Jamiyat | 11:00 / 19.09.2018
23655
4 daqiqa o‘qiladi

Rauf Parfi O‘zturk xotirasiga bag‘ishlangan kecha qoldirildi

Rauf Parfi tavalludining 75 yilligi munosabati bilan «Turkiy dunyoning g‘olib xayoli» deb nomlangan xotira kechasi tadbir sanasiga bir hafta qolganida bekor qilindi. Bu haqda «Kun.uz»ga tadbir tashkilotchilari ma'lum qilishdi.

Ushbu xotira kechasi 25 sentabr kuni soat 15:00da Toshkent shahri, Navoiy shoh ko‘chasida joylashgan Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxonada o‘tkazilishi rejalashtirilgandi.

Tadbir davomida Rauf Parfi she'rlari asosida tayyorlangan sahna asari hamda kitoblar ko‘rgazmasi namoyishi o‘tkazilishi ko‘zda tutilgandi.

«Kun.uz» manbasining ma'lum qilishicha, 24-25 sentabr kunlari Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyat axborot-kutubxona markazlarida «Bolalar kitobi» festivali o‘tkazishi munosabati bilan Rauf Parfining yubileyi hamkor tashkilotlar bilan keng miqyosda o‘tkazilishi uchun boshqa muddatga qoldirilgan.

Rauf Parfi o‘zbek adabiyotining eng yorqin vakillaridan bo‘lib, uning lirikasi bir necha avlod xotirasiga muhrlangan. «Karvon yo‘li», «Aks-sado», «Tasvir», «Xotirot», «Ko‘zlar», «Qaytish», «Sabr daraxti», «Sukunat», «Tavba», «So‘nggi vido» kabi she'riy to‘plamlari nashr etilgan shoir 2005 yilning martida 62 yoshida Toshkentda vafot etgan.

Abdullajon marsiyasi

Qushlar, qushlar qator-qator,
Qushlar, uyga qaytingiz.
Abdullajon qaytmas zinhor,
Yor-do‘stlarga aytingiz.

O‘ynar bo‘ron, o‘ynar bo‘ron,
O‘ynar mening boshimda.
Endi yo‘qdir Abdullajon
Yigirma besh yoshida.

Yo‘llar uzun, yo‘llar uzun,
Kunlar ham ko‘p cho‘zildi.
Qonli yoshlar to‘kdi ko‘zim,
Jigar-bag‘rim ezildi.

Poyezd chopar, poyezd chopar,
Poyezd chopar Sibirdan.
Abdullajon jonsiz yotar,
Qarorgohi temirdan.

Bo‘zlar osmon, bo‘zlar osmon
Bo‘zlab bersa bo‘z to‘rg‘ay.
Ko‘zlarini Abdullajon
Bir dam ochsa na bo‘lg‘ay.

Nafas olmay ul uxlaydi,
Ko‘kragida o‘ng qo‘li.
Yer yig‘laydi, el yig‘laydi,
Yig‘lar o‘zi ham o‘lim.

* * *

Xato qildim, sevgilim

Xato qildim, sevgilim,
Xato qildim beomon.
Yo‘q endi borar yo‘lim,
Bog‘imda so‘ldi gulim,
Bag‘riga to‘ldi xazon.
Xato qildim, sevgilim,
Xato qildim bilmasdan,
Qani yutilsa tilim,
Qaltirab turar qo‘lim
Jigarimni yulmasdan.
Xato qildim, sevgilim,
Xato qildim bilmasdan,
Men suyib xato qildim,
Men kuyib xato qildim,
O‘lib xato qilmasman... 
Xato qildim, sevgilim...

* * *

Laylo

Balki o‘chgan edim yodingdan,
Shirin xayolingni buzdimmi?
Laylo, Laylo, sening yoningda
Yaproq kabi ko‘rdim o‘zimni,
Shirin xayolingni buzdimmi?

Seni o‘ylab kelmaydir uyqu -
Qora tunning o‘zga sehri bor.
Tushlarimda topay deb gulro‘
Man uxlarman mangu ehtimol.
Go‘zal tushlar tilayman, Laylo...

Yana paydo bo‘lding yo‘limda,
Yana yo‘llaringda bo‘zladim.
Bechora qalb sening qo‘lingda,
Ko‘zlaringda mening ko‘zlarim.
Nechun paydo bo‘lding yo‘limda?..

Mavzuga oid