xatosidan unumli foydalanishi mumkin. Dastlabki turlarda, ayniqsa, Lukas Mouraning ajoyib sport formasiga kirganini e'tirof etish kerak.
Mezbonlar tarkibida Jyerar Delofeu tiklanib oldi, ammo bu o‘yinga tayyor bo‘lmasa kerak. Shuningdek, Britos va Kleverli, bir paytlar «Tottenhem» safida o‘ynagan Yunus Qobul ham jarohat tufayli jamoasiga yordam bera olmaydi. Pochettino esa, Osiyo o‘yinlaridagi Son Xon Mindan tashqari, Lamela va Vanyamaning xizmatlaridan foydalana olmaydi.
ZeNIT – SPARTAK (2 sentabr, 21:00)

«Zenit» besh turdan keyin yuz foizlik natija bilan turnir jadvalida peshqadam bo‘lib olgan bo‘lsa-da, «Spartak»ning (besh o‘yinda to‘rt g‘alaba, bir durang) performansi e'tiborga molikroq. «Zenit»ga raqib bo‘lgan eng kuchli jamoa – «Rubin», qolgani «Arsenal», «Yenisey», «Ufa» kabi jamoalar bo‘lsa, «Spartak» mana shu besh turda «Lokomotiv» va «Krasnodar» mehmoni bo‘lib ulgurdi, «Dinamo» bilan derbida maydonga tushdi. Shu qiyin taqvimda ham «Spartak» «Zenit»ni juda yaqin ta'qibga olgani tahsinga loyiq.
Lekin «Spartak»ning boshqa muammosi ham bor. Jamoaning so‘nggi yillardagi yetakchi hujumchisi va to‘purari, niderlandiyalik Kuinsi Promes La Ligaga yo‘l oldi va «Sevilya» a'zosiga aylandi. Bu juda katta yo‘qotish. Piterliklar jamoasi tarkibida Aleksandr Kokorin nihoyat mashg‘ulotlarga kirishgan va u ikkinchi bo‘limda jamoasiga yordam berishi mumkin.
O‘zaro o‘yinlarga kelsak, so‘nggi yillarda bu to‘qnashuvlarda asosan mezbon jamoa g‘olib kelgan yoki durang bo‘lgan. Mehmon jamoaning so‘nggi g‘alabasini qidirsak, 2012 yilgacha borib qolishimiz mumkin. O‘tgan yilning avgustida «Zenit» maydonida bo‘lib o‘tgan o‘yinda mezbonlar 5:1 hisobida g‘alaba qozonishgan edi.
Darvoqe, Artem Dzyuba yana «Spartak»ka qarshi. Bu ham so‘nggi mavsumlardagi e'tiborga arzirli voqea bo‘lib kelmoqda. Dzyuba doimiy ravishda sobiq jamoasini xafa qilishni kanda qilmayapti.
MONAKO – MARSeL (2 sentabr, 23:59)

Uch turdan keyin «PSJ»ning yonida «Dijon», «Nim» kabi jamoalar yuribdi, u yerga yarashadigan ikki klub esa, 4 tadan ochko to‘plab to‘qqizinchi va o‘ninchi o‘rinlarni egallab turishibdi. Endi bulardan qaysidir, balki ikkalasi ham yanada pastroqqa sho‘ng‘ishi shu turda ro‘y beradi.
Birinchi turda «Tuluza» ustidan 4:0 hisobida ajoyib g‘alabaga erishgan «Marsel»ni bu mavsumda peshqadamga qarshilik qilishi mumkin bo‘lgan asosiy da'vogar deb bilishgandi, ammo ikkinchi turdayoq debyutant «Nim» marselliklarni osmondan tushirib qo‘ydi. Keyin esa, «Marsel» o‘z maydonida «Renn»ni yenga olmadi. «Monako»ning holati ham shunga yaqin, faqat ular yagona mag‘lubiyatni «Bordo»dan, ya'ni kuchliroq klubdan qabul qilganliklari bilan o‘zlarini ovutishlari mumkin.
«Monako»ning so‘nggi yillardagi muvaffaqiyatlaridan kelib chiqqanda, bu jamoaning «Marsel» ustidan yaqqol ustunligi mantiqan to‘g‘ri. Hatto aksincha, nima bo‘lgandayam liganing kuchli jamoalaridan biri bo‘lgan «Marsel» ustidan so‘nggi 4 o‘yindan uchtasida yirik hisobda g‘alaba qozongan «Monako»ning biroz omadi kelganini ham aytish mumkin. Xususan, roppa-rosa bir yil oldin, 2017 yilning 28 avgustida «Monako» «Marsel» ustidan 6:1 hisobida g‘alaba qozongandi. «Olimpik» Monakodan oxirgi marta 2011 yilning yanvarida ochko olib ketgan – o‘sha o‘yinda hisob ochilmagandi. Shundan buyog‘iga doimiy ravishda mezbonlar g‘alaba qozonib kelishmoqda. Barcha o‘yinlardagi oxirgi g‘alabani marselliklar 2015 yilning mayida qo‘lga kiritishgan.
Tarkiblar borasida muammo har ikki jamoada ham u qadar katta emas. Mezbonlarda Rajji va Yovetichdan tashqari, yangi xarid qilingan Aleksandr Golovin hali tiklanib ulgurmagan bo‘lsa, «Marsel» tarkibida Rolando, shuningdek, darvozabon Stiv Mandanda jamoasiga yordam bera olmaydi.
BOShQA O‘YINLAR
31 avgust. «Hannover-96» – «BORUSSIYa» D (23:30)
1 sentabr. «CheLSI» – «Bornmut» (19:00) «Nim» – «PSJ» (20:00), «Bolonya» – «INTeR» (21:00), «Shtutgart» – «BAVARIYa» (21:30), «MANCheSTeR SITI» – «Nyukasl» (21:30), «Parma» – «YuVeNTUS» (23:30), «ReAL» – «Leganes» (23:45).
2 sentabr. «Kardiff» – «ARSeNAL» (17:30), «Byornli» – «MANCheSTeR YuNAYTeD» (20:00), «Uotford» – «TOTTeNHEM» (20:00), «BARSeLONA» – «Ueska» (21:30), «Sampdoriya» – «NAPOLI» (23:30).
Mavzuga oid
15:13 / 05.10.2024
«Real» noqulay raqibga qarshi, ten Hagning taqdiri tikilgan o‘yin, Bundesligada peshqadamlar to‘qnashuvi. Hafta o‘yinlari anonsi
18:27 / 15.09.2023
«Bavariya» peshqadamga qarshi, Milanda derbi, «MYu» va «Real» uchun jiddiy sinov
12:21 / 16.03.2023
«Liverpul» yana bir sharmandalikdan qutulib qoldi, ammo keyingi bosqichga «Real» o‘tdi. YeChLda kun o‘yinlari
19:42 / 07.11.2022