Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda 2018 yil oxirigacha sport inshootlari uchun 30 mlrd so‘mlik inventarlar sotib olinadi
O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 5 martdagi PF-5368-sonli «Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishda xalqaro standartlarga javob beradigan sifatli mahalliy sport asbob-uskunalari va inventarlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish xamda qo‘llab-quvvatlash vazifalari belgilangan.

Shunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan sport jihozlari va inventarlarni xarid qilishda shaffof tizimni yaratish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ular orasidagi eng ilg‘or sifat ko‘rsatkichlarini o‘rganish maqsadida 7 sentabr kuni Toshkent shahridagi Taekvondo WTF assotsiatsiyasining sport zalida ko‘rgazma tashkil qilindi.
Ko‘rgazmada O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev ishtirok etdi. Tadbirda 15 ga yaqin mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘zlari ishlab chiqargan 90 dan ortiq turdagi mahsulotlari bilan ishtirok etishdi.

Tadbirda ta'kidlanishicha, joriy yilda respublikamizdagi sport inshootlari uchun Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari xisobidan 90 turdagi 30 mlrd. so‘mlik sport jihozlari va inventarlarini xarid qilish rejalashtirilmoqda. Ularning barchasi mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalardan sotib olinib, g‘oliblarni aniqlashda shaffof va adolatli tizim yo‘lga qo‘yiladi.
Ko‘rgazmada mahalliy ishlab chiqaruvchilar, sport sohasi vakillari va barcha qiziquvchilar ishtirok etishdi.

