«Arsenal» o‘rniga «Paxtakor». Xitoy esa London o‘rnini egallaydi. Shunday qilib, asli o‘zbekistonlik Alisher Usmonov devesternizatsiya jarayoniga qo‘l urayotganiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Bugun, 9 sentabr kuni Toshkentdagi hovlisida tavallud ayyomini nishonlayotgan Rossiya fuqarosi nega g‘arbdan yuz o‘girib, sharq tomon yuzlanmoqda?
«Arsenal»dagi ulushini sotib, asli tug‘ilib o‘sgan vatanidagi «Paxtakor» futbol jamoasiga sarmoya kiritayotgan Usmonov Xitoyning Alibaba kompaniyasi bilan hamkorlik qilishni ham o‘ylamoqda. Uning boshqaruvida bo‘lgan «Megafon» kompaniyasi esa Londonda delisting o‘tkazishga urinmoqda. G‘arbning yetakchi ijtimoiy tarmoqlariga emas, balki milliy raqamlashtirish platformalariga yo‘naltirilayotgan pullar Usmonovning devestrenizatsiyaga roziligini bildiradi. Devesternizatsiya - g‘arbdan yuz burish va bu jarayonga boshqacha nom berishning imkoni ham yo‘q, ammo u nega bunday qarorga keldi?
G‘arbda nima gap?
Senator Jon Nili Kennedi AQSh Senatining bank ishi qo‘mitasida tashkil etilgan eshituvda «Rossiya iqtisodiyotini qanday qilib tiz cho‘ktirish mumkin?», deya hamkasblariga savol nazari bilan qaragandi. Bu haqda xabar tarqatgan Bloomberg nashriga ko‘ra, senator Kennedi amerikaliklar istagan siyosatni ochiqroq aytishga jazm etgan. U sanksiyalar faqat Vladimir Putin hokimiyatini kuchsizlantirishga emas, aynan rus iqtisodiyotiga zarba berish kerakligini biladi, bundan avval Rossiya hukumatini tanqid qilgan marhum senator Jon Makkeyn esa bunday deyishga kuch topolmagandi. Demak, masala kundek ravshan: Putin hokimiyatiga zarba berish uchun prezident tayanadigan kuch, ayniqsa uning atrofidagi milliarderlar faoliyatiga zarar yetishi lozim. Buni qanday amalga oshirish haqida avval ham aytgandik.












