19:17 / 15.09.2018
15468

Meyvezer dekabrda Pakyao bilan revansh jangi o‘tkazishini ma'lum qildi

Foto: Getty Images

Amerikalik bokschi Floyd Meyvezer shu yilning dekabrida filippinlik Menni Pakyao bilan revansh jangini o‘tkazadi. U bu haqda Instagram’da ma'lum qildi.

Amerikalik bokschi 2017 yilning 26 avgustida aralash uslub jangchisi Konor Makgregor ustidan g‘alaba qozonganidan so‘ng faoliyatini yakunlaganini e'lon qilgandi. Meyvezerga ringga qaytishni taklif qilishgan, ammo u rad javobini bergandi.  

"Men Pakyao uchun ringga qaytaman, - deb yozdi u. –To‘qqiz xonali sondan iborat yana bir shartnoma".

 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 

A post shared by Floyd Mayweather (@floydmayweather) on

Meyvezer va Pakyao o‘rtasidagi birinchi jang 2015 yilning 2 may kuni Las-Vegasda bo‘lib o‘tgandi. O‘rtaga Meyvezerga tegishli WBC va WBA kamarlari hamda Pakyaoga tegishli WBO kamari qo‘yilgandi. Ushbu jangda g‘alaba qozongan Meyvezer boks tarixidagi rekord gonorar - 210 million dollarni qo‘lga kiritgan, Pakyao esa faoliyati davomidagi eng katta gonorar - 140 million dollarga ega bo‘lgandi.

Meyvezer hech qachon mag‘lubiyatga uchramagan bokschi hisoblanadi, u professional ringda o‘tkazgan 50ta jangning barchasida g‘alaba qozongan (27 nokaut). U faoliyati davomida WBC, WBA, WBO va IBF chempioni bo‘lgan, Ring jurnali talqiniga ko‘ra olti marta vazn toifasidan qat'i nazar eng yaxshi bokschi deb topilgan.

Pakyao sakkizta vazn toifasida jahon chempionligini qo‘lga kiritgan. Filippinlik bokschi vazn toifasidan qat'i nazar dunyoning eng kuchli bokschilaridan biri hisoblanadi, u faoliyati davomida 69 jang o‘tkazib, 60tasida g‘alaba qozongan (39 nokaut), yettitasida mag‘lub bo‘lgan va ikki marta durangga erishgan. Menni 2016 yilda Filippin kongressmenligiga saylanganidan so‘ng faoliyatini yakunlaganini e'lon qilgandi. Ammo yarim yildan so‘ng ringga qaytib, amerikalik Jyessi Vargasni yengdi va yarim o‘rta vaznda WBO kamarini qo‘lga kiritdi.

So‘ngra esa avstraliyalik Jyeff Xorndan mag‘lubiyatga uchradi. Filippinlik bokschi so‘nggi jangini shu yilning 15 iyulida o‘tkazgan bo‘lib, argentinalik Lukas Matisseni texnik nokautga uchratdi va WBA kamarini qo‘lga kiritdi.

Mavzuga oid
Top