Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Muhammad Saloh: «Joze Mourino «Chelsi»da menga ishonmagan edi»
«Liverpul» hujumchisi Muhammad Saloh 2014 yilda «Chelsi»da to‘p surgan vaqtini yodga olib, ushbu klubda o‘ynab keta olmagani sababini tushuntirdi.
«Menga «Chelsi»da juda kam imkoniyat berilgan edi. Bu klub safida bor-yo‘g‘i 10 ta o‘yinda maydonga tushdim. Bosh murabbiyning qaroriga hurmat bilan yondashganman, shunday bo‘lsa-da unga ko‘nish qiyin bo‘lgandi. Shu boisdan ham ketganman.
Doimiy ravishda maydonga tushishni istagandim. Sababi – futbol men uchun ehtiros manbayi. Mourino bilan munosabatlarimiz yaxshi edi, ammo menga muntazam o‘yin amaliyoti zarur edi», - degan Salohning so‘zlarini keltirib o‘tdi Tribalfootball.
Eslatib o‘tamiz, «Chelsi» ushbu hujumchini 2014 yil yanvarida «Bazel» klubidan 11 million funtga xarid qilgan edi. «Ko‘klar» tarixidagi ilk misrlik o‘yinchi 2015 yil fevralida «Fiorentina»ga ijaraga berildi. Oradagi bir yillik vaqt davomida Saloh London jamoasining barcha musobaqalardagi 19 o‘yinida maydonga tushib, 2 ta gol urgan. Saloh 10 ta o‘yin deganda Premer-liga 2013/14 yillar mavsumidagi uchrashuvlari sonini nazarda tutgan.