10:51 / 01.09.2018
6941

Kun.uz O‘zbekiston mustaqilligining 27 yillik bayrami bilan barchani qutlaydi

Foto: Kun.uz

Mustaqillik – har bir millat, har bir xalq va elat uchun muqaddas tushuncha, jumladan, o‘zbeklar uchun ham. Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 27 yillik bayram shodiyonalari butun mamlakat bo‘ylab keng nishonlanmoqda. 

O‘tgan yillar davomida O‘zbekistonda izchil islohotlar olib borildi. Buni ko‘plab sohalarda bo‘layotgan o‘zgarishlar misolida ham sezish mumkin. Sog‘liqni saqlash, ta'lim, fan va texnika, sport hamda ko‘plab sohalarda yangicha ruh, zamonaviy qiyofa o‘z aksini topdi. Fuqarolarning haq-huquqlarini himoya qilish, inson manfaatlarining ustuvorligi bugungi olib borilayotgan siyosatning asl maqsadini anglatadi.

Bugun mustaqil O‘zbekiston haqida butun dunyo bilmoqda, shu sabab bu yurtni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishga, uning shonli tarixi, milliy qadriyatlari, urf-odatlari va bayramlari bilan yaqindan tanishish maqsadida bu diyorga tashrif buyurishmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekistonning jahon hamjamiyati oldidagi qiyofasini, obro‘sini oshirish yo‘lidagi mehnati besamar ketmayapti. Bugun butun jahon mashhur Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Qo‘qon va boshqa ko‘plab tarixiy shaharlarni ko‘rish ishtiyoqida.

Kun.uz tahririyati jamoasi Mustaqillikning 27 yillik bayrami bilan barcha fuqarolarni muborakbod etadi. Tinchlik, omonlik va baraka yurtimizni aslo tark etmasin!

Top