O‘zbekiston | 21:20 / 04.09.2018
40138
2 daqiqa o‘qiladi

Misr prezidenti O‘zbekistonga keldi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Misr Arab Respublikasi prezidenti Abdulfattoh Said Husayn Xalil as-Sisiy 4 sentabr kuni rasmiy tashrif bilan Toshkentga keldi. 

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib oldi. 

Tashrifning asosiy voqealari 5 sentabr kuni bo‘lib o‘tadi. Shavkat Mirziyoyev va Abdulfattoh as-Sisiyning oliy darajadagi uchrashuvlarida O‘zbekiston – Misr hamkorligini rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilish, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashish rejalashtirilgan. 

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, muzokaralar yakunida davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonoti qabul qilinishi, O‘zbekiston bilan Misr o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, turizm, fan, ta'lim, madaniyat, sport sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga qaratilgan hukumatlararo va idoralararo salmoqli hujjatlar imzolanishi kutilmoqda. 

Misr Prezidentining tashrifi doirasida Toshkent shahrida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining biznes-forumi va kooperatsion birjasini o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan. 

Mavzuga oid