Sport | 19:50 / 06.09.2018
8245
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda kurash bo‘yicha sovrin jamg‘armasi 100 ming dollar bo‘lgan prezidenti sovrini uchun musobaqa boshlandi

Bugun, 6 sentabr kuni Toshkent shahrida kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun I Xalqaro turnirning ochilish marosimi o‘tkazildi. Bahslar davomida jahonning 40ga yaqin mamlakatidan kelgan polvonlar sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib borishadi.

Asosiy bellashuvlar oldidan musobaqaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, O‘zbekiston kurash federatsiyasi rahbari Otabek Murodov, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov ham ishtirok etishdi.

Tadbir davomida Otabek Murodov va Jahongir Ortiqxo‘jayev so‘zga chiqishdi va start olgan musobaqada ishtirok etuvchi sportchilarga omad tilashdi.

Musobaqa erkaklar o‘rtasida mutlaq vazn toifasida tashkil qilinmoqda.

Turnirning sovrin jamg‘armasi 100 ming AQSh dollarini tashkil qiladi. Birinchi o‘rin egasi 50 ming dollar miqdoridagi mukofot pulini qo‘lga kiritadi. Ikkinchi o‘rin egasi 25 ming dollarga ega bo‘lsa, uchinchi o‘rinni band etgan polvonlar o‘z hisoblarini 10 ming dollar bilan boyitib olishadi. Shuningdek, 5-8 o‘rinni egallagan sportchilar ham 1250 AQSh dollari miqdoridagi mukofot puli bilan taqdirlanadi.

 

Mavzuga oid