Erdo‘g‘anning “o‘ldirilishi” haqidagi film rejissyori ozodlikdan mahrum etildi
7 sentabrda turkiyalik kinorejissyor Ali Avchi “Uyg‘onish” badiiy filmida terrorchilikni targ‘ib qilgani uchun jazolandi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar berdi.
Ushbu filmda 2016 yil iyulda Turkiyada sodir etilgan davlat to‘ntaruviga urinish agar amalga oshganda nima bo‘lishi haqida so‘zlangan bo‘lib, unda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va uning oilasi o‘ldiriladi.
Avchi filmning treyleri chiqqandan keyin hibsga olingan. Film syujyetiga ko‘ra, zobit Erdo‘g‘an ibodat qilayotganda uning gardaniga o‘q uzadi. Stsenariy bo‘yicha, Erdo‘g‘anning butun oilasi, jumladan uning kuyovi – Turkiya moliya vaziri Barat Albayroq halok bo‘ladi.
Istanbul sudi Avchini Fathulla Gulen tashkiloti bilan hamkorlikda ayblab, 6 yil 3 oyga ozodlikdan mahrum etgan. Turkiyada to‘ntaruvga urinishni tashkillashtirish ortida aynan Gulen va uning tarafdorlari turgan, deb hisoblanadi.
Sudning fikricha, Avchi film orqali jamiyatda “terrorchilik tashkiloti” g‘oyasini targ‘ib qilishga harakat qilgan. Sudlanuvchi Erdo‘g‘anning o‘zi ham isyonchilarning nishoni bo‘lgani haqida aytganini ta'kidlab, o‘ziga qo‘yilgan ayblovni rad etgan. U o‘zini oqlash maqsadida agar terrorchilikni targ‘ib qilishni istaganda Erdo‘g‘anni o‘ldirilgan emas, balki mamlakatdan qochgan ko‘rinishda akslantirgan bo‘lishini aytgan.
“Bu film agar to‘ntaruv amalga oshganda nima bo‘lishi haqida. Meni Erdo‘g‘anga to‘pponcha o‘qtalgan sahna uchun jazolashmoqda. Biroq istalgan odamdan so‘rang, to‘ntaruvdan maqsad Erdo‘g‘an bo‘lgan, buni prezidentning o‘zi ham aytadi. Agar men terrorchilikni targ‘ib qilganimda Erdo‘g‘anni ibodat qilayotgan holda emas, balki qochish rejasini tuzayotgan holda ko‘rsatardim. Agar men yashirin murojaat qilishni istaganimni isbotlay olishsa, men umrbod qamoqqa borishga tayyorman”, deb aytgan Avchi.
Turkiyada 2016 yil 16 iyulga o‘tar kechasi harbiy to‘ntaruvga urinish amalga oshirilgandi. Asosiy to‘qnashuvlar Anqara va Istanbulda kechgan. Voqea oqibatida 240 dan ko‘proq odam halok bo‘lgan, 2 mingdan ko‘prog‘i jarohat olgan. Isyonni bostirishga muvaffaq bo‘lingan.
Isyondan keyin Turkiyada 50 mingdan ko‘proq odam hibsga olingan, 160 mingdan ko‘proq davlat xizmatchisi o‘z ishidan bo‘shatib yuborilgan.
Mavzuga oid
00:32 / 04.12.2022
Turkiyaning birinchi uchuvchisiz qiruvchi samolyoti sinov parvozini muvaffaqiyatli amalga oshirdi
00:54 / 03.12.2022
Turkiyalik sharhlovchi JCh-2022 o‘yini tanaffusida efirdan chetlatildi
11:10 / 28.11.2022
O‘zbekiston va Turkiya yirik logistika infratuzilma loyihalarini birgalikda amalga oshirmoqchi
17:10 / 25.11.2022