Sport | 19:30 / 01.09.2018
18195
2 daqiqa o‘qiladi

Umid Ahmadjonov: Tokio Olimpiadasigacha tarkibning yarmi almashadi, yengil atletikaga e'tibor kuchaytiriladi

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov ayni vaqtda Indoneziyada Osiyo o‘yinlarini yoritayotgan «Kun.uz» muxbiriga intervyu berdi.

MOQ rahbari Osiyo o‘yinlaridagi natijalar kutilganidek yuqori bo‘lganini ta'kidlab, endi 2020 yili Yaponiya poytaxti Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan Yozgi Olimpiada o‘yinlariga tayyorgarlik boshlanishini aytib o‘tgan.

«Mamlakatimizda bayram bo‘lmoqda. Biz esa xorijda turib vatanimiz bayrog‘ini balandga ko‘tarmoqdamiz. 

Mustaqil bo‘ganimizdan buyon bunday yuqori natija kuzatilmagandi. Oldimizda Olimpiada o‘yinlari turibdi. Tokioda ham kamida 10ta oltin olishni maqsad qilganmiz.

Osiyo o‘yinlarida milliy kurash va boks vakillari xursand qilishdi. Tennisdan, dzyudodan, sambodan ham oltinlar oldik.

Yengil atletikaga ham jiddiy e'tibor qaratamiz. Biz hozir Tokio Olimpiadasiga boradigan sportchilarni saralashni boshlaganmiz. Har bitta federatsiyaning alohida strategiyasini ishlab chiqamiz. Sportchilarning kun tartibigacha boshqatdan ko‘rib chiqamiz. Olimpiadaga borib, medal bo‘larmikan, bo‘masmikan, deb o‘tirmoqchi emasmiz.

6 oyda jiddiy o‘zgarishlar qilishga ulgurmasdik. Osiyo o‘yinlariga yoshlarni olib kelib, tavakkal qilmadik. Ammo Tokio Olimpiadasiga tarkibning yarmi almashadi. Xudo xohlasa, Tokiodan 10ta oltin bilan qaytmoqchimiz», degan Umid Ahmadjonov.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston delegatsiyasi Indoneziyada 2 haftadan buyon davom etayotgan turnirda 21 oltin, 24 kumush va 25 bronza, jami 70 medal oldi va umumiy reytingda beshinchi o‘rinni band etdi.

2016 yilgi Rio-de-Janeyro olimpiadasida O‘zbekiston delegatsiyasi 4ta oltin, 2 kumush va 7 bronza bilan umumjamoa hisobida 21-o‘rinni egallagandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid