O‘zbekiston | 20:25 / 06.09.2018
19839
11 daqiqa o‘qiladi

Prezident Xalqaro maqom san'ati anjumanini ochib berdi

6 sentabr kuni Shahrisabz shahrida Xalqaro maqom san'ati anjumanining tantanali ochilish marosimi bo‘ldi. 

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. 

Muhtaram xalqaro anjuman ishtirokchilari!

Qadrli do‘stlar!

Xonimlar va janoblar!

Bugun bag‘rikeng, mehmondo‘st, san'atsevar o‘zbek diyorida katta bayram, katta shodiyona.

Jonajon Vatanimizning go‘zal va betakror maskanlaridan biri  Shahrisabz zaminida, buyuk Amir Temur bobomiz bunyod etgan muazzam Oqsaroy maydonida Xalqaro maqom san'ati anjumani tantanali ravishda ochilmoqda. Shu munosabat bilan siz, azizlarni, o‘z hayotini noyob musiqa durdonasi bo‘lmish maqom san'atiga bag‘ishlagan fidoyi insonlarni chin qalbimdan muborakbod etaman.

Bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan yuqori martabali mehmonlarimiz YuNeSKO, Osiyo folklor ijodiyoti tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar vakillariga alohida minnatdorlik bildiramiz. 

Rossiya Federatsiyasi Prezidentining maslahatchisi, Vladimir Ilich Tolstoyga, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Sultanbay Rayyevga, Qozog‘iston Respublikasi madaniyat va sport vaziri Arstanbek Muhammed o‘g‘liga, Tojikiston Respublikasi madaniyat vaziri Shamsiddin O‘rumbekzodaga, Ozarbayjon Respublikasi madaniyat vaziri Abulfas Garayevga, Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vazirining birinchi o‘rinbosari Ahmat Xaluk Dursunga o‘z tashakkurlarimizni bildiramiz. Ularning yurtlarida ham mana shunday san'at bayramlari ko‘p bo‘lsin va ularda qatnashish bizga ham nasib etsin.

Yana bir qator davlatlarning madaniyat sohasi rahbarlarini, xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi muhtaram elchilarini samimiy qutlab, chuqur minnatdorlik bildirishga ruxsat etgaysiz.

Biz sizlarning timsolingizda tinchlik va ezgulik namoyandalarini, xalqimiz va madaniyatimizning haqiqiy do‘stlarini ko‘ramiz.

Xush kelibsiz, O‘zbekistonga, xush kelibsiz, Shahrisabzga!

Hurmatli anjuman qatnashchilari!

Mamlakatimizda birinchi bor o‘tkazilayotgan ushbu san'at bayramida dunyoning 73 ta davlatidan kelgan 300 ga yaqin ishtirokchilar va mehmonlar qatnashmoqda. Ularning orasida nafaqat o‘z yurtida, balki jahon miqyosida ham mashhur xonanda va sozandalar,  madaniyat va san'at arboblari,  musiqashunos olimlar borligi barchamizga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Bugun Shahrisabzning moviy gumbazlari ostida jahondagi ko‘plab xalqlar va mamlakatlarning musiqiy xazinasiga aylangan, o‘zining teran falsafasi, ilohiy qudrati bilan ming-minglab qalblarni maftun etadigan maqom sadolari baralla yangramoqda.

Haqiqatan ham, biz uchun bebaho badiiy qomus bo‘lgan maqom san'ati asrlar, necha yuz yillar davomida inson ruhini, uning dardu armonlarini, ezgu intilishlarini yuksak pardalarda ifoda etib kelmoqda.

Sharq mumtoz adabiyoti, tasviriy san'ati, ilmu ma'rifat, islomiy qadriyatlardan oziqlangan maqom san'atiga – ana shunday buyuk madaniy meros rivojiga o‘zbek xalqi ham munosib hissa qo‘shgani bilan biz haqli ravishda faxrlanamiz.

Bu noyob boylikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, undan dunyo ahlini bahramand qilish, kelgusi nasllarga bezavol yetkazish turli qit'a va mamlakatlar vakillarini bu go‘zal maskanda mujassam etgan anjumanimizning asosiy maqsadidir.

Qadrli do‘stlar!

Bugungi san'at forumini aynan Shahrisabz shahrida tashkil etganimiz bejiz emas, albatta.

Bu shahar o‘zining 2700 yillik ko‘hna tarixi davomida og‘ir va mashaqqatli sinovlarni, tahlikali zamonlarni o‘z boshidan kechirdi. Ammo har qanday murakkab davrlar, urush va bosqinlar, tabiiy ofatlar ham uni tarix sahifasidan o‘chira olmadi.

Shahrisabz buyuk sarkarda va davlat arbobi, madaniyat va san'at homiysi Sohibqiron Amir Temur bobomiz kamolga yetgan mo‘'tabar maskan sifatida ham dunyoga ma'lum va mashhurdir.

Bu shahar qadim-qadimdan ulug‘ alloma va shoirlari, san'at va madaniyat ahli, qo‘li gul ustalari, mohir hunarmandlari bilan shuhrat qozonib keladi. Uning bag‘ridagi noyob me'moriy obidalar, nodir yodgorliklar bu haqiqatni yaqqol tasdiqlaydi.

Bugungi kunda xalqimizning bunyodkorlik salohiyati, fidokorona mehnati bilan Shahrisabz yurtimizning eng obod maskanlaridan biriga, zamonaviy madaniyat va turizm markaziga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi.

Muhtaram mehmonlar! 

Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan O‘zbekiston zamini qadimiy sivilizatsiya, madaniyat va san'at beshiklaridan biri bo‘lib kelayotgani, o‘ylaymanki, sizlarga yaxshi ma'lum.

Samarqand viloyatining Mo‘minobod qishlog‘idan topilgan 3 ming yillik nay cholg‘usi, Termiz yaqinidagi Ayritom arxeologik yodgorligida aks etgan sozandalar tasviri va boshqa ko‘plab misollar milliy musiqa san'atimiz, hech shubhasiz, boy va qadimiy tarixga ega ekanidan dalolat beradi.

Buyuk shoir va mutafakkir Mir Alisher Navoiy bobomizning aynan “navo”, ya'ni, musiqiy ohang, degan so‘zni o‘zlariga taxallus qilib, butun dunyoda shuhrat topganini barchamiz yaxshi bilamiz.

Xalqimiz badiiy tafakkurining mahsuli bo‘lgan “Shashmaqom”, ya'ni, olti maqomni, ta'bir joiz bo‘lsa, olti azim daryoga qiyoslash mumkin. Bu daryolar asrlar davomida jahon madaniyat ummoniga quyilib, uni har tomonlama to‘ldirib, boyitib kelmoqda. Shuning uchun ham bu muazzam musiqiy durdona YuNeSKO tomonidan jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgani chuqur ma'no va ahamiyatga ega, deb o‘ylayman.

Azaldan san'atni, musiqani butun qalbi bilan sevadigan, ijod ahlini munosib qadrlaydigan el-yurtimiz bugungi anjumanni katta quvonch va hayajon bilan kutib olmoqda.

Bugun biz ana shunday ulkan ma'naviy boylikning shakllanishi va taraqqiyotida, bu umrboqiy san'atning bizgacha yetib kelishida beqiyos xizmat ko‘rsatgan  ulug‘ shoir va mutafakkirlar, bastakor va sozandalar, buyuk hofizlarning xotirasini hurmat-ehtirom bilan yod etamiz.

Aziz do‘stlar!

Bugungi zamonda barcha ezgu niyatli insonlarni birlashtirish, yoshlarni yuksak gumanistik ideallar ruhida tarbiyalashda musiqa san'atining o‘rni va ahamiyatini hech narsa bilan o‘lchab, baholab bo‘lmaydi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Agar biz asl, haqiqiy san'atni bilmoqchi, o‘rganmoqchi bo‘lsak, avvalo mumtoz maqom san'atini bilishimiz, o‘rganishimiz kerak.

Agar biz san'atni, madaniyatni ko‘tarmoqchi bo‘lsak, avvalo mumtoz maqom san'atini ko‘tarishimiz kerak.

Maqom ohanglari, maqom ruhi va falsafasi har bir inson qalbidan, avvalo, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizning ongi va yuragidan chuqur joy olishi uchun bor imkoniyatlarimizni safarbar etishimiz zarur.

Maqom san'atining madaniy hayotimizdagi ana shunday beqiyos ta'sirini inobatga olib, mamlakatimizda bu borada keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Albatta, sizlar anjuman kunlarida hamkasb do‘stlaringiz, san'at muxlislari bilan muloqotda bo‘lib, ana shunday ishlar bilan atroflicha tanishish imkoniga ega bo‘lasizlar.

O‘ylaymanki, bugungi anjuman oldimizda turgan muhim nazariy-amaliy muammolarni atroflicha muhokama qilish, bu borada xalqaro tajriba, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, Internet imkoniyatlaridan keng foydalanish, turli madaniy va ijodiy tashkilotlar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, o‘zaro bordi-keldilarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishi ayni muddao bo‘lur edi.

Shu ma'noda, anjuman doirasida o‘tkaziladigan “Maqom musiqa san'ati va uning jahon sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bu yo‘lda muhim qadam bo‘lishi tabiiy.

Fursatdan foydalanib, bugungi san'at va nafosat bayramini yuksak saviyada o‘tkazish uchun o‘zini ayamasdan, fidokorona mehnat qilgan barcha insonlarga, mehmondo‘st va olijanob Qashqadaryo viloyati va Shahrisabz ahliga anjuman ishtirokchilari nomidan, xalqimiz nomidan samimiy minnatdorchilik bildirishga ijozat bergaysiz.

Muhtaram do‘stlar!

Aziz mehmonlar!

Sizlarning bevosita ishtirokingizda boshlanayotgan bugungi xalqaro anjuman bardavom bo‘lib, uzoq va yaqin mintaqalarda maqom san'ati rivojini yangi bosqichga ko‘tarish uchun poydevor bo‘lib xizmat qiladi, deb ishonaman.

Barchangizni xalqaro maqom anjumanining ochilishi bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.

Dillarni dillarga, ellarni ellarga payvand etadigan maqom san'atimiz hamisha gullab-yashnasin!

Uning fidoyilari doimo bor bo‘lsin, omon bo‘lsin!

Barchangizga sihat-salomatlik, olijanob faoliyatingizda yangi ijodiy yutuqlar, anjuman ishiga muvaffaqiyatlar tilayman.

Katta rahmat sizlarga, yana bir bor xush kelibsiz O‘zbekistonga!

E'tiboringiz uchun tashakkur.

«Ushbu xalqaro anjuman davlatimiz rahbari tashabbusi bilan o‘zbek milliy maqom san'atini keng targ‘ib qilish, yosh avlod qalbida milliy mumtoz san'atimizga hurmat va e'tibor tuyg‘ularini kamol toptirish maqsadida tashkil etildi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida

Prezidentning 2018 yil 6 apreldagi «Xalqaro maqom san'ati anjumanini o‘tkazish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq bu festivalga katta tayyorgarlik ko‘rildi. Shahrisabz shahridagi Oqsaroy maydoni hududida maqom san'atiga oid turli ko‘rgazmalar, milliy sozlar va liboslar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy san'at asarlari, haykaltaroshlik namunalari, badiiy va hujjatli filmlar, kitoblar, albomlar namoyishi va sotuvi yo‘lga qo‘yildi. 

Xalqaro maqom san'ati anjumani bu yil birinchi marta o‘tkazilmoqda. Prezident qaroriga muvofiq, festivalni har ikki yilda bir marta o‘tkazilishi belgilangan.

 

Mavzuga oid