Sport | 22:30 / 04.09.2018
22346
4 daqiqa o‘qiladi

«Millionlarni yashirish». Mourino shartli qamoq jazosiga rozi bo‘ldi

Foto: Reuters

«Manchester Yunayted» jamoasi bosh murabbiyi Joze Mourino «Real»da ishlagan vaqtida soliqlarni to‘lamasligi bo‘yicha sud qilindi, u Ispaniya soliq idorasi tomonidan qo‘yilgan ayblarni tan oldi va bir yillik shartli qamoq jazosiga rozi bo‘ldi. OAV ma'lumotiga ko‘ra, Mourino Ispaniya g‘aznasiga 3,3 million dollar miqdoridagi mablag‘ni to‘lamagan.

Mourinoga nisbatan 2011-2012 yillarda soliqdan qochish bo‘yicha ish ochilgan. El Mundo nashri prokuraturaga asoslanib tarqatgan xabariga ko‘ra, u imij huquqlaridan olgan daromadini Britaniyaning Virginiya orollaridagi offshor kompaniyasi orqali yashirgan. Portugaliyalik mutaxassis 2011 yilda 1,6 million yevro, 2012 yilda 1,7 million yevro miqdorida soliq to‘lamagan. Bu qonunbuzarliklarning har biri uchun u 6 oylik qamoq jazosiga mahkum qilinadi.

Biroq, Ispaniya qonunchiligiga ko‘ra, 2 yilgacha bo‘lgan qamoq jazosi shartli hisoblanadi, shu tufayli, Mourino ozodlikda qoladi.

Bundan tashqari, Mourino bu ish yuzasidan Ispaniya soliq idorasiga 670 ming yevro miqdorida jarima to‘lashga rozi bo‘lgan.

Ma'lumot uchun, shu yilning mayida Mourino ushbu ishni yopish uchun Ispaniya g‘aznasiga 800 ming yevro to‘lashga tayyor bo‘lgandi.

Portugaliyalik murabbiy «Real»ni 2010 yildan 2013 yilgacha boshqargan. Bu davr mobaynida u «qaymoqranglilar» bilan bir marta Ispaniya chempioni bo‘lgan, shuningdek bir martadan Ispaniya Kubogi va Ispaniya Superkubogida g‘alaba qozongan.

Qayd etish kerakki, Mourino Ispaniya soliq qonunchiligi bilan muammoga duch kelgan futbol olamidagi yagona taniqli shaxs emas. Bungacha «Real»ning sobiq futbolchisi, hozirda Turinning «Yuventus» klubi hujumchisi hisoblanadigan Krishtianu Ronaldu ham Ispaniyada soliq to‘lamagani uchun jazolangandi.

Prokuratura ma'lumotiga ko‘ra, Ronaldu 2011 yildan 2014 yilga qadar bo‘lgan muddatda 4,7 million yevro miqdoridagi soliqlarni yashirgan. U soliqlarni yashirish uchun 2010 yilda tuzilgan kompaniyasidan foydalangan.

Avvaliga 33 yoshli futbolchiga 8 yillik qamoq jazosi tahdid qilgandi, ammo Ronalduning vakillari soliq idoralari bilan kelishuvga erishdi va muddat 2 yilga kamaytirildi. 4 jinoyatda ayblangan futbolchi Ispaniya soliq organlariga 19 million yevro to‘lab berdi. Shundan 2 million yevro futbolchiga qaytarib berildi, soliq xizmati bu miqdordagi mablag‘ni futbolchi o‘tgan vaqt davomida QQS (qo‘shimcha qiymat solig‘i) sifatida to‘lagani uchun qaytardi.

Ispaniyada soliq muammosiga «Barselona» futbolchisi Lionel Messi va uning otasi Xorxe ham duch kelgan. Ular ikkisi Kataloniya poytaxti sudi tomonidan 2007-09 yillarda 4,1 million yevro miqdoridagi soliqni yashirishda ayblanib, 21 oy muddatga hukm qilingan. 

Tergov ma'lumotiga ko‘ra, Messining otasi o‘g‘li balog‘atga yetmagan vaqtda offshor kompaniya tashkil etgan, uning maqsadi futbolchining reklamalardan keladigan daromadlaridan soliqlarni yashirish bo‘lgan. Futbolchining o‘zi esa bundan bexabar bo‘lgan.

Lionel Messining aybsizligini otasi tasdiqladi va ishni o‘z moliyaviy maslahatchilari bilan olib borganini ma'lum qildi. Natijada argentinalik futbolchi shartli qamoq jazosi olib, 2010 va 2011 yilda ochilgan ishlar bo‘yicha jami 15 million yevroni soliq xizmatiga o‘tkazib berdi.

Mavzuga oid