22:19 / 04.09.2018
10975

Olimlar muzlamaydigan qoplama ixtiro qilishdi

Hozirda elektr uzatish liniyalari, samolyotlar turbina va korpuslari muzlab qolishining oldini olish uchun maxsus kimyoviy moddalardan foydalaniladi. Ammo bunday aralashmalar har doim ham samarali emas va qimmat turadi. Yaqinda olimlar quyosh nuri yordamida muzlashning oldini oladigan qoplama ishlab chiqishdi. Unga hech qanday kimyoviy aralashmaning keragi yo‘q va qoplama «o‘z-o‘zidan» ishlaydi.

Ixtiro Massachusets texnologiya instituti mutaxassislariga tegishli. Qoplama uch qavatli materialdan iborat bo‘lib, u quyosh energiyasini o‘zida to‘playdi va uni issiqlikka aylantiradi. Bundan tashqari, olingan energiya faqatgina quyosh nuri tushgan joyni isitmaydi, balki qoplamaning butun yuzasi bo‘ylab tarqaladi. Qoplama tunda sun'iy yoritish manbalari nuri yordamida ishlaydi. Olimlar guruhi rahbari, mashinasozlik professori Krip Varanasi Science Advances nashriga bergan intervyusida yangi ixtiro haqida ma'lumot berdi.

Uning aytishicha, eng yuqori qatlam 95%gacha quyosh nurini yutadi va uni issiqlikka aylantiradi. Qalinligi 400 mikrometrli alyuminiydan iborat ikkinchi qatlam isiydi va issiqlik tarqatadi. Eng pastki qatlam esa issiqlik chiqib ketishining oldini oladi.  

Hozirda olimlar mazkur ixtironi uylarning tomida sinab ko‘rishmoqchi. Sinovlardan so‘ng uning mustahkamligi va chidamliligini oshirish bo‘yicha ish olib boriladi.

Top