22:40 / 01.09.2018
94144

Osiyo o‘yinlari yakunlari. Rekordlar, boks va kurashdagi gegemonlik

Bugun, 1 sentabr kuni Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida Osiyo o‘yinlarining yakuniy bahslari o‘tkazildi. 2 sentabr kuni tongida triatlon bo‘yicha jamoaviy bahslardan keyin turnirning yopilish marosimi tashkillashtiriladi.

O‘zbekiston bu safargi Osiyo o‘yinlarida barcha natijalarni yaxshiladi. 

Turnirga O‘zbekistondan 234 nafar sportchi yo‘l olib, ular sportning 30 turi bo‘yicha mamlakat sharafini himoya qilishdi.

Yakunda O‘zbekiston delegatsiyasi 21 oltin, 24 kumush va 25 bronza, jami 70 medal qo‘lga kiritdi. Bu esa medallarning umumiy soni bo‘yicha ham, oltin medallar soni bo‘yicha ham, kumush va bronza medallar soni bo‘yicha ham natijalar yaxshilanishi bo‘ldi.

Foto: Abdulloh Fayzullayev

Xususan, shu vaqtgacha medal jamg‘arish bo‘yicha Guangjou—2010 o‘yinlari eng yaxshi natija qayd etilgan turnir bo‘lib turgandi — jami 56ta medal (11 oltin, 22 kumush, 23 bronza). Eng ko‘p oltin va bronza olish bo‘yicha ko‘rsatkich esa Pusan—2002 turnirida qayd etilgan. 2002 yilgi Osiyo o‘yinlaridan o‘zbekistonlik sportchilar 15ta oltin va 24ta bronza medal bilan qaytishgandi (15-12-24). Eng ko‘p kumushlar Bangkok—1998 va Guanchjou—2010 turnirlarida olingan - 22tadan.

Shu bilan birgalikda O‘zbekiston umumiy reytingda yuqori o‘rin egallash bo‘yicha natijani yaxshilay olmadi, Hirosima—1994 va Pusan—2002 turnirlaridagi natijalar takrorlandi.

O‘zbekiston shu vaqtga qadar 6 marta Osiyo o‘yinlarida qatnashgandi.

1. Hirosima—1994: 11ta oltin, 12ta kumush, 19ta bronza. Jami 42ta medal. Umumjamoa hisobida 5-o‘rin.

2. Bangkok—1998: 6ta oltin, 22ta kumush, 12ta bronza. Jami 40ta medal. Umumjamoa hisobida 10-o‘rin.

3. Pusan—2002: 15ta oltin, 12ta kumush, 24ta bronza. Jami 51ta medal. Umumjamoa hisobida 5-o‘rin.

4. Doha—2006: 11ta oltin, 14ta kumush, 15ta bronza. Jami 40ta medal. Umumjamoa hisobida 7-o‘rin.

5. Guangjou—2010: 11ta oltin, 22ta kumush, 23ta bronza. Jami 56ta medal. Umumjamoa hisobida 8-o‘rin.

6. Incheon—2014: 9ta oltin, 14ta kumush, 22ta bronza. Jami 45ta medal. Umumjamoa hisobida 11-o‘rin.

7. Jakarta-Palembang—2018: 21ta oltin, 24ta kumush, 25ta bronza. Jami 70ta medal. Umumjamoa hisobida 5-o‘rin.

O‘zbekiston delegatsiyasiga eng ko‘p medalni Osiyo o‘yinlariga ilk bor kiritilgan o‘zbek milliy kurashi vakillari keltirishdi - 6ta oltin, 2ta kumush va 4ta bronza. Shuningdek, boksda 5ta oltin va 2ta kumush medal qo‘lga kiritildi. Qayd etish kerakki, turnirga borgan barcha bokschilar finalga chiqib, medallarga ega bo‘lishdi.

Shuningdek, erkin kurashchilar 2ta oltin, 1ta kumush va 3ta bronza medalni delegatsiya hisobiga qo‘shib qo‘yishgan bo‘lsa, kanoeda 8ta (1-3-4), taekvondoda 6ta (1-3-2), tosh ko‘tarishda 5ta (1-2-2), yengil atletikada 4ta (1-2-1), baydarkada eshkak eshishda 4ta (1-2-1), samboda 4ta (1-1-2), dzyudoda 4ta (1-0-3), tennisda bitta oltin, badiiy gimnastikada 2ta kumush, karateda 1 kumush va 2 bronza, velosport, u-shu va sport gimnastikasida bittadan kumush, penchak silatda bitta bronza qo‘lga kiritildi.

Bekzod Abdurahmonov

Qayd etish kerakki, turnirga 45 mamlakatdan 9704 nafar sportchi tashrif buyurdi. Sportning 42 turi bo‘yicha 476 komplekt medallar jamlanmasi o‘ynaldi. 

Yakuniy reytingda xitoylik sportchilar jami 289 medal olgan holda boshqa raqiblardan yaqqol ustunlik qilishdi - 132ta oltin, 92ta kumush va 65 bronza. Uchlikni Yaponiya (74-56-74) va Janubiy Koreya (49-57-7) to‘ldirdi. Mezbon Indoneziya esa 31 oltin olib, to‘rtinchi o‘rinni band etdi, mezbonlarning 15 oltini milliy sport turi penchak silatdan olindi.

Beshinchi o‘rin uchun oxirgi kunlarda Eron, Xitoy Taypeyi Hindiston, Qozog‘iston, KXDR va O‘zbekiston o‘rtasida kurash kechdi. O‘zbekiston turnirning ikkinchi haftasida ham o‘nlikdan tashqarida edi va faqat oxirgi kunlardagi medallar, ayniqsa bokschilarning muvaffaqiyatli ishtiroki evaziga beshinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Oxirgi kunda Eron va O‘zbekiston o‘rtasida o‘ziga xos intriga yuzaga keldi. Kun avvalida Eron 19ta medal bilan beshinchi o‘rinda turgandi, yettinchi o‘rindagi O‘zbekistonda esa 15ta oltin medal bor edi. O‘zbekistonlik bokschilardan 5 nafari oltin medalga ega chiqqanidan keyin ham beshinchi o‘rin kafolatlanmagandi, Eronning basketbol va voleybol jamoalari finalga chiqqan va ikkita oltin medal olish orqali yana beshinchi o‘rinni qaytarib olishi mumkin edi. Ammo o‘zbekistonlik sambochilar bitta oltin medal qo‘lga kiritish orqali, eronliklarning imkoniyatlarini yo‘qqa chiqardi, endi Eron jamoviy bahslarda ikkita oltin medal qo‘lga kiritsa ham, kumush medallar kamligi evaziga (bu vaqtda Eronda 19ta, O‘zbekistonda 24ta kumush medal bor edi). Yakunda eronlik voleybolchilar g‘alaba qozonib, medallar sonini 20taga yetkazishdi, ammo basketbol jamoasi kumush medal bilan kifoyalandi.

Turnirda yuqoriroq natija ko‘rsatishi kutilgan Qozog‘iston delegatsiyasi esa 76 medal bilan (15-17-44), 9-o‘ringa joylashdi.

Umuman, turnirga kelgan 45 delegatsiyadan 37tasi kamida bitta medal bilan qaytadigan bo‘ldi. Bu delegatsiyalar qatorida 22-o‘rindagi Qirg‘iziston (2-6-12), 27-o‘rindagi Iroq (1-2), 28-o‘rindagi Birlashgan Koreya jamoasi (1-1-2), 30-o‘rindagi Tojikiston (0-4-3), 32-o‘rindagi Turkmaniston (0-1-2), 34-o‘rindagi Pokiston (0-0-4), 35-Afg‘oniston (0-0-2), 37-o‘rindagi Suriya (0-0-1) ham bor.

Musobaqa davomida o‘zbekistonliklar Osiyo o‘yinlari rekordlarini yangilashdi. Svetlana Radzivil balandlikka sakrash bo‘yicha uch karra Osiyo o‘yinlari g‘olibiga aylanish bilan bir qatorda, 2010 yilda o‘zi o‘rnatgan rekordni yangilay oldi. Shuningdek, Ruslan Nuriddinov og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo o‘yinlarining yangi rekordchisiga aylandi. Vadim Menkov baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha to‘rt karra Osiyo o‘yinlari g‘olibiga aylangan ilk sportchi bo‘ldi. 

O‘zbekiston boks jamoasi esa turnirda yaqqol gegemonlik qildi va katta farq bilan birinchi o‘rinni egalladi.

Jasurbek Latipov (-52 kg), Miraziz Mirzaxalilov (-56 kg), Iqboljon Xoldorov (-64 kg), Bobousmon Boturov (-69kg) va O‘zbekiston delegatsiyasi bayroqdori Isroil Madrimov (-75 kg) oltin medallarni qo‘lga kiritishgandi. Hasanboy Do‘smatov (-49 kg) va Shunqor Abdurasulov (-60 kg) esa finalda yutqazib, kumush medal bilan kifoyalanishdi.

1. O‘zbekiston — 5-2-0
2. Mo‘g‘uliston — 1-1-0
3. Hindiston — 1-0-1
4. Qozog‘iston — 0-2-0
5. Filippin — 0-1-2. 
6. KXDR — 0-1-1
7. Tailand — 0-0-4
8. Xitoy — 0-0-3
9. Indoneziya — 0-0-1
10. Iordaniya — 0-0-1
11. Qirg‘iziston — 0-0-1
12. Yaponiya — 0-0-1

O‘zbekistonlik kurashchilar ham boshqa raqiblardan yaqqol ustunlik ko‘rsatishdi. Kurash bo‘yicha musobaqalar ham 7 vazn toifasida tashkil etildi va unda ishtirok etgan 14 nafar o‘zbekistonlik kurashchidan 12 nafari medal oldi - 6 oltin, 2 kumush va 4 bronza. E'tiborli jihati, ikki marta finalda o‘zbekistonlik kurashchilar oltin uchun o‘zaro bahs olib borishdi. -90 kg vazn toifasida Yahyo Imomov va Shermuhammad Jandriyev hamda -66 kg vazn toifasida Ma'ruf G‘aybulloyev va Ruslan Bo‘riyev finalda o‘zaro gilamga chiqishdi. Shuningdek, o‘zbekistonlik yengil atletikachilar, Svetlana Radzivil va Nadiya Dusanova balandlikka sakrash bo‘yicha oltin va kumush medallarni o‘zaro bo‘lib olishdi.

Foto: Hasan Pirmuhammedov

O‘zbekiston delegatsiyasi 2 sentabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 15:00da Toshkentga qaytib keladi.

Mavzuga oid
Top