O‘zbekiston | 21:20 / 14.09.2018
151248
6 daqiqa o‘qiladi

Un va nonga davlat tomonidan belgilangan narxlar bekor bo‘lmoqda: endi narxlarni bozor belgilaydi

Non — rizq-ro‘zimiz. Xalqimiz dasturxonidagi asosiy ne'mat ham non va non mahsulotlari hisoblanadi. Ana shular e'tiboridan, uzoq yillardan buyon mamlakatimizda g‘alla mustaqilligiga erishish, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari manfaatlari ko‘zlangan qator chora-tadbirlar qo‘llanib kelinmoqda.

Ayni paytda sobiq ittifoq  davlatlari ichida non va unga eng arzon narx aynan O‘zbekistonda bo‘lib turibdi.

Lekin bundan g‘alla yetishtirayotgan fermer xo‘jaliklari hamda un ishlab chiqaruvchi va non yopuvchi korxonalar ham manfaatdormi? Aslo! Ular ulkan ziyon bilan ishlashmoqda.

2017 yilda fermerlardan g‘allaning tonnasi 550 ming so‘mga xarid qilingan, holbuki bozorda g‘allaning bir tonnasi 1 mln 600 – 1 mln 800 ming so‘mga sotilgan.

2014 yildan buyon qolipli nonga bo‘lgan narxning bir maromda saqlab kelinayotgani oqibatida «O‘zdonmahsulot» AK tasarrufidagi korxonalarning zarari 489 milliard so‘mni tashkil etgan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, unga belgilangan ulgurji narx (1120 so‘m/kg) va qolipli nonga chakana narx (650 so‘m/dona) saqlanib qolinadigan bo‘lsa «O‘zdonmahsulot» AK korxonalarining zarari 2018 yakunlariga ko‘ra 868 milliard so‘mni tashkil etadi.

Boz ustiga soha korxonalarining 2018 yil 1 iyun holatiga nisbatan qarzlari 2,7 trillion so‘mdan oshib ketgan.

Davlatning narxlarni past darajada ushlab turishga bo‘lgan sa'y-harakatlariga qaramasdan haqiqiy bozor narxlari tasdiqlangan narxlardan balandroq bo‘lib turibdi.

Masalan, respublika bozorlarida 1 navli mahalliy unning kilosi 1400-1600 so‘mga sotilmoqda. Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan unning kilosi 2400-2600 so‘m. Bu holda unning tasdiqlangan bahosi 1120 so‘m/kg. Do‘konlarning rastalarida davlat tomonidan tasdiqlangan narxdagi un deyarli sotilmayapti.

Qolipli nonning 1 donasi uchun narx 650 so‘m qilib belgilangan esa-da, ko‘plab hududlarda non 700 so‘mdan (Buxoro, Qarshi, Navoiy, Samarqand) 1000 so‘mgacha (Jizzax, Namangan, Termiz, Farg‘ona) sotilmoqda.

Kun.uz o‘tgan yili dekabr oyida Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumani markazidagi dehqon bozorida qolipli non 1250 so‘mdan sotilayotgani mavzusini muhokama qilgan edi.

Shunday qilib, un va qolipli non uchun baho aksariyat hollarda bozor narxlarida shakllanmoqda, belgilangan va bozor narxi o‘rtasidagi farq esa ayrim «ishbilarmonlar»ning cho‘ntagini qappaytirmoqda.

2017 yil yakunlariga ko‘ra un va non-bo‘lka mahsulotlari (makaron, pechene, shirinliklar va h.k.) ning iste'moli hajmi aholi jon boshiga 178 kg yoki 5,8 million tonnani tashkil etgan.

Ushbu hajmning faqat 1,4 million tonnasi yoki 25 foizi «O‘zdonmahsulot» AK korxonalari tomonidan belgilangan narxlarda ishlab chiqarilgan. Qolgan qismi (1,9 million tonnasi yoxud 32 foizi) xususiy tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan bozor narxlarida ishlab chiqarilgan va realizatsiya qilingan. Yana 2,5 million tonnasi yoki 43 foizi import qilingan.

Umuman, qayd etmoq kerakki, ochiq bozor iqtisodiyoti (un va nonga bo‘lgan iste'mol talabining bir qismi mahsulotni import qilish evaziga qoplanadi, qolipli non ishlab chiqarish xususiy tadbirkorlar tomonidan amalga oshiriladi, bozorda un va nonning narxi talab va taklif asosida o‘rnatiladi) sharoitida narxlarning davlat tomonidan tartibga solinishi samarasiz hisoblanadi. Bu davlat mablag‘larining o‘zlashtirilishiga olib keladi va korrupsiya uchun sharoit hozirlaydi.

MDH davlatlarida un va qolipli non narxlarining

SOLIShTIRMA JADVALI
                                                                                                                                                                          (2018 yil 1 iyun holatiga)


Bundan tashqari, narxlarni tartibga solish sharoitida aholining barcha qatlamlari: ta'minlanganlar ham, kam ta'minlanganlar ham past narxlarning benifitsiarlari bo‘lishadi va aholining ijtimoiy himoya qilishning yo‘nalganligi yo‘qoladi, davlat mablag‘laridan samarasiz foydalanish yuzaga chiqadi.

Mana shular inobatga olinib, hamda davlat mablag‘laridan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish va ularning o‘g‘irlanishining oldini olish maqsadida un va non narxining davlat tomonidan tartibga solinishini bekor qilish taklif qilinmoqda.

Bu holatda aholining kam ta'minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga un va non xarid qilishlaridagi qo‘shimcha xarajatlarni qoplash uchun manzilli subsidiyalar ajratish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Qayd etmoq joizki, un va nonga davlat tomonidan belgilangan narxlarning bekor qilinishi oqibatida ularning bozor narxlari oshishi kutilmayapti, chunki ular talab va taklif asosida allaqachon shakllanib bo‘lgan.

Mavzuga oid