Jahon | 21:25 / 18.09.2018
12355
3 daqiqa o‘qiladi

Avstraliyada qulupnay ichida ignalar topilmoqda

Foto: EPA

9 sentabrdan Avstraliyada bir nechta mevalar partiyasidagi qulupnay hosili ichida igna topila boshlandi. Bunday ilk holatlar Kvinslend shtatida qayd qilingan: bu yerda qulupnay yegandan keyin shifoxonaga tushib qolgan mahalliy fuqarodan shikoyat olingan. U do‘stlari bilan boshqa qulupnaylarni tekshirib, ularning biridan yana bitta igna topgan.

Ignalar bilan bog‘liq yana ikkita hodisa haqida 17 sentabrda ma'lum bo‘lgan. Viktoriya va Janubiy Yangi Uels shtatlaridagi supermarketlarda qulupnay tekshirilganda undan igna aniqlangan. Avstraliyaliklar ijtimoiy tarmoqlarda qulupnayni iste'mol qilishdan oldin uni kesib ko‘rishni yoki ignalar og‘iz, tomoq va ichki a'zolarga shikast yetkazmasligi uchun undan pyure tayyorlashni tavsiya qilishmoqda.   

Politsiya ushbu holat yuzasidan tergov boshlab, butun Avstraliyadan 7 ta ishlab chiqaruvchi gumon ostiga tushayotganini aniqlagan. Bu kompaniyalar mamlakatning aksariyat do‘konlariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib beradi va shu sababli barcha 6 ta shtatga ogohlantirish yuborilgan.

Kvinslend ma'muriyati qulupnaylarga igna tiqib qo‘yilishi haqida biror axborot berganlik uchun 100 ming Avstraliya dollari (72 ming dollar) to‘lashga va'da bergan.

Politsiyaning fikricha, ignalar qulupnaylarga nafaqat birlamchi jinoyatchilar, balki ularga taqlid qilayotganlar tomonidan ham tiqib qo‘yilmoqda. Mahalliy aholi qulupnayni yuvayotganda undan o‘tkir tig‘li buyumlar topilgani bilan bog‘liq bir necha hodisani ma'lum qilgan. Ba'zilar esa bunday buyumlarni banan va olmalarda aniqlashgan. Shu sababli deyarli barcha mevalarni yeyishdan oldin kesib ko‘rish tavsiya qilinmoqda.

Mamlakatdagi aksariyat do‘konlar qulupnay sotishdan bosh tortmoqda. Avstraliyaning qulupnay yetishtiruvchilari uyushmasi mahsulotlarni tekshirish choralari kuchaytirilgani, jumladan ignalarni aniqlash uchun metall qidirgichlar o‘rnatayotganini ma'lum qilgan. 

Tergov quyidagi taxminni bildirmoqda: fermerlardan biri shaxsiy sabablarga ko‘ra bir nechta qulupnay partiyasida ignalar yashirib qo‘ygan. Bu qulupnay esa mamlakatning istalgan shahriga yetkazilgan bo‘lishi mumkin. Hozircha ushbu holat yuzasidan birorta gumonlanuvchi ma'lum qilinmagan. Ta'kidlanishicha, jinoyatchiga ushbu qilmishi uchun 10 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin.

Mavzuga oid