O‘zbekiston | 20:21 / 07.09.2018
18437
5 daqiqa o‘qiladi

MAQOM ART forumidan keyin Shahrisabzda nima o‘zgardi?

6 sentabr kuni Shahrisabzda I Xalqaro maqom san'ati forumining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan o‘zbek milliy maqom san'atini keng targ‘ib qilish hamda yosh avlodning mumtoz musiqaga bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida tashkil qilingan. Xalqaro maqom san'ati forumi birinchi marta o‘tkazilmoqda. Davlat rahbari qaroriga muvofiq ushbu tadbir ikki yilda bir marta o‘tkaziladi. Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov MAQOM ART forumidan keyin Shahrisabzda nima o‘zgargani haqida so‘z yuritdi.

Foto: Kamil Yenikeyev

Vazifalar va qiyinchiliklar

Shahrisabzda birinchi marta xalqaro darajadagi festival o‘tkazilmoqda. Bu tadbirni O‘zbekistonning bundan-da mashhurroq shaharlarida o‘tkazish mumkin edi. Biroq yangi cho‘qqilarni zabt etish va Qashqadaryo viloyatining turistik salohiyatini rivojlantirish muhim ahamiyatga ega. Strategik vazifalar bo‘ldi, hammasi ham oson kechmadi. Ular nafaqat sahna, amfiteatr, konsert dasturini tayyorlash, balki turistik infratuzilma bilan ham bog‘liq bo‘ldi. Qisqa fursatlarda shaharda infratuzilma yaxshilandi, suv ta'minoti bilan bog‘liq muammolar hal qilindi.

Shahrisabz bugun

Bugunga kelib Shahrisabz bemalol 5000 nafargacha mehmonni qabul qila oladi. Elektr ta'minoti bilan bog‘liq ishlar olib borildi, illyuminatsiyalar yaratildi. Shahar deyarli to‘liq qaytadan asfaltlandi. Ishlar hali-hanuz davom etmoqda. Turistik avtobuslar, mini-avtobuslar, avtomobillar va hatto elektrokarlar xarid qilindi. Afrosiyob tezyurar poyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yildi.

Har bir hudud o‘ziga xos

Qashqadaryo viloyatining har bir tumani maxsus yaratilgan "etno-shaharcha"da namoyish etildi. Bu yerda har bir hududning o‘ziga xosligi, tarixiy va madaniy merosining farqlanishini ko‘rish mumkin. Bugunga kelib etno-shaharcha 14 viloyatni o‘zida jamlagan, lekin uning ko‘lami kengayib va rivojlanib boraveradi. Har bir hududning madaniy o‘ziga xosligi va turistik salohiyati noyobdir. Ushbu etno-shaharcha bo‘ylab harakatlanib, barchasiga o‘z ko‘zingiz bilan ishonch hosil qilishingiz mumkin. Har bir hududning o‘ziga xosligini imkon qadar ochib berishga harakat qilindi.

Madaniy meros

Sayyohlarni yurtimizning boy tarixi va madaniyati bilan tanishtirish uchun nafaqat ekspozitsiyalar, balki O‘zbekiston madaniyati uchun an'anaviy hisoblangan badiiy obrazlardan ham foydalanilmoqda. Shahrisabzda professional aktyorlar ularning siymolarini aks ettirishdi. Amir Temur, Alpomish va Barchinoy, Alisher Navoiy va b. Bu nafaqat mahalliy aholini, balki xorijlik mehmonlarni ham qiziqtirib qoldi.

Xavfsizlik va tourist-friendly

Tourist-friendly tamoyilini inkor etmagan holda xavfsizlikni yuqori darajada saqlash uchun huquqni muhofaza qilish organlari va ko‘ngillilar bilan katta ishlar qilindi. Barcha ko‘ngillilar tanish oson bo‘lishi uchun maxsus formalarda xizmat ko‘rsatishdi. Turistik politsiya faoliyati yo‘lga qo‘yildi. O‘ylashimcha, ularning bari o‘z vazifalarini ko‘ngildagidek uddalashmoqda. Shuningdek shaharda qisqa muddatlarda yangi videokuzatuv tizimi o‘rnatildi. Turistik politsiya nafaqat avtomobillar, balki sigvey va skuterlar bilan ham ta'minlandi.

Turistik politsiya va militsiya

Turistik politsiya nimasi bilan militsiyadan farq qiladi? Ular maxsus formada, xorijlik mehmonlar bilan ishlashga yaxshi tayyorlangan bo‘ladi, aksariyati hatto uchdan ortiq tilni biladi. Ya'ni agar sayyoh yoqimsiz vaziyatga tushib qolgan bo‘lsa, masalan, yo‘qolib qolsa yoki sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelsa, turistik politsiya xodimlari muammoni tushunib, qisqa fursatlarda uni hal qilishadi.

Endi sayyoh yordam so‘rash uchun ingliz tilini biladigan odamlarni qidirib yurishiga hojat yo‘q. Bu xodimlar xorijlik mehmonlar bilan maksimal darajada to‘g‘ri muloqot qila olishadi. MAQOM ART 2018 festivalining ko‘plab mehmonlari turistik politsiya tomonidan xayrixohlik, professionalizm va yordamga tayyorlikni alohida ta'kidlashdi. Shu kunlarda ular har doimgidan-da ko‘proq ishlashmoqda.

Keyingi vazifa

Shahrisabzning ulkan salohiyatini kashf qilishga doir ishlar bundan keyin ham olib boriladi. Millionlab odamlar bu ajoyib shaharda qanchadan-qancha "javohirlar" yashirin ekanini bilishmaydi. Bizning keyingi vazifamiz ularni shularndan xabardor qilishga ko‘maklashishdan iborat.

Mavzuga oid